Sohaga xususiy sektorni jalb qilish raqobat va sifatni kuchaytiradi

31.05.2021, 12:18

Sohaga xususiy sektorni jalb qilish raqobat va sifatni kuchaytiradi

Bugun mamlakatimizda shahar va qishloqlarni yangilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli va manzilli tadbirlar tashkil etilib kelinmoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda respublika bo‘yicha umumiy maydoni 41 million kvadrat metr bo‘lgan 155 mingta xonadon foydalanishga topshirildi. Ko‘p qavatli kvartiralar soni 2 barobarga ortdi. Bu esa, xalqimizning uy-joyga bo‘lgan talabi imkon qadar qondirilmoqda, deganidir.

Muhtaram prezidentimiz raisligida joriy yilning 28 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ayni mavzu doirasidagi fikrlar tizimli tahlil etilgani, bu boradagi muammolar o‘rtaga tashlangani hamda ularga yechim izlangani sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishda tizimli ish tashkil qilinishiga asos bo‘ldi.

Hududlarda saylovchilar bilan uchrashganimizda aholining shu sohadagi ayrim muammolardan qiynalayotganiga duch kelamiz. Masalan, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchilarning aksariyati shirkatlar xizmatidan norozi. Nima sababdan? Chunki ayrim shirkatlar ishi amalda sezilmaydi, xonadonlarning ba’zilari kommunal tizimda muammolari bilan birga topshiriladi. Sabab esa ko‘plab shirkatlarning moliyaviy og‘ir ahvolda ekanligiga borib taqaladi.

Shirkat vakillariga yuzlansak, ularga ajratilgan mablag‘larning vaqtida berilmasligi, ovoragarchiliklarning ko‘pligi xonadonlarni kamchiliklarsiz topshirib bo‘lmasligini ma’lum qilishadi. Shuningdek, ko‘p hollarda shirkatlardagi qarzdorlik xizmatlar narxidagi nomutanosiblik tufayli ham kelib chiqadi.

Ayni muammoga yechim sifatida davlatimiz rahbari tomonidan uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va me’yorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlash topshirig‘i berilgani ayni muddao bo‘ldi. Bunda hududiy kommunal xizmat boshqarmasi tarif parametrlarini bandma-band asoslab, qiladigan ishlari va ko‘rsatadigan xizmatlari bo‘yicha rejalarini aholiga taqdim qiladi.

Yig‘ilishda yana bir muhim masalaga alohida e’tibor qaratildi. Turar joylarni zamonaviy issiqlik ta’minotiga o‘tkazish, bunga xususiy sektorni keng jalb qilish kerak, degan tashabbus ilgari surildi. Albatta, partiyamizning asosiy vazifalaridan bir ham xususiy sektorni sohalarda tatbiq qilish bilan bog‘liq bo‘lib, bu tashabbuslar oldimizga yanada yangi maqsadlar qo‘yilishiga xizmat qildi. Masalan, joriy yilda 183 ta yangi uy-joy massivlari barpo etilmoqda. Ularga 185 kilometr ichimlik suvi, 290 kilometr oqava tizimi, 130 kilometr elektr, 11 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari tortiladi. Buning uchun esa 415 milrd so‘m mablag‘ning manbalari aniq. Joylarda saylovchilar bilan muloqotlarda kelgusida bu sohada shu masalaga e’tibor qaratishimiz zarur bo‘ladi. Sohada qancha-qancha xususiy sektor vakillari bor. Ular bilan hamkorlikda ish tashkil qilish kerak.

Davlatimiz rahbari tomonidan tizimdagi amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qator masalalar qayd etilarkan, ularga palament vakili sifatida, xalq ishongan deputat sifatida yanada vijdonan va mas’uliyat bilan yondashish zarurligini anglashimiz kerak. Zero, har bir topshiriq zamirida xalqqa munosib turmush sharoitini yaratish masalasi turibdi.

Tohirjon AHMADALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    439
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+