Islohotlar xalqni tinglashdan boshlanayotgani o‘zining samaralarini beryapti

24.07.2021, 15:09

Islohotlar xalqni tinglashdan boshlanayotgani o‘zining samaralarini beryapti

Davlat idoralari fuqaroni tinglasa, muammolarini hal etishga intilsa, uning kayfiyati ko‘tariladi, yashashga, kelajakka ishonchi yuksaladi. Qolaversa, mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimining yangicha tartibda joriy etilgani bugun o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. 2016 yil 28 dekabrda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilingani va Ushbu farmonga muvofiq tashkil etilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalarning tashkil etilgani  hukumat va xalq o‘rtasidagi uzviy aloqani yanada mustahkamladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyulda o‘tkazilgan  videoselektor yig‘ilishida aynan shu kabi masalalar, xususan, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish borasidagi takliflar o‘rtaga tashlandi. Videoselektorda ta’kidlanganidek, bugungi kunda aholi murojaatlari tahlil etilganda, valyuta ayirboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalariga oid murojaatlar butunlay to‘xtagan. Albatta, bu borada aholi talabiga mos tarzda ish tizimi joriy etilgani o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

Yig‘ilishda bugungi kunda eng ko‘p murojaatlar elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bandlik, uy-joy, yer, tibbiy xizmat va xalq ta’limi masalalari bo‘yicha bo‘layotgani aytilib, bu muammolarni yechishda keskin chora-tadbirlar ko‘rilishi belgilandi. Prezidentimiz endilikda murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilanishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Yagona onlayn platforma yaratiladi. U orqali monitoring yuritilib, har oyda Senatga va Hukumatga tahliliy ma’lumot kiritiladi hamda tanqidiy muhokama qilib boriladi. Shu bilan birga aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini Senatda har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda islohotlar eng avvalo xalqni tinglashdan boshlanayotgani  murojaatlarni tez va samarali hal etilishida muhim o‘rin egallamoqda. Zero, yurtimizda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani xalq va davlat o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlash bilan birga aholining yurt istiqboliga va mamlakat taraqqiyotiga ishonchini yanada yuksaltirmoqda.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+