Yangi O’zbekistonga tibbiyotdagi ulkan muvaffaqiyatlarimiz bilan kirib boramiz

02.09.2021, 16:05

Yangi O’zbekistonga tibbiyotdagi ulkan muvaffaqiyatlarimiz bilan kirib boramiz

Mustaqillik xalqimizning baxtu iqboli, sha’ni, qadr-qimmati, huquqi va erkinligidir. Ana shu ulug‘ ne’matdan bahra olayotganimizga mana 30 yil to‘ldi. Bu ulug‘ bayramni xalqimiz o‘zgacha shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Kuni kecha xalqimizning faxru g‘ururi timsoli sifatida qad rostlagan “Yangi O’zbekiston” majmuasi ochilganini ko‘rib, juda quvondim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida e’tirof etilgan hayotbaxsh fikrlarni eshitganimda esa yuragimda faxr tuyg‘ulari uyg‘ondi.

Albatta, tan olish kerak, Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasi ham jadal rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Birgina misol: 2016 yilda mavjud bo‘lgan 800 ta “Tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga ko‘paytirildi. Ilgari ko‘plab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni o‘tkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi.
Keyingi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi o‘zimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Mana, olaylik, Respublikamiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan markazlar soni 2016 yilda 10 tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etardi. Bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazildi, joylarda esa 124 ta filial faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2021 yil uchun davlat budjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilib tibbiyot sohasining javokash, aholi sog‘lig‘ini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralari ko‘rilayotgani xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotganidan dalolat bermoqda.

Tibbiyot sohasi vakillarini, ular timsolida barcha yurtdoshlarimizni Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan tabriklab, oilalariga qut-baraka, o‘zlariga bitmas-tuganmas sog‘lik-salomatlik tilayman.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    273
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+