O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorligida sezilarli natijalarga erishish muhim

23.05.2021, 11:26

O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorligida sezilarli natijalarga erishish muhim

Albatta, Prezidntimiz Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni videoanjuman shaklida o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etar ekan, bu nufuzli anjumanda O‘zbekiston aniq va sezilarli natijalarga erishishni ko‘zlayotganini ta’kidladi. Haqiqatda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligimiz qanday samara berayotgani har bir kishini qiziqtirishi tabiiy. Shu jihatdan olganda o‘tgan davrda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va uni amalga oshirish bo‘yicha uch yillik Chora-tadbirlar rejasi imzolanganini aytib o‘tish o‘rinlidir. Bundan tashqari mamlakatimiz vakillari YeOIIning ko‘p tomonlama tadbirlarida ishtirok etayotgani, xususan, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida birlashmaning Sanoat siyosati bo‘yicha kengashi yig‘ilishi va xalqaro “Innoprom” ko‘rgazmasi o‘tkazilgani ham bunga aniq misol bo‘la oladi.

Bu galgi yig‘ilishda davlatimiz rahbari o‘z nutq so‘zlar ekan, hal etilishi o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni talab etuvchi eng muhim vazifalarga alohida to‘xtaldi. Bu borada savdo munosabatlarini, shu jumladan to‘siqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi, mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlarning sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga egaligini aytib o‘tdi.

Prezidentimiz transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida o‘zaro imtiyozlarni kengaytirish, epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi va aholini emlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi muntazam havo va temir yo‘l qatnovini qayta tiklash taklifini ham ilgari surdi.

Muhimi shundaki, bu Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston manfaatlari uchun muhim bo‘lgan masalalar ko‘tarilgani va bu masalalar kelgusida mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    368
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+