Yangi marralar sari chorlov

18.08.2021, 15:10

Yangi marralar sari chorlov

"Yangi O’zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda" deb nomlangan mazkur intervyuda mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yillari, bugungi shiddatli o‘zgarishlar jarayoni, global dunyodagi voqelikka teran munosabati ortiqcha pafoslarsiz, sodda, oddiy, xalqchil tarzda, keng qamrovda ochib berilgan. Intervyuda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalariga daxldor masalalar, mazkur yo‘nalishlarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar muammolari bilan birga batafsil bayon etilgani ahamiyatga molik.

“Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o‘zbek xalqi ham 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlug‘ sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz”, dedi Yurtboshimiz suhbat avvalida.

Ha, Istiqlolning dastlabki yillarida qanchadan-qancha zalvorli muammolarga duch kelindi. Ularni imkon qadar bartaraf etishga harakat qilingan bo‘lsa-da, baribir hayot degani har lahzada yangi muammoni jamiyat oldiga ko‘ndalang qo‘yaveradi.

Ayniqsa, keyingi besh yillar davomida odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni puxta o‘rganish, turli dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim va yo‘l topish, aholini qiynayotgan kamchiliklarni hal etish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Xalq bilan muloqotning eng maqbul va keng qamrovli mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Darhaqiqat, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O’zbekiston” g‘oyasi zamirida ulug‘ ajdodlarimiz, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassamligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Yangi O’zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan tamoyillarga rioya etgan holda dunyo bilan hamqadam borayotgan, o‘z xalqi uchun esa   erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlat jahon ko‘z o‘ngida aks etmoqda.

Intervyuda Prezidentimizning “...bugungi O’zbekiston – kechagi O’zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Ayni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi O’zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O’zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Yo‘limiz shu paytgacha oson bo‘lgani yo‘q, bundan keyin ham oson bo‘lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur...” degan so‘zlari uni o‘qigan har bir hamyurtimizning qalbiga kirib borish bilan birga, sobitqadamlik bilan mehnat qilishga undayqeradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ha, keyingi yillarda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Milliy adabiyotimiz, kitobxonlik faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Adabiyot, ma’naviyat rivojiga hissa qo‘shgan fidoyi ustoz yozuvchi va shoirlarimiz, adabiyotshunoslarning ibratli ijodi faol o‘rganilmoqda. So‘z san’atiga mehri baland yoshlar uchun atoqli yozuvchi va shoirlar nomidagi ijod maktablarining faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi. Xalqni orif, saodatli ko‘rish istagidagi ma’rifatparvar bobolarning xotirasiga hurmat va e’tibor yanada kuchaydi.

Hayotga katta orzular bilan kirib kelayotgan yoshlar uchun tobora ko‘proq imkoniyatlar yaratilmoqda.Ularning oliy ta’limga qamrovini kengaytirish, o‘qishi, ma’naviyatining to‘g‘ri shakllanishi,tadbirkorlik ko‘nikmalariga, mehnat bandligini ta’minlash yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Ayni paytda keksalarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini kuchli ijtimoiy himoyalash borasida katta tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda.

Mamlakatimizda tub ijobiy o‘zgarishlar kirib bormagan, islohotlarga yuz burmagan sohaning o‘zi qolmadi. Bularning bari pandemiya sharoitida kechayotganini hisobga olsak, vaziyatning naqadar murakkabligi ko‘z o‘ngimizga yaqqol keladi.

Odamlarning dardini o‘rganish, ularning muammolari bilan ishlash, xalq bilan xalqchil muloqot o‘rnatishga oid ezgu amaliyot xorijiy davlatlar uchun ham o‘rnak olishga, taqlid etishga arzirli ibrat bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ahamiyatlisi, kamchiliklardan ko‘z yumilmayapti, ular yashirilmayapti, bori boricha aytilyapti. Shu bilan birga, yechim yo‘llari ham tezkor belgilanmoqda.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining "Yangi O’zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda" nomli intervyusi qayta-qayta o‘qib-o‘rganadigan, ma’no-mazmuni ustida teran mushohada yuritadigan, keng qamrovli, o‘ziga xos dasturilamaldir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, jonajon Vatanimizga bo‘lgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, fidoyilik bilan Yangi O’zbekistonni yangi marralar sari dadil odimlashiga o‘z hissamizni qo‘shaveramiz.

Nafisaxon Elchiyeva,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati

Kengashi kotibiyat mudiri

  • Ko'rildi
    330
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+