Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ochiq ro‘yxati yuritiladi

14.07.2021, 10:27

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ochiq ro‘yxati yuritiladi

Korrupsiya — har qanday davlatning, jamiyatning taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘luvchi, ijtimoiy hayot barqarorligiga tahdid soluvchi xavfli illat sanaladi. Agar bu yovuz baloning oldi olinmasa, mamlakatda haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi. Bu isbot talab qilmas haqiqatdir.

So‘nggi to‘rt yilda O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi keskin kurash boshlandi. Uning oldini olish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga katta e’tibor qaratildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z vazifasiga kirishgan ilk kunlardanoq bu dolzarb masalani alohida e’tiborga olib, dastlabki imzolagan hujjati ham O’zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bo‘ldi.

O’tgan davr mobaynida mamlakatimizda mazkur qonun ijrosini ta’minlash maqsadida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi qator yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Farmonda mamlakat rivojlanishining bugungi bosqichida korrupsiya O’zbekiston davlati va jamiyati taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekani nazarda tutilib, korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbarlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.

Endilikda davlat boshqaruvini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish maqsadida Agentlik tomonidan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi. Bu ro‘yxatga tushgan shaxslarning davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi ta’qiqlanadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab esa davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari, muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i, voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari, mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.

Farmonda belgilab qo‘yilganidek, bundan buyon davlat xizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish, qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga, qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Qolaversa, keyingi yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Mazkur hujjatga muvofiq, Agentlikka manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolati berilgan bo‘lsa, xalq deputatlari hududiy Kengashlariga mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalaridan ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi ustidan muntazam ravishda nazorat o‘rnatishi bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbarining farmonida o‘z ifodasini topgan yangiliklardan yana biri, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlanganidir. Unga ko‘ra, Agentlik davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan muntazam ravishda nazorat olib borgan holda, har chorak yakunlari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga axborot kiritib boradi. Kengash esa dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muhokama qiladi.

O’zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi farmonda nazarda tutilgan vazifalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, dasturiy maqsadlariga erishish, elektorat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ustuvor hujjat sifatida yondashadi. Biz korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish, mamlakatimizning korrupsiyani rad etadigan va bu borada “nol toqatlilik”ka erishgan davlatlar qatoriga kirishiga erishish tarafdorimiz.

Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar esa partiya dasturiy maqsadlari bilan uzviy va hamohangdir. Biz davlat xizmatchilarining mablag‘lari va molk-mulklari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashtirish, deklaratsiya qilishning yangi tizimini joriy qilish, parlament palatalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalarining vakolat va funksiyalarini kuchaytirishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Bu borada faqat korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, balki unga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz.

Xulosa o‘rnida aytganda, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi. U davlatning konstitutsiyaviy asoslarini, qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Mazkur farmonning ijrosi shubhasiz, korrupsiyaning tub ildizini qirqish bilan birga, O’zbekistonning nufuzli xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashiga xizmat qilishi muqarrar.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    372
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+