Agrar sohadagi islohotlar muvaffaqiyatiga partiyaviy vositalar bilan ko‘maklashishimiz lozim

18.08.2021, 16:15

Agrar sohadagi islohotlar muvaffaqiyatiga partiyaviy vositalar bilan ko‘maklashishimiz lozim

Prezidentimizning “Yangi O’zbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga javoblarini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Mamlakatimizda bir necha yildan buyon olib borilayotgan tub islohotlar natijasida jahonning eng ilg‘or davlatlari bilan bo‘ylasha oladigan yangi O’zbekiston barpo etilayotganiga ishonchim yanada mustahkamlandi. Davlatimiz rahbari o‘zida qat’iyat,  shijoat, oqillik, xalqparvarlik singari ko‘plab fazilatlarni mujassam etgan shaxs ekaniga yana bir karra amin bo‘ldim.

Davlatimiz rahbarining, garchi barcha jabhalarda katta ijobiy o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, yutuqlar to‘g‘risida deyarli gapirmagani, asosiy e’tiborni oldimizda turgan muhim  vazifalarga qaratgani, shuningdek, “...biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham bo‘lishi tabiiydir”, deya samimiy, kamtarona fikr bildirishi  barchamiz, ayniqsa, kattayu-kichik amaldorlar uchun ibratlidir.

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida gapirib, xususan, “...oqibatda yerning madori quridi, tuproq unumdorligi pasaydi”, dedi. Ya’ni, bor haqiqatni tilga olyapti. Yangi O’zbekistonda yaqin o‘tmishda bo‘lganidek real voqelik xas-po‘shlanmayapti, odamlardan berkitilmayapti. Shuning o‘ziyoq, menimcha, yarim muvaffaqiyatdir. Chunki soxtagarchilik   yaxshilikka olib kelmaydi.

Agrar sohada chuqur islohotlar boshlangani bizning baxtimiz. Zero, yer bizni to‘ydiradi, kiyintiradi, boshpana beradi.

 O’tgan besh yil mobaynida paxta yakkahokimligi va majburiy mehnatga chek qo‘yildi, yer egalarining mahsulot yetishtirishdan manfaatdorligi nihoyatda oshdi, klaster tizimi joriy qilindi va boshqa talay yangilanishlar ro‘y berdi. Albatta, yillar davomida yig‘ilib qolgan murakkab muammolarga qisqa fursatda to‘la yechim topishning iloji yo‘q.  Istiqbolda ulkan islohotlarni amalga oshirishimiz zarur. Yurtboshimiz intervyuda shunday dedi: “Ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsadimizdir. Shu maqsadda 2020-2030 yillarga mo‘ljallab ishlab chiqilgan  Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qo‘yildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sektori va qishloqlarni yaqin o‘n yilda jadal taraqqiy ettirish rejasi ko‘zda tutildi”. 

Yangi islohotlar boshlanmasdan avval agrar tarmoqda ham bir joyda depsinish kuzatilayotgandi. Keyingi besh yilda qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda olg‘a ilgarilay boshladik. Islohotlarni yanada jadallashtirish uchun barchamiz hamjihatlikda ishlashimiz, ulug‘ ishga baholi qudrat hissa qo‘shishimiz kerak. Jumladan, biz – partiya vakillari tegishli qarorlar, rejalar bajarilishi bo‘yicha samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatishimiz, muammolar, qiyinchiliklar bartaraf etilishiga partiyaviy vositalar bilan ko‘maklashishimiz lozim. Boshqa maqsadlar qatori qishloq xo‘jaligini taraqqiy ettirish bo‘yicha vazifalar ham O‘zLiDeP dasturida belgilab qo‘yilgan. Ularni ro‘yobga chiqarishga yanada ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik paltasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    382
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+