Tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021-yil yakuniga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi

11.06.2021, 10:46

Tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021-yil yakuniga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi

Xalqimiz uchun yerdan qadrliroq va bebaho neʼmat yoʻq. Yer – bebaho xazina boʻlib, undan samarali foydalanilsa, naqd foydaning tagida qoladi, kishi. U nafaqat oila daromadiga daromad qoʻshadi, balki el-yurt farovonligini taʼminlashda ham muhim oʻrin tutadi.

Bugun yurtimizning qay bir goʻshasiga bormang, joylarda aholining koʻpchiligi issiqxona barpo etib, tomorqaning har bir qarichidan unumli foydalanayotganiga, yilning toʻrt faslida ham issiqxonada mehnat qilib, bozorlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlab kelayotganiga guvoh boʻlasiz. Zero, kaftdek yerga ishlov, mehr berib mehnat qilinsa, u barakasidan quruq qoʻymaydi.

Oxirgi toʻrt-besh yilda mamlakatimizda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, eksport hajmlarini oshirish, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va malakali mutaxassislarni keng jalb qilish borasida olib borayotgan tizimli ishlar oʻz samarasini berayotgani buning amaliy ifodasidir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-iyundagi “Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, eksport qilish hajmlarini koʻpaytirish, ayniqsa, aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan muhim hujjat boʻldi.

Unga muvofiq, zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini birinchi navbatda, unda yetishtiriladigan mahsulotlar boʻyicha importni qisqartirish, zarur uskuna va texnikalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga tashkil etish, issiqxonalar hosildorligini va samaradorligini yil davomida hosil olish amaliyotini joriy etish orqali oshirish respublikada zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.

Endilikda xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan ishlab chiqariladigan zamonaviy, energiya tejamkor uskuna-jihozlardan foydalangan holda issiqxona xoʻjaligiga ega boʻlish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish istagini bildirgan aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib tashabbuskor aholi tomorqalari, xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix boʻlgan issiqxonalar barpo etiladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bogʻ, tokzorlar joylashgan boʻsh yer maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix boʻlgan turar joy majmuasini qamrab olgan issiqxonalar tashkil etiladi.

Yana bir muhim jihat, qarorda uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilishi ham belgilab qoʻyildi. Bunda loyiha doirasida davlat sherigi qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past boʻlgan paxta, gʻalladan qisqargan, yaroqsiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar joylashgan boʻsh yer maydonlarini investorlar oʻrtasida oʻtkaziladigan ochiq tanlov yakunlari boʻyicha ijara huquqi asosida ajratgan holda, uy-issiqxona majmuasiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilishini taʼminlaydi.

Investorlar esa loyiha-oldi va loyiha hujjatlarining tayyorlanishi, ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlab, uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilishga oid loyihalarning konsepsiyasi, loyiha-smeta hujjatlarini “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan tartibda ishlab chiqadi. Oʻz navbatida, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq qurilish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini oʻz mablagʻlari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi.

Tashabbuskor aholi uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddatgacha tuzilgan shartnoma asosida uy-issiqxona majmualarida oʻzini oʻzi band qilgan holda faoliyat olib boradi va ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shugʻullanadi. Kelishilgan muddat yakunlanganidan soʻng uy-issiqxona majmualarini mulk huquqi asosida, ular joylashgan yerni ijara huquqi asosida bepul qabul qilib olib, kelgusida undan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlaydi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun investorlarning oʻz mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar jalb etilib, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari mahalliy hokimliklarning “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmalari asosida amalga oshirilishi ham nazarda tutilgan.

Eʼtiborga molik tomoni, issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarida mahsulot yetishtirish bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan imtiyozlar va shart-sharoitlar tatbiq etilayotir.

Hujjatda yana bir muhim masalaning yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta ahamiyatga egadir. Jumladan, uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yigʻiladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021-yilning 31-dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilinyapti.

Bular hali hammasi emas. Issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2023-yilning 31-dekabriga qadar bojxona bojidan ozod etilishi ham ayni muddao boʻldi. Issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer soligʻi stavkalari, uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk soligʻi stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida oʻrnatilishi esa mutlaqo toʻgʻri va nihoyatda oqilona qarordir

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning shunday gapi bor: “olam ahlining toʻqligi, quvonchi, avvalo, yerga urugʻ sochib, bebaho noz-neʼmat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”. Bu mirishkor dehqonlar xizmatiga berilgan katta bahodir. Zero, qishloq xoʻjaligi qoʻshimcha imkoniyatlarga boy soha boʻlib, bozorlarimiz fayzu barakasi, hayotimiz farovonligi koʻp jihatdan unga bogʻliq. Shu jihatdan mazkur qarorning ijrosi davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilishga xizmat qilishi muqarrar.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    340
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+