Xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha vazifalar belgilandi

09.11.2021, 09:07

Xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni davlat ob’ektlarini xususiylashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Iqtisodiyotda davlat ishtiroki kamaytirilib, xususiy tadbirkorlik rivojiga keng o‘rin berilmoqda. 2021-2022-yillarda davlat ulushi bo‘lgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish rejalashtirilgan. Joriy yilda 4 trillion 500 milliard so‘mlik 619 ta davlat aktivi sotilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida Shavkat Mirziyoyev davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishini aytgan edi.

Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbari xususiylashtirishning yangi usullarini joriy etish va uning barcha bosqichlarida ochiq-oshkoralikni ta’minlash eng asosiy masala ekanini ta’kidladi.

Xususiylashtirilayotgan korxonalarning moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda, nufuzli xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, yirik tarmoq korxonalarini xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, strategik korxonalar boshqaruviga xalqaro malakaga ega menejerlarni jalb qilish zarurligi aytildi. Qiymati 10 million dollardan yuqori bo‘lgan aktivlarni sotish jarayonida takliflarni qabul qilish va ularni baholash mustaqil xorijiy konsultant tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Sohada kelgusi yilga mo‘ljallangan vazifalar ham ko‘p. Jumladan, 32 ta yirik davlat aktivini sotish, “O‘zsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirish, davlat korxonalarining 368 ta nosohaviy va samarasiz aktivlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Hududlarda 770 ta aktiv sotishga tayyorlangan. Bular orqali byudjetga qariyb 10 trillion so‘m tushum ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Mutasaddilarga shu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz davlat korxonalariga strategik investorlarni jalb qilish, faqat mavjud quvvatlarni ishlatish bilan cheklanmasdan, korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Misol uchun, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida uchta alohida korxona tashkil etgan holda, “kimyo sanoati klasteri” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu klaster infratuzilmasini boshqarish uchun tajribali xususiy operator jalb qilinadi.

Davlatimiz rahbari investorlar sarmoya kiritish bilan birga yangi loyihalar taklif qilishi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni olib kelishi muhimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga, shularni inobatga olgan holda, 2022-yil uchun xususiylashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

  • Ko'rildi
    236
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+