Buxoroda O`zLiDePning saylov shtablari ish boshladi

02.08.2021, 15:15

Buxoroda O`zLiDePning saylov shtablari ish boshladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi tomonidan joriy yilning 24 oktabr kuni o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shu munosabat bilan partiyaning viloyat kengashida saylovoldi shtablarini tuzish, saylov kampaniyasida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda partiya viloyat, tuman, shahar kengashlari raislari, apparat rahbarlari, deputatlar, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan partiya viloyat kengashi raisi Farmon Aminov saylov kampaniyasida ishtirok etish yuzasidan belgilangan reja va dasturlar bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Buning juda ma’suliyatli vazifa ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

– Mamlakatimizdagi yirik va yetakchi partiya hisoblangan O`zLiDeP mazkur saylovda yangicha yondashuv va faollik bilan ishtirok etishi, har bir belgilangan reja o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi lozim, – dedi Farmon Aminov. – Bu kabi ma’suliyatli vazifani bajarish uchun har bir partiya a’zosi viloyat, tuman, shahar kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlar barcha imkoniyatlarini ishga solishi, shijoat bilan ishlashi zarur. Joriy yilgi Prezident saylovi ilk bor O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Unda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanishi ta’minlanadi.

–Viloyatda o‘tkazilayotgan saylovoldi tadbirlarida Saylov kodeksining mazmun-mohiyati va unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida tinglovchilarga batafsil ma’lumotlar berilyapti, – deydi viloyat Kengashi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Ziyoda Aslonova. – Karantin tartib qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda onlayn va interfaol usulda  o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar chog‘ida tinglovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berilmoqda. Buxoro va Kogon shaharlari,  Vobkent, Buxoro, Shofirkon, Olot tumanlarida o‘tkazilayotgan tadbirlar ayniqsa yuqori saviyada tashkil etilyapti.  

– Viloyatdagi 803 ta korxona va tashkilotlarda partiyaning quyi bo‘g‘ini hisoblangan boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyat olib bormoqda, – deydi partiyaning viloyat kengashi apparati boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash guruhi rahbari Nargiza Xalilova. – Mazkur BPTlari bilan  hududiy saylovoldi shtablarini o‘zaro hamkorligini ta’minlash bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bu borada har bir BPTning “Yo‘l xaritasi ” ishlab chiqilgan bo‘lib, saylovoldi tadbirlarning o‘tkazilishi nazoratga olingan.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar ham belgilangan vazifalar bo‘yicha o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.

Yig‘ilish so‘ngida O`zLiDeP viloyat, tuman, shahar kengashlarining saylovoldi shtabi a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida qarori qabul qilindi.

Zarif Komilov,

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

Teglar
  • Ko'rildi
    252
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+