Kadastr sohasidagi ishlar tahlil qilindi

22.12.2021, 09:31

Kadastr sohasidagi ishlar tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda yerni asrab-avaylash, adolatli ajratish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Joriy yilda qishloq yerlarini ochiq tanlov asosida ajratish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan joylarni auksion asosida xususiylashtirish to‘g‘risida qonun qabul qilindi.

 2020-yil 7-sentabrda “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni imzolangan edi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Kadastr agentligi tashkil etildi. Farmonda ko‘plab yangiliklar qatori davlat kadastrlari ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish va Milliy geoaxborot tizimiga kiritish vazifasi ham belgilangandi. 

Shunday qilib, O‘zbekiston tarixida ilk bor qishloq xo‘jaligi yerlari yalpi xatlovdan o‘tkazilmoqda. Bugungi kungacha 23 million gektar qishloq yerlarining elektron xaritalari yaratildi. Shundan, 22 million gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ilgari hisobga olinmagan 412 mingta ko‘chmas mulk kadastr bazasiga kiritildi, 478 mingta ob’ektda qo‘shimcha qurilmalar aniqlanib, kadastr bahosi qayta ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, xatlovda ko‘plab xatoliklar ham yuzaga chiqmoqda. Misol uchun, elektron hisobga olinayotgan qishloq xo‘jaligi yerlari qog‘ozda yuritib kelingan Yer fondi hisoboti bilan farq qilmoqda.

Bundan tashqari, yo‘l, elektr, gaz ta’minoti, suv xo‘jaligi, obodonlashtirish ob’ektlari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham ko‘plab muammolar mavjud.

Bular qilinadigan ishlar hali ko‘pligini ko‘rsatadi.

Shu bois yig‘ilishda galdagi muhim vazifalar belgilandi.

Avvalo, qishloq xo‘jaligi yerlarini hisobga olish ishlarini kelgusi yil 1-aprelgacha yakunlash muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun qishloq xo‘jaligi yer balansidagi 2 million 700 ming gektar maydonning toifasini aniqlash zarur.

Kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, keyin tanlovga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar ham ko‘pki, ulardan ham samarali foydalanish zarur. Masalan, o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida 10 million gektardan ziyod, suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 820 ming gektar, avtomobil yo‘llari atrofida 450 ming gektar yer bor. Shuningdek, 3 million 300 ming gektar yer hokimliklar zaxirasida turibdi.

Davlatimiz rahbari bu yerlarning elektron xaritasini tuzish va davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

Ichki yo‘llar va ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni doimiy foydalanishga ajratish mumkinligi qayd etildi.

Yana bir muammo – yer balansida aholi yashash maydonlari 223 ming gektar bo‘lsa-da, amalda 1 million gektardan oshib ketgan. Shu bois, bunday ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazib, uning natijasi bo‘yicha elektron xarita tuzish hamda aholi uchun ochiq onlayn platformaga joylashtirish vazifasi qo‘yildi.

Kadastr idoralarining sharoitlarini yaxshilash, uskunalarini yangilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

  • Ko'rildi
    88
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+