Mahalla – islohotlar poydevori, taraqqiyot yo‘lining lokomotivi bo‘ladi

24.11.2021, 10:20

Mahalla – islohotlar poydevori, taraqqiyot yo‘lining lokomotivi bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev dastlab tumandagi Sarxumdon mahallasiga bordi.

Vazirlik va idoralarni quyi bo‘g‘inga tushirib, joylardagi muammolarni hal etish, barcha dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi.

Sarxumdon mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Ichki yo‘llar, maydonchalar obod qilingan. Yaqinda bu yerda yangi Mahalla guzari qurildi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar o‘yingohi, harbiy vatanparvarlik maydonchasi tashkil etildi.

Mahallada 6 ming 500 nafardan ortiq aholi yashaydi. Bu yerdagi 45 ta ko‘p qavatli uy o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo‘lib, shundan buyon keng ko‘lamda ta’mirlanmagan edi. So‘nggi yillarda mazkur uylarning tom va fasad qismi, kirish yo‘laklari mukammal ta’mirlandi.

Hududda 360 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va 600 o‘rinli xususiy maktab bor. O‘ndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.

Prezidentimiz mahalladagi sharoitlarni ko‘rdi. Harbiy vatanparvarlik maydonchasi bilan tanishuv chog‘ida bu yerga askar va sportchilarni jalb etib, yoshlarni milliy g‘urur va mardlik ruhida tarbiyalash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Mahallada "Yashil makon" loyihasi doirasida ko‘chatlar ekilib, mo‘’jaz bog‘ barpo etilgan. Shavkat Mirziyoyev mahalla oqsoqollari bilan birga ushbu boqqa ko‘chatlar o‘tqazdi. Nuroniylar yurtimizga hamisha tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duo qildi.

Davlatimiz rahbari kutilmaganda Gulobod mahallasiga ham o‘tib, mavjud holatni ko‘zdan kechirdi, odamlar bilan suhbatlashdi.

93 yoshli Anvarxo‘ja ota Prezidentimizni duo qildi. Mahalladagi o‘zgarishlarni ta’kidlab, otalar choyxonasi qurib berishni so‘radi. Shavkat Mirziyoyev bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, otaxonga mustahkam sog‘liq tiladi.

Gulobod mahallasida Shayxontohur tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda 41-umumta’lim maktabi joylashgan. Prezidentimiz mazkur maktablarni ham kirib ko‘rdi, o‘qituvchilar bilan gaplashdi.

– Ko‘rayapsizlar, ta’lim bilan muallimga sharoit yaratishga harakat qilayapmiz. Bugun bu yerga kelib, o‘zimga ko‘p xulosa qildim. Bu maktab binosini ham yangilaymiz. Fanlar uchun, sport uchun yaxshi sharoitlar bo‘ladi. Bugun bir tarixiy kun bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz 41-umumta’lim maktabi oshxonasi taomnomasini ko‘zdan kechirdi. Maktab oshxonalarida sifatli, to‘yimli, balanslashtirilgan taomnoma bo‘lishi uchun keytering xizmatini autsorsing asosida tashkil qilish borasida puxta loyiha tayyorlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Maktab hududini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ko‘chatlarini ekish va eng asosiysi, o‘quvchilarning bu boradagi ko‘nikmalarini bolaligidanoq shakllantirib borish zarurligi qayd etildi.

Prezident mahallalar aholisi bilan muloqot qildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari tumandagi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikani borib ko‘rdi.

Ushbu shifo maskani 1994 yilda qurilgan, 2017 yilda rekonstruksiya qilingan. Bu yerda terapiya, nevrologiya, kardiologiya, revmatologiya, allergologiya, pediatriya, jarrohlik kabi bo‘limlar, tashxis uskunalari mavjud.

Markaziy poliklinika va uning tarkibidagi 9 ta oilaviy poliklinikada tumanning 51 ta mahallasida yashovchi 346 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Prezidentimiz ushbu poliklinikalar negizida tibbiyot klasteri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

– Zamon talabi shunday: xususiy tibbiyot rivojlanib boraveradi. Aholining bir qismi xususiy klinikalarga boradi. Lekin davlat barcha aholini sifatli tibbiyot bilan qamrab olishi kerak. Shuning uchun bu yerni klasterga aylantirib, davolashni manzilli yo‘lga qo‘yish, samaradorligi va qamrovini oshirish zarur. Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga bu borada topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Olim Xo‘jayev nomidagi mahallada ham bo‘ldi. Bu yerda o‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan ikki qavatli uylarni renovatsiya dasturi asosida yangilash rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga bu boradagi loyiha haqida ma’lumot berildi. Prezidentimiz mahalladagi nuroniylar, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.

Prezident tumandagi “Real Teks Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.

Qiymati 50 million dollar bo‘lgan mazkur korxona shu yil may oyida ishga tushirilgan. Zamonaviy uskunalar o‘rnatilib, ip-kalava, mato va tayyor to‘qimachilik tovarlari ishlab chiqarish, bo‘yash va gul bosish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida 390 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 19 million dollarlik eksport qilingan.

Korxona yiliga 22 ming tonna ip-kalava, qariyb 6 million pogon metr mato tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 1 ming 800 kishi ish bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga qayta ishlashning keyingi bosqichlarini o‘zlashtirib, mahsulot turlari va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish bo‘ldi. Yig‘ilishda yangi tizim asosida mahallalarda tuman hokimi yordamchisi hamda Toshkent shahar hokimining yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimlarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

– Dunyoda bunday tajriba ham, kitob ham yo‘q. Buning uchun, avvalo, fidoyi bo‘lish, xalqni sevish kerak. Bu ikki lavozimda ishlaydiganlar mahallada islohotlar poydevori bo‘ladi. Ular tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradi. Ushbu vazifa katta mas’uliyat va sharafdir, – dedi Prezident.

Shayxontohur tumani bo‘yicha yangi tayinlangan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari so‘zga chiqib, mahallalardagi muammolar, ularni hal etish borasidagi takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari ularni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

  • Ko'rildi
    681
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+