Hunarmandchilikda Furqat tumani maktabi yaratilmoqda

19.05.2021, 09:22

Hunarmandchilikda Furqat tumani maktabi yaratilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov tadbirkorlik subyektlari, fermer xoʻjaliklari va tomorqa egalarining faoliyati bilan tanishish, ularga amaliy koʻmak berish maqsadida Fargʻona viloyatida boʻlib turibdi.

Spiker oʻrinbosari Furqat tumanidagi «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasi usta naqqoshi, Oʻzbekiston Xalq ustasi Muhamadali Yunusov ustaxonasida qoʻl mehnatiga asoslangan mahsulot tayyorlash jarayoni, hunarmandchilik namunalarini koʻzdan kechirdi.

Xalq ustasi tomonidan milliy yogʻoch oʻymakorligi sanʼatini tiklash va avlodlarga yetkazish maqsadida “ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ustaning yuzdan ziyod shogirdlari milliy yogʻoch oʻymakorligi hunarini miridan-sirigacha oʻrganib, hunarimiz bilan bogʻliq har ishning ustasi sifatida mustaqil faoliyat yuritishyapti.

– Hunarmandchilikda Samarqand, Xorazm, Toshkent va Qoʻqon maktabi bor edi. Yaʼni uslubi jihatida bu maktablarning hunarmandchilik ishlari ajralib turardi. Bugun hech shubhasiz aytamanki, Furqat tumani maktabi ham yaratilmoqda. Boisi Prezidentimiz tashabbusi bilan tumanimizda yangi hunarmandchilik maktabi yaratilmoqda. Bu maskan tez fursatlarda ishga tushadi. Bu yerda ming nafardan ziyod yosh hunarmandlar kamol topadi, – deydi usta hunarmand M.Yunusov.

Aktam Xaitov usta bilan suhbatlasharkan, bugungi kunda barcha soha va tarmoqlar qatori hunarmandchilik yoʻnalishida ham olib borilayotgan islohotlar zamirida qadri ketmas qadriyatlarimizni tiklash, yoshlarni hunarli qilish va ularni ish bilan taʼminlash kabi vazifalar ustuvor ekanligiga alohida urgʻu berildi.

Shohsulton Toʻxtamatov,

OʻzLiDeP Fargʻona viloyati

Kengashi matbuot kotibi.

  • Ko'rildi
    1089
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+