O’zbekiston-Pokiston: ko‘p qirrali muloqotlar yangi bosqichga ko‘tariladi

16.07.2021, 10:44

O’zbekiston-Pokiston: ko‘p qirrali muloqotlar yangi bosqichga ko‘tariladi

Ayni paytda butun dunyoning e’tibori poytaxtimiz Toshkent shahriga qaratilgan desak xato bo‘lmaydi. Kecha boshlangan keng doiradagi siyosiy muloqotlar bugun o‘zining qizg‘in pallasiga kirdi.

Xabaringiz bor shu yilning 15-16 iyul kunlari “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi belgilangan edi. Konferensiya ishi davom etmoqda. Unda bir qator amaliy tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.

Konferensiyagacha oliy darajadagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ana shu uchrashuv va ularning ahamiyati haqida qisqacha mulohaza yuritmoqchimiz. Ma’lumki, kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

E’tiborga molik jihati o‘zaro muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish va rivojlantirish borasida katta siljish kuzatilayotgani ta’kidlandi. Ko‘p qirrali muloqotlar va madaniy almashinuvlar faollashdi.

Bu galgi uchrashuv o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, kecha hukumatlararo ko‘shma komissiya yig‘ilishi o‘tkazilganligi va poytaxtimizda birinchi marta O’zbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumi tashkil etilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Yana bir gap. Pokiston bilan iliq munosabatlarning o‘rnatilishi tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu fikrlarni dalili sifatida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo hajmi to‘rt barobarga o‘sganligini, qo‘shma korxonalar soni esa deyarli yuzdan ortiqqa ko‘payganligini keltirish mumkin. Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, bugungi kunda O’zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Pokiston Janubiy Osiyo va jahonning yirik bozorlariga chiqishda   O’zbekiston uchun muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi. «Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lining qurilishi nafaqat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, balki mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu yo‘lning Markaziy Osiyo davlatlari xususan mamlakatimiz uchun ham ahamiyati nihoyatda yuqori. Nega deganda, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston davlatlari xalqaro dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ular sezilarli transport va tranzit xarajatlari qilmoqdalar, bu esa dengiz kommunikatsiyalaridan erkin foydalanish sharoitiga ega bo‘lgan mamlakatlar xarajatlaridan 2-3 baravar yuqoridir. Ushbu muammo xalqaro yuk tashishga sezilarli cheklovlar qo‘ygan «COVID-19» pandemiyasi paytida, ayniqsa, juda dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Bunday sharoitda «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari o‘rtasida Markaziy Osiyo orqali yuklarni tashish vaqtini hamda narxini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shunday qilib, Pokistonning «Karachi», «Qasim» va «Gvadar» dengiz portlariga chiqishni ta’minlaydigan yangi transafg‘on temir yo‘li Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yo‘l tizimlari bilan bog‘laydi hamda Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini keskin oshirishga, katta miqdordagi yuk oqimlarini jalb qilishga, shuningdek, Yevropa va Osiyoni eng qisqa quruqlik yo‘li bilan bog‘laydigan ko‘prik sifatida mintaqaning tarixiy rolini tiklashga yordam beradi.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

 

  • Ko'rildi
    307
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+