Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratildi

20.12.2021, 10:14

Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratildi

17-dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidentining Seul shahridagi “Chong Va De” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy martabali mehmon va uning rafiqasi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Tantanali marosimda Tonggi soflik mamlakatining qadimiy tarixi va yorqin zamonaviyligi o‘z aksini topdi.

So‘ng davlat rahbarlari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Koreya Respublikasi Prezidenti oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Seul Toshkent bilan hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi.

- Hurmatli Shavkat Mirziyoyev janoblarini, mening qadrli birodarimni qutlayman. Seulga xush kelibsiz. Shu yil yanvar oyidagi uchrashuvimizni yaxshi eslayman. O‘sha muloqotimiz joriy yilning birinchi oliy darajadagi uchrashuvim bo‘ldi. Bugun esa Siz bilan yil yakunida yuzma-yuz ko‘rishib turibmiz. Mening diplomatik tadbirlarim aynan Siz bilan boshlanib, yakuniga yetayotganidan ayniqsa mamnunman. Koreya va O‘zbekiston alohida strategik sheriklik munosabatlari bilan bog‘langan hamkorlardir. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan qishloq xo‘jaligi uskunalari va elektr texnikasi ishlab chiqarish, energotexnika tarmog‘i va energetika, sanoat korxonalarini barpo etish kabi sohalarda turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Sizning tashrifingiz doirasida qator muhim hujjatlarga imzo chekiladi. Biz O‘zbekiston bilan yelkama-yelka turib, global iqlim o‘zgarishlariga qarshi turishga, “aqlli” shaharlar, smart-fermalar, AKT va elektrik avtomobillar ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz. Kelayotgan yilda biz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaymiz. Umid qilamanki, yangi yilda biz birgalikda farovonlikning yangi sahifasini ochamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirib, ochiqlik va o‘zaro ishonch ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

- Uchrashib turganimizdan juda mamnunman. Davlat tashrifi bilan go‘zal Koreyaga kelishga taklif qilganingiz va har doimgidek iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorman. Hozir ob-havo sovuq, lekin koreyalik birodarlarimizning qalbi qaynoq.  Biz mamlakatingiz va koreys xalqiga alohida bir samimiyat bilan qaraymiz. Mentalitetimiz, an’ana va ma’anaviy qadriyatlarimiz o‘xshash. Sizning “Yangi siyosat”ingiz yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, innovatsion va “yashil” taraqqiyot sohalarida yurtingiz yetakchiligini mustahkamlash, iste’dodli koreys xalqining ulkan intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.  

Mana 15 yildirki, mamlakatlarimiz strategik sherikdir. Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje Inning do‘stligi va siyosiy irodasi esa O‘zbekiston-Koreya hamkorligiga yangi sur’at bag‘ishlashga kuchli rag‘bat bo‘ldi.

Davlat rahbarlari to‘rtinchi bor uchrashmoqda. 2017 yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. 2019 yil aprel oyida Prezident Mun Chje Inning O‘zbekistonga javob tashrifi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida Alohida strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. 2021 yil yanvar oyidagi onlayn sammitda esa yetakchilar o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish bo‘yicha qator yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdilar.

Koreyaga bu galgi tashrif faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston yetakchisi uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishni davrni o‘zi taqozo qilayotganini alohida ta’kidladi. Ikki mamlakat hamkorligi global iqtisodiyotning bugungi tahdidlariga to‘liq javob berishi kerak.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni qariyb ikki barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston va Koreya Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish masalasida ancha ilgariladi. Uchrashuvda ushbu hujjatning kelgusi yilda imzolanishi tufayli tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish va muvozanatga keltirish imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Koreyaning O‘zbekistonga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Joriy yilda 320 million dollar, ya’ni 2020 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p o‘zlashtirildi. Bu mablag‘lar hisobiga kimyo, neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koreya Eksimbanki hamda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) bilan ko‘p yillik samarali hamkorlik alohida diqqatga sazovor. Masalan, ushbu jamg‘arma doirasidagi moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollarga yetkazildi. 2023 yilga qadar O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga salmoqli mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sermahsul sheriklik ham kengaymoqda.

O‘zbekiston Prezidenti yaqin davrga mo‘ljallangan hamkorlikda uchta asosiy yo‘nalish: “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash masalalari kun tartibida turganini ta’kidladi. Istiqboldagi barcha qo‘shma loyihalar, dastur va harakatlar rejalarini shu asosiy ustuvorliklardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning inson kapitali va tabiiy resurslari Koreya Respublikasining istiqbolli texnologiyalari va bilimlari bilan birlashsa, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish mumkinligini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari  Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish fondini (EDPF) jalb qilgan holda Toshkent viloyatida yarimo‘tkazgich va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya klasterini tashkil etish taklifini bildirdi. Uning hududida fan-ta’lim muassasalari, ilg‘or texnologiyalar sohasidagi tadqiqot va ishlanmalar markazlarini joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Tomonlar qayd etganidek, mamlakatimizda birgalikda tashkil etilgan To‘qimachilik texnoparki va Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi markazi faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirish davom ettiriladi.

O‘zbekiston Koreyaning raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “aqlli shaharlar”, autsorsing, aloqaning yangi avlodi va internet-texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan o‘z amaliyotida foydalanishdan manfaatdor.

Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, maktabgacha va oliy ta’lim sohalarida jiddiy hamkorlik qilmoqda. Tibbiyotda amalga oshirilgan ilk yirik qo‘shma loyiha natijasida o‘tgan yildan buyon Toshkent shahrida Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi faoliyat yuritmoqda.

Koreya ta’lim modeli dunyodagi eng namunali tajribalardan biridir. Aynan shu bois yurtimiz maktabgacha ta’lim tizimi Koreyadagi hamkorlarning ilg‘or tajribasi va bilimlari asosida to‘liq isloh qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti universitetlar o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlab, ularning muntazam muloqoti uchun doimiy maydon yaratish, kelgusi yilda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Muzokaralar chog‘ida pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi iqtisodiy o‘sish lokomotivlaridan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma ob’ektlari qurilishi bilan bog‘liq loyihalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi O‘zbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini nishonlaydilar.

Davlatimiz rahbari 2022 yilni “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va san’at uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi.

Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Koreyaning ko‘plab masalalar yuzasidan qarashlari o‘xshashdir. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-biriga ko‘maklashmoqda. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishini, shuningdek, 2023 yilda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasini o‘tkazish joyi sifatida Samarqand nomzodini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Koreyaning 2024-2025 yillarda BMT Xavfsizlik kengashi muvaqqat a’zosi bo‘lish niyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” forumining mintaqamiz barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashishdagi o‘rni kuchayib borayotganini yuqori baholadi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyiha va dasturlarini ilgari surish maqsadida parlamentlar va hukumatlar darajasidagi muloqotning yangi samarali mexanizmlarini joriy qilishni taklif etdi. 

O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi, uning doirasida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga ko‘ra, alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratuvchi tarixiy voqea bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    118
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+