O’zLiDeP Buxoro viloyat tashkilotining navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi (+video)

26.08.2021, 15:52

O’zLiDeP Buxoro viloyat tashkilotining navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi (+video)

Konstitutsiyamizga binoan Prezident saylovining asosiy sub’ekti siyosiy partiyalardir. Demak, mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rni va mavqeiga ega, yetakchi partiyalardan biri bo‘lgan O’zLiDeP saylovda o‘z nufuziga munosib tarzda ishtirok etishi lozim. Mas’uliyatli siyosiy imtihondan yorug‘ yuz bilan o‘tish uchun partiya barcha imkoniyatlarini safarbar etishi shart. Salohiyatni to‘la ishga solishgina kutilgan natijani beradi.

Shu munosabat bilan bugun aynan mana shu muhim siyosiy jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish, bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni muhokama qilish, yangicha ishlash tizimi borasida yangi g‘oya va takliflarni tinglash maqsadida Buxoro davlat universiteti yig‘ilishlar zalida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro viloyati tashkilotining navbatdagi konferensiyasi o‘tkazildi.

Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi STM rahbari Nasimjon Alimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova, partiyaning viloyat, shahar va tuman Kengashlari raislari, apparat rahbarlari, deputatlar, shahar va tuman konferensiyalarida saylangan delegatlar, faxriylar, partiya faollari, hamkor tashkilot vakillari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani kirish so‘zi bilan O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi Farmon Aminov delegatlar roziligi bilan boshlab berdi. U o‘z so‘zida partiyaning asosiy maqsad va vazifalarini alohida ta’kidlab o‘tdi.

So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda chuqur islohotlar olib borilayotganligini, ayniqsa so‘nggi besh yilda barcha sohadagi islohotlarning yanada jonlanganligini barchamiz ko‘rib bilib turibmiz. Shuningdek, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O’zbekiston” g‘oyasi zamirida ulug‘ ajdodlarimizning orzu-intilishlari, armonlari ham mujassam ekanini alohida ta’kidlash o‘rinli. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan muhim tamoyil ham hayotimizning mazmun-mohiyatiga aylanib bormoqda. So‘nggi besh yilda xalq bilan muloqot tizimi yurtimizda juda ko‘plab muammolarning hal etilishi, odamlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchining oshishi, eng muhimi xalqimizning turmush darajasi yaxshilanishiga zamin yaratgani alohida e’tirof etish lozim. Tan olish kerak, o‘tgan vaqt mobaynida xalqimizning turmush sharoiti, dunyoqarashi o‘zgardi. Oshkoralik muhiti jamiyatimiz hayotining ajralmas qismiga aylandi. Eng asosiysi, xalqimiz, odamlarimiz mamlakatda ro‘y berayotgan istiqbolli islohotlardan rozilik hissini tuymoqda va o‘zlari ham bu jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.

O’zLiDeP viloyat tashkiloti raisi so‘zidan so‘ng Buxoro viloyat Kengashi deputati Sanam Jumayeva so‘zga chiqib yuqorida ta’kidlangan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan bo‘lsa, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Dilbar Ahmedova o‘z so‘zida partiyaning haqiqiy tadbirkorlar faoliyati ekanligi, Yurtboshimiz esa uning chinakam yo‘lboshchisi ekanligini alohida ta’kidlab, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar sabab bugun ko‘pgina oilalarning yashash sharoiti yaxshilanganligi, buning ortidan esa xalqimiz turmush farovonligi tobora ortayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Konferensiya davomida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov  ham so‘zga chiqib, bugungi kunda partiyaning a’zolari soni 1 million nafarga yetganini mamnuniyat bilan aytib o‘tdi. Shuningdek, o‘tgan davrda partiya a’zolari sonining asosiy qismini faqatgina tadbirkorlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ular safiga turli kasb egalarining ham borligi partiyaning xalq orasiga chuqur kirib borayotganligining belgisi ekanligini ta’kidladi.

Fikrlar, takliflar va  muhokama yakuniga yetgach, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi, O’zLiDePning navbatdagi S’ezdiga delegatlar saylandi. Shu bilan bir qatorda,  O’zLiDeP viloyat Kengashining yangi tarkibi ham saylandi.

Zarnigor Nafiddinova,

 O’zliDeP Buxoro viloyat Kengashi

Matbuot kotibi

Teglar
  • Ko'rildi
    383
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+