Chetdan muayyan miqdorda gaz sotib olayotganimiz nimani anglatadi?

25.06.2021, 11:08

Chetdan muayyan miqdorda gaz sotib olayotganimiz nimani anglatadi?

Ayrim xorijiy axborot agentliklarining ma’lum qilishicha, o‘tgan yildan e’tiboran mamlakatimiz xorijga gaz eksportini to‘xtatgan. Aksincha, 2020 yildan boshlab mazkur xom ashyoni Turkmanistondan “Gazprom” kompaniyasi orqali import qilmoqda. Jumladan, shu yilning birinchi choragida  O’zbekiston 1,5 mlrd kub gaz xarid qilgan.

Ayrimlar singari bu holatga salbiy munosabat bildirish, gaz qazib chiqarish, taqsimlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni tanqid qilish  bilangina cheklanib qolmoqchi emasmiz. Masalaga bir yoqlama, yuzaki yondashish yaramaydi. Binobarin, mazkur jarayonga har tomonlama, xolis nazar tashlagan holda mushohada yuritishga harakat qilamiz.

Avvalo shuni aytish kerakki, davlatimiz, hukumatimiz barcha iste’molchilarning yonilg‘i bilan uzluksiz ta’minlanishiga jiddiy e’tibor qaratayotgani tahsinga loyiq. Mabodo, mas’ullar “gaz yo‘q, tamom-vassalom” deb e’lon qilganida, katta-yu kichik iste’molchilar dodini kimga aytardi?! Bu – birinchidan. 

Ikkinchidan, gazni xorijga sotmayotganimiz mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanayotganini, o‘z ehtiyojlarimizdan ortmayotganini, shuningdek, bu borada boshqa rejalarimiz borligini ham anglatadi.  O’tgan yili Bosh vazir Abdulla Aripov gaz eksporti to‘xtatilishini, endilikda ushbu tabiiy boylik o‘zimizda to‘la qayta ishlanib, qimmatli mahsulotlar ishlab chiqarilishini ma’lum qilganini qayd etish kerak. Shu o‘rinda respublikamizda yetishtirilayotgan paxta eksporti yildan-yilga kamayayotganini,  “oq oltin”ning katta qismi o‘zimizda qayta ishlanib, turli-tuman mahsulotlar tayyorlanayotganini yodga olish joiz. Zero, chetga xom ashyodan ko‘ra, tayyor mahsulot sotish ancha foydaliroqdir.

 Shu bilan birga “zangori olov”ning katta hajmlarda import qilinishi gaz qazib olish sohasidagi  muammolarni atroflicha o‘rganib chiqish va zudlik bilan hal qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.  Tizimni modernizatsiyalash, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, sohada malakali mutaxassislarni ko‘paytirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, gaz – bitmas-tuganmas boylik emas. Mutaxassislar yurtimizdagi “zangori olov” zaxiralari 20-30 yildan so‘ng tugashini bildirishmoqda. Shu bois muqobil energiya manbalarini ishga solishga ko‘proq e’tibor qaratishimiz, bu yo‘nalishdagi jarayonlarni jadallashtirishimiz taqozo etilyapti.

Hukumatimiz tabiiy gaz qayta ishlanib, mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha bir qancha loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ularning moliyalashtirilishi, amalga tatbiq qilinishi  shaffof, ochiq-oydin kechishi maqsadga muvofiqdir. Chunki korrupsiya barcha sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.  Shu sababli bu yo‘nalishda deputatlik va jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish darkor. 

To‘lqinjon Fayziyev,

Xalq deputatlari

Toshkent viloyati

 Kengashi deputati,

O’zLiDeP Toshken viloyat

Kengashi raisi

  • Ko'rildi
    123
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+