Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli

18.03.2022, 17:43

Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Bu tadbirga uzoq tayyorgarlik ko‘rilib, ham shifokorlar, ham bemorlarning fikrlari so‘ralgan edi. Jami 25 mingdan ziyod murojaatlar qabul qilindi. Ularning 8 mingdan ko‘pi shaxsiy bo‘lib, joyida hal etilmoqda. 17 mingtasi esa tizimga oid masalalardir.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ularni umumlashtirib, 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ikkinchisi – tez tibbiy yordamni rivojlantirish, uchinchisi – tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, to‘rtinchisi – soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, beshinchisi – shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, oltinchisi – jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish, yettinchisi – kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.

Prezident bu yo‘nalishlarning har biriga atroflicha to‘xtalib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Masalan, murojaatlarning 55 foizi birlamchi tibbiyot muassasalari haqida bo‘lgan. Shu bois, joylarda poliklinikalar tarmog‘i yanada kengaytirilishi ta’kidlandi.

Xususan, 2 mingdan ziyod olis mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi. “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtirilib, chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi, uy-joy sotib olishiga ko‘maklashiladi. Bunday joylarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi. Nafaqaga chiqqan tajribali shifokorlarga o‘z uyida yoki ijara binoda davolashiga ruxsat beriladi.

Ikkinchi yo‘nalishga asosan, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida dastur qabul qilinadi. Eng avvalo, “103” tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Tez yordam tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatadi. 2022-2025-yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi.

So‘nggi besh yilda 2 mingga yaqin tibbiyot muassasasi qurilib, ta’mirlandi. Bu ishlar davom ettirilib, 1 ming 100 ta shifo maskanidagi sharoitlar yaxshilanadi. Birlamchi bo‘g‘indan boshlab, tibbiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Ikki yil ichida barcha tibbiyot muassasalari yangi kompyuterlar bilan jihozlanadi. Qog‘ozbozlik qisqartirilib, zamonaviy uslub va uskunalarda ishlashga o‘tiladi.

To‘rtinchi yo‘nalishda tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Joriy yil 1 iyundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab 15 foizgacha oshiriladi. Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi. Barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘rik bepul o‘tkaziladi.

Sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash ham dolzarb masalalardan. Tizimdagi shifokorlarning 45 foizi, hamshiralarning esa 40 foizi malaka toifasiga ega emas. Ko‘p muassasalarda mutaxassis yetishmaydi.

Shu bois 2022-2023-o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi. Tibbiyot oliygohlarida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, oilaviy shifokorlarni hududlarda zarur mutaxassislik bo‘yicha maqsadli o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari oliy ta’lim muassasalariga biriktiriladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz genetik omillarga, 9 foiz sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq. Shu bois oltinchi yo‘nalish jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirishga qaratilgan.

Joriy yildan boshlab, tibbiy brigada, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinishi aytildi. Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari mukofotlanadi. “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Yettinchi yo‘nalishda kasalliklarning oldini olish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda tibbiyot tizimi “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” tamoyili asosida moliyalashtirilishi belgilandi. Tibbiy sug‘urta tizimi yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, kelgusi yillarda barcha hududlarda yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi yaratilib, tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni o‘tkazish imkonini beradigan milliy tizim joriy etiladi.

Prezidentimiz ma’ruzasida aytilgan har bir vazifa bo‘yicha aniq moliyaviy manbalar, texnik yechimlar va amaliy mexanizmlar belgilandi.

– Biz xalqimiz salomatligi uchun har qancha mablag‘ va kuch-imkoniyat sarflashga tayyormiz. Shaxsan men uchun xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli. Lekin sohaga ajratilayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanilyaptimi? Meni shu savol ko‘p o‘ylantiradi. Soha rahbarlari har bir so‘mning qadriga yetishi, ularning samarasini odamlarimiz o‘z hayotida his etishi lozim, – dedi Prezident.

Tizimda korrupsiyaga butunlay chek qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. 

– Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Ochiq muloqotda shifokorlar so‘zga chiqib, faoliyatida duch kelayotgan muammolar, taklif va mulohazalarini aytdi. Prezidentimiz ularni mutaxassislar ishtirokida muhokama qilib, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

  • Ko'rildi
    138
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+