Milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish davri keldi

02.09.2021, 16:01

Milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish davri keldi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib berish borasida fikrlar bildirildi. Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotivi, mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak, deya ta’kidlandi.

Vatanimizning 30 yillik qutlug‘ to‘yi nishonlanayotgan shu kunlarda mamlakatimizda ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayapti. Jumladan, yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani, Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilgani, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani so‘zimizga yaqqol misol bo‘la oladi.

Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi. Yurtimizda kichik va xususiy biznes sub’ektlari ikki barobar ko‘payib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega. Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. O’tgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy e’lon qilindi.

Prezidentimiz nutqida aytilgan bu imtiyoz va yengilliklar mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada avj olishida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan yurtdoshlarimizni qizg‘in tabriklar ekanman, Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lida har biringizga quch-quvvat va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    507
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+