O‘zbekiston va YeOII: hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari

23.05.2021, 11:33

O‘zbekiston va YeOII: hamkorlikning  istiqbolli yo‘nalishlari

Ma’lumki, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, erishilayotgan natijalar va oldimizda turgan ustuvor vazifalar chuqur tahlil etilgandi.

 Xususan, mamlakatimizning tashqi siyosatini rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham urg‘u berilgandi. Jumladan, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgani, ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlarini ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etilgandi.

Yevroosiyo iqtisodiy kengashi (YeOII) mamlakatlari geografik joylashuvi va tarixiy aloqalar nuqtai nazardan O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli savdo sheriklari hisoblanadi. Shu sababli keyingi yillarda respublikamizda mazkur tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada faollashdi.

Shubhasiz, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati oshayotganligi, mamlakatimiz tashqi savdo-investitsion munosabatlarda faol ishtirokchiga aylanib, mintaqada muhim rol o‘ynab kelayotganligi o‘zaro ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning faollashishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bugungi kunda ham mamlakatimiz vakillari YeOIIning ko‘p tomonlama tadbirlarida ishtirok etmoqda. Masalan, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida birlashmaning Sanoat siyosati bo‘yicha kengashi yig‘ilishi va xalqaro “Innoprom” ko‘rgazmasi o‘tkazilgani xalqaro iqtisodiy aloqalar tizimida mamlakatimizning o‘rni va roli oshib borayotganidan dalolatir.

Joriy yil 21 may kuni videoanjuman shaklida o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, unda nutq so‘zlashi chindanda tarixiy voqea bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida hal etilishini talab etuvchi eng muhim vazifalarga alohida to‘xtaldi. Xususan, savdo munosabatlarini rivojlantirish, shu jumladan to‘siqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini bildirdi.

Mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlarning sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega ekanini aytib, transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida o‘zaro imtiyozlarni kengaytirish lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi va aholini emlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi muntazam havo va temir yo‘l qatnovini qayta tiklash taklif etildi.

Sir emas, oxirgi yillarda mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotni modernizatsiyalash, investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va nou-xaularni joriy qilishga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda. Bu jarayonda mamlakatimizning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikda aniq va sezilarli natijalarga erishishi nihoyatda muhimdir.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi sezilarli faollashishi bizning boshqa davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarimizga ta’sir qilmaydi. Aksincha, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadini ko‘zlaydigan tashabbuslar milliy manfaatlarni hisobga olgan holda, xalqlarni birlashtirishga ko‘maklashadi, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltiradi.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi 

  • Ko'rildi
    315
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+