G‘allachilikda bozor mexanizmlarini joriy qilish davom ettiriladi

16.05.2022, 09:32

G‘allachilikda bozor mexanizmlarini joriy qilish davom ettiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

So‘nggi vaqtda jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy narxi 400 dollarga ko‘tarildi va yil boshiga nisbatan narxlar 30 foizga oshdi.

Narx-navo barqarorligiga erishish uchun birinchi navbatda g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarurati tug‘ilmoqda. Shu munosabat bilan yig‘ilishda fermerlar manfatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish maslalari muhokama qilindi. 

So‘nggi yillarda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna bo‘lgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. O‘tgan yili respublika bo‘yicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Yig‘ilishda “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emasligi, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanilmayotgani, shuningdek davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmaganligi tanqid qilindi. 

Davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotgani qayd etildi. O‘zbekiston xalqi, fermer-dehqonlar anchadan buyon kutgan don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetganligi ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbari barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda, 1 iyundan boshlab, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini ma’lum qildi. 

Fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani birja savdolariga olib chiqishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratiladi. Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun  3 million so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bug‘doy ehtiyojga qarab birjaga chiqaradi. Bunda fermerlarga iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, o‘rt́adagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi. Buning uchun joriy yilda davlatdan 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi. 

Bundan tashqari, fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab, ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi. Bunda 500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Davlat rahbari bug‘doy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro‘yxatdan o‘tkazish va brokerlarni biriktirib, o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. 

Joriy yil jami g‘alla hosili uchun 7,6 trillion so‘m ajratilmoqda. Yangi tizimni to‘laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlashi, har bir so‘m fermer va klasterga o‘z vaqtida, to‘liq yetib borishi, narx-navoni o‘sishi va taqchillikni oldini olish bo‘yicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi. 
- Bug‘doyning haqiqiy egasi, bu – fermer va klasterlar, dedi davlat rahbari. - Bundan buyon, tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda 

yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi, - dedi davlatimiz rahbari.

“O‘zdonmahsulot” korxonalari va xususiy korxonalarni aylanma mablag‘ uchun 800 milliard so‘m miqdorida kredit resurslari ajratiladi.

Prezident zamonaviy, ixcham, energotejamkor un ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish, g‘alla maydonlarini kengaytirish va hosildorlikni oshirish, chekka va olis qishloqlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.  Viloyat hokimlari un va un mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan va chetdan olib kelib, bozorda mahsulot taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik va narxlar barqarorligini ta’minlashga shaxsan mas’ul va javobgar ekanligi qayd etildi. 

Don korxonalarini xususiylashtirish ishlari ham jadallashtiriladi. Mutasaddilarga 1 avgustga qadar 20 ta don korxonasidagi davlat ulushini savdoga chiqarish topshirig‘i berildi. 

Yig‘ilish kun tartibidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari ham o‘rin oldi. 

Joriy yilning mart-may oylarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Oqibatda 9 nafar inson halok bo‘ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo‘ldi.

Bunga sel va ko‘chki xavfi yuqori hududlarda yillar davomida betartib qurilishlar qilingani, pala-partish sug‘orilgani ham sabab bo‘layotgani qayd etildi.

 Prezidentimiz mutasaddilarga tog‘ daryolari va soylari, sel yo‘llari joylashgan hududlarda tunu-kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va qutqaruv otryadlarini ko‘paytirish, daryo qirg‘oqlari, suv omborlari, selga qarshi inshootlarning favqulodda vaziyatlarga shaylik holatini o‘rganib, ularni mustahkamlash hamda xavfli hududlarda yashayotgan xonadonlarni xavfsiz hududlarga doimiy ko‘chirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

  • Ko'rildi
    438
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+