Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan

19.08.2021, 12:03

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan

Xorazm viloyat Bog‘ot tumanida “Yangi O’zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yi oldidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashi tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida tumandagi amfiteatrda  tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, deputatlar, san’atkor va ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Targ‘ibot tadbirini o‘tkazishdan asosiy maqsad, istiqlol yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda xalqimiz hayoti va yurt taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqqan islohotlar samaralarini xalqimizga yetkazishdan iborat, – deydi O’zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi raisi Islom Fayzullayev. – Keyingi yillarda xalqimizning turmush sharoiti, dunyoqarashi tubdan o‘zgardi. Oshkoralik muhiti jamiyatimiz hayotining ajralmas qismiga aylandi. Eng asosiysi, xalqimiz, odamlarimiz mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan rozilik hissini tuymoqda, o‘zlari ham ana shu jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda istiqlol yillarida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida katta hajmdagi ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgani,  ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani, xalqimizning turmush farovonligi yuksalgani, istiqlol har bir yurtdoshimiz hayotida o‘chmas iz qoldirgani ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan erkin va demokratik fuqarolik jamiyatini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida partiya faollari, partiya deputatlik fraksiyalarining roli va ishtiroki, olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida ham ma’lumotlar berildi.

Tadbirning badiiy qismida chempion sportchilar, sport maktablari tarbiyalanuvchilarining ko‘rgazmali chiqishlar,  voxaning xushovoz xonanda va raqqosalar tomonidan qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

Nasiba Vaisova,

O'zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot kotibi

Teglar
  • Ko'rildi
    595
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+