Surxondaryoda “drayver” sohalar rivojlanadi

03.06.2021, 09:59

Surxondaryoda “drayver” sohalar rivojlanadi

Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi Surxondaryo uchun yana yangi imkoniyatlar, tadbirkorlik yo‘nalishida yangi loyihalarga qo‘l urilishiga sabab bo‘ldi. Bu haqida Prezidentimizning Termiz shahrida Surxondaryo viloyati mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishda ham alohida qayd etib o‘tildi.

Ayniqasa, davlatimiz rahbarining “Sizlar bilan uchrashib, muammolarni hal etish uchun kelganmiz. Bu tashrifga anchadan beri tayyorgarlik ko‘rdik. Toshkentga bog‘liq masala qolmadi. Endi berilgan mablag‘ va tizimni aql bilan ishlatib, joylarda manzilli bajarish kerak. Men kuyib-pishganim bilan sizlar jon kuydirmasangiz, xalqning biri ikki bo‘lmaydi. Surxondaryoning ichki imkoniyatlaridan foydalansak, odamlarning dardiga darmon bo‘lish uchun hamma sharoit bor. Buning uchun sektor rahbarlari fidoyi bo‘lib, joyiga tushib, “mahallabay” tizimda ishlashi kerak” deb aytgan gaplari vohadoshlarimiz uchun ham, biz deputatlar uchun ham uyg‘oqlikka, hamjihatlikda harakat qilish lozimligiga undadi.

Yig‘ilish davomida belgilab berilgan vazifalar ichida, xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash birinchi yo‘nalish sifatida belgilandi. Bu yo‘nalishda davlatimiz rahbarining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlari rivojiga turtki berish maqsadida yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlarini yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan 2024 yil 1 yanvarga qadar ozod qilish taklifi ko‘pchilik tadbirkorlarimiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Bu tashabbus mazkur hududlarda tadbirkorlarning ko‘payishi, ish o‘rinlari yaratilishi va eng muhimi, aholining yaxshi daromad topib yashashiga imkoniyat beradi. Tumanlarning iqtisodiy ahvoli ham yaxshilanishiga poydevor yaratiladi.

Bundan tashqari, belgilangan vazifalar qatorida viloyatda 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 16 trillion 800 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 177 ta hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ham 25 mingga yaqin aholi bandligini ta’minlashga imkon beradi. Bu degani, yana shuncha odamning ro‘zg‘origa baraka kiradi.

Shuningdek, Boysun, Sariosiyo, Sherobod tumanlarini qurilish materiallari, Qiziriqni yengil sanoat, Oltinsoyni oziq-ovqat, Angorni charm, Bandixon va Muzrabot tumanlarini mahalliy sanoatga ixtisoslashtirib, klasterlar tashkil etish zarurligi ham ta’kidlandi. Xususan, Sariosiyoda qurilish materiallari ishlab chiqarish innovatsion industrial zonasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Bunda qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlari va kredit foizlarini qisman qoplab berish, import o‘rnini bosuvchi maishiy tovarlar ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalariga xomashyo va yarim fabrikatlarni import qilishda imtiyozlar berish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Mazkur imtiyozlar bugun sanoat va ishlab chiqarish sohasi rivojlanish yo‘liga kirgan Surxondaryo uchun yana bir imkoniyat eshigini ochadi. Chunki bu ham voha iqtisodini rivojlantirishga, ham odamlarning yashash sharoitini yaxshilashga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Alisher Ro‘ziyev,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi deputati,

partiyaning viloyat Kengashi raisi.

  • Ko'rildi
    428
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Muxlisa2021-09-29 10:41:57

Qumqoo‘rg‘on tumanini rivojlantirish uchun ham imkoniyatlar yoki rejalar bormi Qumqoprg‘onlik yoshlar uchun qanday imkoniyatlar bor shular haqida ma‘lumotlar bormi


Fikringizni qoldiring

+