Tinchlik yoʻlidagi jasorat hech qachon unutilmaydi

10.05.2021, 12:38

Tinchlik yoʻlidagi jasorat hech qachon unutilmaydi

Vatan ozodligi, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok boʻlgan ota-bobolarimizni muqaddas xotirasini yod etib, bugungi kunda el ardogʻida umrguzaronlik qilayotgan keksalarga alohida hurmat-eʼtibor koʻrsatish yurtimizda ezgu anʼanaga aylangan.

Masalan, olovli janggohlardan omon qaytgan, ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan faxriylarimizga yuksak ehtirom, mehr-oqibat koʻrsatish davlatimizning hamisha eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Chunki ulugʻ va tabarruk yoshlarga yetib, bugun oramizda sogʻ-salomat, duogoʻy boʻlib yurgan nuroniylarimizni har qancha eʼzozlasak, shuncha kam.

Xotira — abadiy, qadr — muqaddas

Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayot. Ayniqsa, oʻtganlarning xayrli ishlarini yodga olmoq, qadrlamoq biz uchun ham farz, ham qarzdir. Har yili mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kunini munosib nishonlashdan koʻzlagan bosh maqsad ham Vatan himoyachilarini xotirlash, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdan iborat desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Inchinun, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi haqiqiy jasorat va fidoyilik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortigʻi qahramonlarcha halok boʻldi. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qaygʻu va hasrat mujassam.

Shularni oʻylasak, oʻz-oʻzidan bugungi saodatli kunlarga osonlikcha erishilmaganini anglaymiz. Sababi bu urush ming-minglab ayollarni umr yoʻldoshidan, millionlab bolalarni ota-onasidan ayirdi. Shu bois, mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan bu urush insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlganini hech kim unutmaydi. Fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba naqadar qimmatga tushganini yurtimizda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi odam yaxshi anglaydi va qalbidan oʻtkazadi.

Mubolagʻasiz aytish mumkinki, Oʻzbekiston xalqi ana shunday ogʻir talafotlar koʻrib, buyuk Gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshdi. Bu haqiqatni 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Zero, insoniyat taqdiri va kelajagi hal boʻlayotgan oʻsha suronli yillarda Oʻzbekiston frontning mustahkam taʼminot bazasi boʻlib xizmat qildi. Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi.

Mehmondoʻst xalqimiz urushdan jabr koʻrib respublikamizga koʻchirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ham ular bilan baham koʻrganini, ularga nafaqat boshpana berganini, balki oʻz qalbini ochib, mehr-muruvvat koʻrsatganini unutib boʻladimi?! Shu sababli xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-ehtiromga sazovor boʻldi.

2 millionga yaqin vatandoshlarimizning roʻyxati toʻliq shakllantiriladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqini tinglab, mamlakatimizda olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, mashaqqatli sinovlarda oʻzligini yoʻqotmagan ajdodlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish tom maʼnoda, milliy anʼanaga aylanganiga yana bir bor amin boʻldik.

Nuqtda davlatimiz rahbari hozirgi kunda mamlakatimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixi yangi maʼlumot va dalillar, noyob hujjatlar bilan boyib borayotganini, mavzuga oid yangi-yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va albomlar, koʻplab kartina va haykallar yaratilayotganini taʼkidladi. Taʼlim maskanlari va mahalla idoralarida ushbu yoʻnalishda tashkil etilgan stend va koʻrgazmalarda jangchi ota-bobolarimizning oʻlmas siymolari, ular haqidagi muhim tarixiy maʼlumotlar aks ettirilayotgani aytib, bu ishlarni yana-da keng koʻlamda, faol davom ettirish zarurligini bildirdi.

Nega deganda buyuk gʻalabani qoʻlga kiritishda mardlik va jasorat koʻrsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni xotirasini yod etish, ularning Vatan tinchligi, yurt obodligi yoʻlida koʻrsatgan xizmatlarini yosh avlod vakillariga yetkazish bugun har qachongidan ham muhimroq. Chunki yillar oʻtadi, zamonlar oʻtadi, lekin Vatan ozodligi va erkinligi, el-yurtimizning tinch va osuda hayotini himoya qilishda kurashib jon bergan oʻgʻlonlarining nomlari va xotirasi xalqimiz yodida umrbod, abadiy saqlanadi.

Yana bir muhim jihat, bugun ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimiz safi tobora qisqarib boryapti. Demak, beshafqat urushda qatnashgan, front ortida oʻzini ayamasdan mehnat qilgan faxriylarimizning qadriga yetib, holidan xabar olishimiz, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatishimiz va bu ezgu ishlarni yosh avlod ongi va qalbiga chuqurroq singdirib borishimiz lozim. Shubhasiz, ularning yurt tinchligi uchun qilgan jasorati yosh oʻgʻil-qizlarimiz uchun Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat, sabr-matonat timsoli boʻlib xizmat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi esa oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixini, ona xalqimizning qahramonligini yaxlit aks ettirgani bilan alohida ahamiyatga egadir. Boisi oʻtgan qisqa davrda, karantin sharoitiga qaramasdan, Gʻalaba bogʻiga 350 mingga yaqin yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar tashrif buyurdi. Ularning orasida oʻquvchi va talaba yoshlar bilan birga, Hamdoʻstlik davlatlari va boshqa chet el fuqarolari, yuqori martabali xorijiy delegatsiyalar aʼzolari borligi diqqatga sazovordir.

Hozirgi kunda Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasini harbiy tariximiz, urush va mehnat fronti qatnashchilari jasoratini oʻrganish boʻyicha ilmiy markazga aylantirish harakati boshlanib, majmuaning elektron platformasi, onlayn dasturlar yaratilib, ularning faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan 2 millionga yaqin vatandoshlarimizning toʻliq roʻyxatini shakllantirish va shu asosda “Vatan fidoyilari” xotira kitobini tayyorlash ishlari olib borilayotgani esa yangi Oʻzbekistonda urush qatnashchilari xotirasini abadiylashtirishga qaratilayotgan eʼtibor koʻlami yana-da kengayishidan dalolat beradi.

Dunyoda bayramlar koʻp, marosimlar bisyor, ammo inson qadrini eʼzozlaydigan shodiyonani hamma joyda ham uchratmaysiz. Shu jihatdan mamlakatimizda urush va mehnat faxriylarining izzat-hurmatini joyiga qoʻyish, ularni qadrlash, eʼzozlash, holidan xabar olishdek ezgu ishlar kelgusida ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. Bundan buyon OʻzLiDeP va uning deputatlik korpusi faxriylar bilan tez-tez uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topadi, tibbiy, maishiy sharoitlarini yana-da yaxshilashga alohida eʼtibor qaratadi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ularning ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun azaliy qadriyatdir. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, qahramon otalaridan oʻrnak va namuna olib, ular bilan doimo faxrlanib yashaydigan xalq hech qachon kam boʻlmaydi va oʻzining ezgu maqsadlariga albatta yetadi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    749
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+