O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda

30.03.2022, 11:58

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 29 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan Toshkent xalqaro aeroportida Turkiya Respublikasi Prezidenti va uning rafiqasini Prezident Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kutib oldi.

Ta’kidlash lozimki, Turkiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Xalqlarimiz ko‘p asrlik tarixi, tili, dini, qadriyatlari va mushtarak urf-odatlari bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan. Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugungi kunda izchil mustahkamlanib bormoqda.

Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbari hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Mehmonga majmuada aks ettirilgan tarix va mazmun haqida so‘zlab berildi.

Ta’kidlash joizki, bu xorijiy davlat rahbari tashrifi chog‘ida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilgan birinchi shunday marosim bo‘ldi va kelgusida an’anaga aylanadi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkiya davlat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul tantanali ravishda davlat rahbarlari oldidan saf tortib o‘tdi.

Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ham hozir bo‘ldi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tor doirada muzokaralar o‘tkazdi.

Yetakchilar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda asosiy e’tibor strategik sheriklik munosabatlari darajasini yuksaltirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga qaratildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an kooperatsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining muhim yo‘nalishi ekanini qayd etdilar.

Shu ma’noda, mamlakatlarimizning katta salohiyati va imkoniyatlarini, jumladan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mexanizmidan faol foydalanish orqali ro‘yobga chiqarish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almasharkan, mamlakatlarimizning pozitsiyalari o‘xshash ekanini qayd etdilar. Ko‘p tomonlama xalqaro institutlar doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisini qutlar ekan, o‘zaro hamkorlikda yuksak darajaga erishilganidan, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoatchiligi o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakatlarimizning qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sherikligi barcha sohalarda o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivoj topayotganini alohida qayd etdi.

Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Savdo va investitsiya sohalarida aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jumladan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi.

O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tomonlar sheriklikni, shu jumladan, savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldilar.

O‘zbekistondagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.

Hamkorlik ko‘lami kengayganini hisobga olib, tomonlar munosabatlarni yangi darajaga – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qildilar.

Muzokaralar yakunida Rejep Tayyip Erdog‘an Shavkat Mirziyoyevga ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga tashrifi doirasida yana bir muhim voqea – Toshkent viloyatida zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirish hamda Sirdaryo viloyatida shunday stansiya qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi. Ushbu loyihalar Turkiyaning «Cengiz Enerji» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev marosimda nutq so‘zlar ekan, loyihalarning ahamiyatiga to‘xtaldi, ushbu majmualar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik samaralarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi. Oxirgi bir yilning o‘zida turkiyalik kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun juda muhim bo‘lgan 5 ta yirik energetika loyihalari amalga oshirilgani alohida qayd etildi. Xususan, ushbu stansiyalarning umumiy quvvati bugungi loyihalar bilan qo‘shib hisoblaganda 1,4 ming megavattga yetadi.

O‘zbekiston energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish natijasida 2026 yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilishi ta’kidlandi. Ular qo‘shimcha 71 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini yaratadi, yiliga 12 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Davlatimiz rahbari elektr stansiyasini bunyod etishda qatnashgan muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi. So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirdi va Xovos tumanidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi.

Qibraydagi IES quvvati 240 megavatt bo‘lib, yiliga 2 milliard kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi.

Xovos tumanidagi yangi issiqlik elektr stansiyasi 220 megavatt quvvatga ega, unda yiliga 1 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzoladilar.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 9 ta hujjat imzolandi.

Jumladan:

– Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim;

– Davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnoma;

– Mehnat va bandlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;

– Sud ekspertizasi sohasida hamkorlik memorandumi;

– Qurilish sohasida anglashuv memorandumi;

– Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi;

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan Turkiyaning “Anadolu” agentligi o‘rtasida Hamkorlik bitimi.

 

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida xalqlarimizni Navro‘z bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi. Millatlarimizning tarixi birligi va bugungi yaqinligiga e’tibor qaratdi.

– Buyuk ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgan yurtlarimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hududlar sifatida shuhrat qozongan. Hozirda turk qardoshlarimiz bizdan minglab kilometr olisda yashayotgan bo‘lsalar-da, tillarimiz va dillarimiz nihoyatda yaqindir. Bizning tarixiy ildizlarimiz bir, bugungi orzu-intilishlarimiz ham mushtarak, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi aloqalar rivojiga katta hissa qo‘shayotgani, uning bugungi yig‘ilishi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani ta’kidlandi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi yuqori darajasidan kelib chiqib, munosabatlarimizni keng qamrovli strategik sheriklik maqomiga ko‘tarishga kelishib oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatlarimiz davlat-xususiy sheriklik mexanizmini rivojlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishdan ham manfaatdor.

O‘tgan yili Anqara va Istanbulda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda turk tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkshunoslik fakulteti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yaqinda Toshkentda barcha turkiy xalqlarning buyuk madaniy merosi bo‘lgan noyob asar – “Dada Qo‘rqut kitobi” o‘zbek tilida to‘liq holda nashr etildi. O‘nlab dostonlardan iborat ushbu qimmatli kitob ajdodlarimizning shonli tarixi, ota-bobolarimiz jasorati va donishmandligidan darak beradi.

Davlatimiz rahbari ushbu kitobni Turkiya Prezidentiga tuhfa qildi.

– Sizning tashrifingiz hamkorligimiz uchun yangi va yuksak imkoniyatlar yaratishga juda katta hissa qo‘shadi. Ota yurtingiz eshiklari Siz va barcha turkiyalik qardoshlarimiz uchun doimo ochiq, – dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chat o‘tqazdi.

Bu yil O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilganiga 30 yil, Strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganiga 5 yil to‘ldi. Ushbu nihol hamkorlik rivojida yangi davr boshlanayotgani, mushtarak ezgu niyatlarning ramzi bo‘ldi.

Mazkur xiyobonda boshqa hamkor davlatlar rahbarlari ekkan daraxtlar ham bor.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    1121
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+