Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi mintaqadagi davlatlar taraqqiyotiga xizmat qiladi

07.08.2021, 17:41

Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi mintaqadagi davlatlar taraqqiyotiga xizmat qiladi

Barchamizga yaxshi ma’lum. Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq mamlakatimiz atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirishga kirishdi. Davlatimiz rahbari qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab berdi. Natijada mintaqadagi ko‘p tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Bir necha yil ilgari mintaqa salohiyatini to‘la yuzaga chiqarish, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Yurtboshimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Bu hayotiy tashabbus qardosh xalqlar manfaatlariga mos bo‘lgani uchun keng qo‘llab-quvvatlandi va tezda amalga oshdi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi.

Joriy yilning 6 avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi – uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot ham g‘oyat mazmunli va samarali kechdi.

Prezidentimiz o‘z nutqida umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli bugun mintaqamiz yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi va qator takliflarni ilgari surdi.

Jumladan, mintaqadagi savdoni kengaytirish zarurligi, to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish maqsadida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi. Mamlakatlarimiz tadbirkorlari va hududlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiya va iqtisodiy forumlarni muntazam o‘tkazib borish lozimligi ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbari amaldagi transport yo‘laklari va infratuzilmasini, shu jumladan Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashga chaqirdi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo mamlakatlarining Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashini faollashtirish, uning mandati va vakolatlarini kengaytirish hamda mamlakatlarning kengashdagi vakillik darajasini oshirishni taklif qildi. Shuningdek, turizm mahsulotlarining butun doirasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarishga kirishish g‘oyasini ilgari surdi.

O’z nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyodagi birodar xalqlarning ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishiga ishonch bildirdi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur sammit O’zbekiston yaqin qo‘shnilariga nisbatan ochiq, xayrixoh va do‘stona siyosatning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi esa ushbu mintaqadagi davlatlarning har jihatdan yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

O'zLiDeP O’zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va  pragmatik siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Bu boradagi vazifalarimiz dasturimizdan o‘rin olgan. Unda bayon etilganidek, parlament, xalq diplomatiyasining barcha imkoniyatlaridan foydalanib, biz davlatning eng muhim tashqi siyosiy vazifasi – Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish va yaqin qo‘shnichilik hududiga aylantirishga ko‘maklashamiz.

O'zLiDePning mamlakat tashqi siyosiy kursini amalga oshirishga qo‘shayotgan hissasining eng muhim mexanizmlaridan biri tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning tegishli me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, yetakchi xorijiy partiyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi. Bu yo‘nalishda partiya o‘z nufuzi va salohiyatiga munosib tarzda ish olib borayotganidan keng jamoatchilik xabardor.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, yangi tashqi siyosatimiz xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratish, yurtimizni taraqqiy toptirish, odamlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash singari aniq maqsadlarga qaratilgan. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar salmoqli ijobiy natijalar berayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+