Aholi farovonligi yo‘lidagi ulug‘vor maqsadlar ijrosi barchamizdan yakdillik va faollik talab etadi

31.05.2021, 12:16

Aholi farovonligi yo‘lidagi ulug‘vor maqsadlar ijrosi barchamizdan yakdillik va faollik talab etadi

Uysizlik,ijarama-ijara, sarson bo‘lib yashash azobini boshidan kechirgan yaxshi biladi.Uy egasining qosh-qovog‘iga qarab yashash oson emas. Agar inson o‘z uyiga ega bo‘lsa, hayotda katta maqsadlar bilan yashaydi, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘ladi. Vatanli bo‘lish baxti esa insonga o‘zgacha ruhiyat baxsh etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev vazifasiga kirishgan ilk pallalardanoq odamlarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rib, shahar va qishloqlarni yangilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratishga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Bugun qurilish ishlari nafaqat azim poytaxtimizda, balki hududlarda ham jadal tus oldi. Oxirgi uch yilda 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshgani buning amaliy ifodasidir.

Ammo yangi uylar, zamonaviy massivlar ko‘payishi bilan ularga xizmat ko‘rsatishning dolzarbligi ham ortib borishi sir emas. Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ko‘p qavatli uylarda yashovchi 35 foiz fuqarolar ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozi ekanini, 65 foizi shirkatlar ishini amalda sezmayotganini bildirgan. Nazarimda, bu uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida mablag‘larni samarasiz ishlatilayotgani, budjet mablag‘lari talon-toroj qilinayotgani tufaylidir.

Ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan joriy yilning 28 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi muammolar tahlil qilinib, uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq, maqsadli vazifalar belgilab berildi.

456 ta avariya holatidagi uylar ta’mirlanadi

Ko‘p hollarda, shirkatlardagi qarzdorlik xizmatlar narxidagi nomutanosiblik tufayli kelib chiqishini yaxshi bilamiz. Shu sababli endi uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va me’yorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi. Bu borada hududiy kommunal xizmat boshqarmasi tarif parametrlarini bandma-band asoslab, qiladigan ishlari va ko‘rsatadigan xizmatlari bo‘yicha rejalarini taqdimot qiladi.

Ko‘p kvartirali uylarda yashovchi yurtdoshlarimiz tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga uy-joy mulkdorlari shirkatlarining xizmat ko‘rsatish faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, hisob-kitoblarning shaffof emasligi haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Joriy yilda avariya holatidagi 212 ta ikki qavatli uylarni renovatsiya asosida yangidan qurilishi, 456 ta avariya holatidagi ikki qavatli uylarni ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilishi, shuningdek, 2 ming 400 ta ko‘p kvartirali uylar ta’mirlanishi ayni muddao bo‘ldi.

Bu jarayonda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida uylarni ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etilib, uning mablag‘lari teng ulushlarda respublika va mahalliy budjet hisobidan shakllantirilishi yuqorida yuzaga kelayotgan muammolarga barham berishiga aminman. Chunki endilikda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash xarajatlarining 30 foizi mulkdorlar tomonidan, qolgan 70 foizi esa jamg‘arma mablag‘laridan amalga oshiriladi.

 

Ikki mingdan ziyod ko‘p qavatli uylar markaziy

 issiqlik tarmog‘iga ulanadi

Aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishda issiqlik va issiq suv ta’minoti bo‘yicha uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish eng muhim, kechiktirib bo‘lmas vazifa sanaladi.

Tahlillarga ko‘ra, respublikamiz miqyosida jami 37 400 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, shundan 16 394 tasi markazlashgan va individual issiqlik tizimi ta’minoti hamda qolgan 21 006 tasi alternativ usulda, ya’ni qo‘lbola pechlar, golland pechlari, issiq suv kolonkalari, elektr isitgichlar yoki boshqa turdagi loyihasiz isitish tizimidan foydalanib kelmoqda. Respublikadagi mavjud 648 ta qozonxonalardan 495 ta qozonxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 153 tasi nosoz holatda deb topilgan.

Yig‘ilishda issiqlik tizimini modernizatsiya qilish masalalariga e’tibor qaratilarkan, shaharlarimizda 15 mingta ko‘p qavatli uy markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangani, lekin 2 ming kilometr quvurlar yaroqsiz ahvolda bo‘lib, tarmoqdagi yo‘qotishlar o‘rtacha 40 foizni tashkil etayotgani ta’kidlandi. Joriy yil yakuniga qadar 56 ta qozonxona qurish va rekonstruksiya qilish, 205 kilometr tarmoqlarni ta’mirlash orqali 2 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarni markaziy issiqlik tarmog‘iga ulash choralari belgilandi.

Umuman, bugungi kunda ko‘p kvartirali uylarni, ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud qozonxonalarni barqaror ishlashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan. Turar joylarni zamonaviy issiqlik ta’minotiga o‘tkazish, bunga xususiy sektorni keng jalb qilinishi esa eng to‘g‘ri va oqilona yo‘ldir.

Yig‘ilishda bu yil 183 ta yangi uy-joy massivlari qurilayotgani, ularga 185 kilometr ichimlik suvi, 290 kilometr oqava tizimi, 130 kilometr elektr, 110 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari tortilishi aytilib, mutasaddilarga ushbu massivlarni infratuzilma bilan sifatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Osiyo taraqqiyot bankining 50 million dollar krediti hisobidan aholi zich, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan tumanlarda kamida 3 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi esa minglab yurtdoshlarimiz uchun muhim yangilik bo‘ldi.

Subsidiya berish muddati qisqartiriladi

Subsidiyalar — daromadi yuqori bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat budjetidan qaytarib berilmaydigan mablag‘lardir. Bu mablag‘lar faqatgina uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa O’zbekiston fuqarolariga ajratiladi.

Prezidentimizning joriy yil 11 martdagi «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni yillar davomida umid bilan yashayotgan minglab insonlar qalbiga ishonch tuyg‘usini olib kirdi.

Mazkur farmon bilan ipoteka krediti bo‘yicha bir qator imtiyozlar belgilanib, shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Daromadi past, uy-joyga ehtiyojmand bo‘lgan oilalar uchun o‘sha 15 foizlik badal miqdorining 10 foizi davlat tomonidan subsidiya sifatida to‘lab berilishi belgilandi.

Bundan buyon ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni saqlashga majburiy to‘lovlar uchun subsidiya ajratilishi, uy-joyning boshlang‘ich badali uchun subsidiya to‘lash tartibi soddalashtirilib muddati qisqartirilishi ko‘plab oilalar hayotiga quvonch, baxt olib kirdi, desak mubolag‘a emas.

Xulosa qilib aytganda, ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari har doim davlatimiz va hukumatimizning diqqat markazida bo‘ladi. Chunki uy – har bir insonning vatani, xotirjam yashashi uchun makondir. Uyi bor odam kelajakka ishonib, bemalol umrguzaronlik qiladi. Shu jihatdan yig‘ilishda belgilab berilgan aniq vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirilishi barchamizdan yakdillik va faollik talab etadi.

 Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    397
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+