Nega AES qurishni boshladik?

06.07.2021, 10:21

Nega AES qurishni boshladik?

O’tgan haftada yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari tomonidan Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ekspertlari respublikamizda atom elektr stansiyasini qurish uchun tanlangan joyni o‘rganib chiqishgani va bu borada olib borilayotgan barcha ishlar xavfsizlik talablariga javob beradi, degan xulosaga kelishgani haqidagi materiallar e’lon qilindi. Shu mazmundagi xabarlarga, avval ham bo‘lganidek,  ayrimlar salbiy munosabatlar bildirdi. Ya’ni, “AES juda xatarli, foydasidan ziyoni ko‘proq” qabilida. Atom stansiyasi qurilishini qoralayotganlarga javoban quyidagilarni bayon qilamiz:

Avvalo shuni aytish kerakki,  kasb-kori, yoshi, jinsi va boshqa xususiyatlari turli-tuman bo‘lsa-da, qarshilar, qoralovchilarni  yagona xususiyat birlashtirib turibdi – barchasi atom energetikasi masalasida chalasavod yoki mutlaqo savodsiz.

Ikkinchidan. Mamlakatimizda barpo etilishi rejalashtirilayotgan VVER-1200 turkumidagi reaktorlar dunyodagi eng mustahkam va xavfsiz qurilmalardir. Ular Chernobil va Fukusima atom stansiyalarida yuz bergan avariyalar chuqur o‘rganib chiqilgan holda loyihalashtirilgan. 9 ballik zilzila, kuchli yong‘in, suv toshqini va boshqa falokatlar ro‘y berganda qurilma ichidagi maxsus blok radioaktiv moddalarni “yutib yuboradi”.

Uchinchidan. Germaniya va Yaponiyada AESlar yopilayotgani ham tilga olinyapti. Aslida bu davlatlarda eski,  ish resursi tugagan, xavfsizlik talablariga javob bera olmay qolgan ob’ektlar faoliyati to‘xtatilyapti.

To‘rtinchidan.  Atom stansiyalarining tabiatga ta’siri “nol”ga teng. U o‘zidan na tutun, na boshqa narsa chiqaradi. Aksincha, issiqlik elektr stansiyalarining xavfi to‘g‘risida bong urish kerak. Masalan, respublikamizdagi IESlar har yili havoga millionlab tonna is gazi va boshqa zaharli unsurlar chiqaradi.  

Beshinchidan. “Quyosh, shamol quvvatidan keng foydalanish kerak” deyishmoqda AESdan voz kechishga undovchilar. To‘g‘ri. Biroq  geliostansiyalar, yel parraklarining samaradorligi past. Yadroviy reaksiya mahsuldorligi esa hattoki gaz, ko‘mirnikidan minglab marta yuqori. Quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha hammadan o‘zib ketgan Xitoy ham atom energetikasini faol rivojlantirayotgani,  keyingi yillarda uchta yangi AESni ishga tushirgani (shundan keyin XXRdagi atom stansiyalari soni 17 taga yetdi), yana 30 ta yadro reaktori qurishni rejalashtirilayotgani ham ko‘p narsadan darak beradi.

Oltinchidan. Issiqlik elektr stansiyalaridagi asosiy texnologik uskunalar 15-20 yildan keyin yaroqsiz holga keladi.  Respublikamizda qurilayotgan atom energobloklarining xizmat muddati  esa 65 yil.

Yettinchidan. Mutaxassislarning aytishicha, mamlakatimizdagi ko‘mir, gaz zaxiralari 40-50 yildan keyin tugaydi. Uran ma’danlarimiz esa bitmas-tuganmas. Ko‘p yillar uranni eksport qilish bilan shug‘ullandik. Endilikda mazkur xom ashyoning muayyan qismi tayyor mahsulot – arzon elektr energiyasiga aylantiriladi.

Sakkizinchidan. Atom stansiyasi sharofati bilan eng ilg‘or va noyob texnologiyalar joriy etiladi, daxldor tarmoqlar jadal rivojlanadi, uning qurilishi jarayonida 8 ming, ishga tushgach esa 2,5 ming yangi ish o‘rni vujudga keladi. 

To‘qqizinchidan. 2030 yilga borib, mamlakatimizda elektr energiyasiga ehtiyoj ikki barobarga oshadi. Bu talabni qondirish – ulkan muammo. AES qurilishi ana shu murakkab masalani hal qilishning eng maqbul yo‘lidir.   

Shuning uchun ham O‘zLiDeP bu yo‘nalishdagi pozitsiyasini o‘z dasturida aniq-ravshan belgilab qo‘ygan: “...Atom fani, texnologiyalari va energiyasidan xavfsiz foydalanish infratuzilmasi, yadroviy va energetik mashinasozlik, yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarilishi va atom energetikasini rivojlantirish asosida AES inshootini bunyod etish va undan xavfsiz foydalanishni ta’minlash (...) tarafdorimiz”.

Behzod Isroilov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi xodimi

  • Ko'rildi
    408
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+