Yuksak maqsadlar sari undovchi so‘zlar
02.07.2021, 10:15
Yurtimiz kelajagi yosh avlodga, uning qanday jamiyat va qanday sharoitda kamol topayotganiga bog‘liq. Shuning uchun ham so‘nggi to‘rt yilda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Vatanimiz tarixida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 30 iyun – Yoshlar kuni etib belgilandi. Bugungi kunda yoshlarning ma’naviy barkamol, xalqparvar, chuqur bilimli va kasb-hunar egalari bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilayotir.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bir qator takliflar ilgari surildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Yangi O’zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi festival yurtimiz bo‘ylab 6 millionga yaqin g‘ayrati baland, intiluvchan o‘g‘il-qizlar uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari buni alohida e’tirof etdilar. Albatta, yoshlikka xos shijoat, jo‘shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib yashashi kerak.
Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida avvalo ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini ko‘ramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma’rifatparvar adib va olimlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o‘lmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz.
Bizning tomirlarimizda ana shunday ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir.
Bugun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida katta qadamlar qo‘ymoqdamiz.
Bu borada yurtimizda mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratilganini ta’kidlash lozim. Ushbu maktablarda ta’lim olayotgan ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.
Endilikda, “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu ham yoshlar uchun, ularning bilimlarini mustahkamlash uchun katta ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilgan holda, Parlamentlararo ittifoq ko‘magida “Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbus amalga oshiriladi. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etiladi.
Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli, fidoyi o‘g‘il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi. Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiriladi. Bu ham biz deputatlarga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz yosh avlodni kamol topishi yo‘lida bor bilim va tafakkurimizni safarbar etamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, Yoshlar tabrigida ilgari surilgan g‘oyalar, albatta, yurtimiz taraqqiyoti va rivojiga xizmat qiladi.
Bahromjon RAHMONALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi
O'xshash yangiliklar
-
Davlat dasturidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi vazifalar muhokama qilindi
26.02.2024, 21:34
-
Deputat maktab kutubxonasiga 100 dan ortiq badiiy asarlar va adabiyotlar tuhfa qildi
14.02.2024, 17:25
-
Muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi
31.01.2024, 17:53
-
“Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmi yaratiladi
30.01.2024, 12:29
-
Deputat jarqo‘rg‘onlik tadbirkorlar muammosini o‘rgandi
30.01.2024, 10:11
Fikringizni qoldiring