Sog‘liqni saqlash sohasida muhim yo‘nalishlar belgilab berildi

19.05.2021, 16:30

Sog‘liqni saqlash sohasida muhim yo‘nalishlar belgilab berildi

Inson hayoti uchun tinchlik va sog‘likdan bebaho ne’mat bo‘lmasa kerak. Negaki, tinchlik bo‘lsa, xotirjamlik, rivojlanish, bunyodkorlik, obodlik bo‘ladi, salomatlik mustahkam bo‘lsa, barcha ne’matlarga mehnat va omad bilan erishish mumkin. Shuning uchun ham har ikki yo‘nalish davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim negizlari etib belgilangan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 18 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi kun tartibiga qo‘yilgani ham ayni asos tufaylidir.

O’tgan davr mobaynida mazkur soha O’zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich takomillashtirib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan tadbirlar zamirida esa tabiiyki, qonuniy me’yorlar mavjud. Xususan, so‘nggi bir yilda tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu yil sohaga budjetdan 21 trillion so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi. Bu degani imkoniyatlarni suist’emol qilmay, samarali foydalanish, sohaga yangi innovatsiyalarni, tashabbuslarni tatbiq etish deganidir. Ammo tan olib aytish joizki, tizimda hanuzgacha samaradorlik va aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha muammolar saqlanib qolmoqda. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan joylarda o‘tkazilgan so‘rovlarda bor-yo‘g‘i 13 foiz aholi tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarishlarni sezayotgani aytilgani afsus bilan ta’kidlangani bejiz emas. Demak, xalq hamon tibbiyotdagi islohotlarni hayotida to‘la sezmayapti!

Shuning uchun ham yig‘ilishda davlatimiz rahbari ko‘rsatib o‘tgan sohaning 5 ta yo‘nalishidagi vazifalarga yanada jiddiy mas’uliyat bilan yondashish talab etilmoqda. Bular birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish, tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘nalishlaridir.

To‘g‘ri, bugungi kun bizdan yangicha ishlash tizimini talab qilmoqda. Lekin buning uchun hamma joyda ham sharoit namunali emas. Masalan, ayrim tibbiyot muassasalarida kompyuter yetishmaydi. Vaholanki, sohani raqamlashtirish uchun joriy yil budjetdan 28 milliard so‘m ajratilgan, biroq bu boradagi ishlar qoniqarli emas. Davlatimiz tomonidan mazkur muammoga birqadar yechim sifatida viloyat tibbiyot boshqarmalarida raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi hamda barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta operator-hamshira vazifasining joriy etilishi bo‘yicha berilgan topshiriqdan mamnun bo‘ldik. Albatta, bu bilan raqamlashtirish bo‘yicha sohada vujudga kelayotgan va saqlanib qolayotgan ko‘plab muammolar o‘z o‘rnida bartaraf etiladi.

Malohatxon YAQUBOVA,

Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashidagi

O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi.

  • Ko'rildi
    409
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+