Oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rildi

02.06.2022, 16:34

Oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31-may kuni aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlarning o‘sishi kun sayin kuchaymoqda. Jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i 33 foizga, shakar 14 foizga, neft 47 foizga oshdi.  Albatta, bu yurtimizdagi narx-navoga ham ta’sir ko‘rsatayapti. Masalan, may oyida Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida kartoshka, un, shakar qimmatlashgan.

Shu bois yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, jumladan, parrandachilik va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.

Arzon, to‘yimli va tez yetishtiriladigan mahsulotlar bu parranda go‘shti va tuxumdir. Lekin, ko‘p viloyatlarda parranda go‘shti aholi talabiga yarasha yetishtirilmayapti. Bu yo‘nalishdagi 50 dan ziyod yirik korxona yarim quvvatda ishlamoqda. Ularni ozuqa, jumladan, bug‘doy bilan ta’minlashda qiyinchiliklar mavjud.

Bu masalani hal etish uchun aniq chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, 1 iyundan boshlab parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m “revolver” kredit ajratiladi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi orqali kredit garovining 50 foiziga kafillik beriladi va 17 foizidan oshgan qismi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, parrandachilik xo‘jaliklariga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit muddatini uzaytirish taklifi bildirildi.

Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni to‘g‘ri joylashtirish, ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqish ham yaxshi samara beradi. Misol uchun, Nurobod tumanida tadbirkorlar inkubator tarqatib, aholi bilan birga, parranda go‘shti va tuxum yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan edi. Bugungi kunda bu mahsulotlar tumandan ortib, Samarqand shahri va qo‘shni tumanlarga ham yetkazib bermoqda.

Yig‘ilishda ushbu tajribani kengaytirib, parrandachilik xo‘jaliklarini muayyan mahallalarga biriktirish, aholiga parrandachilik bo‘yicha o‘quvlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bunday xo‘jaliklarga har bir mahalla uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ular bu mablag‘ hisobidan aholini jo‘jalar va ozuqa bilan ta’minlaydi.

Chorvachilik – aholi to‘qligi va narx-navo barqarorligida muhim soha. Eng ko‘p turdagi oziq-ovqat mahsulotlari shu tarmoqda yetishtiriladi. 

Joriy yil 8-fevralda “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, chorvachilik xo‘jaliklariga go‘shtning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan subsidiya 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mga, sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshirildi. Xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi barcha to‘lovlardan ozod etildi. Sohaga 170 million dollar imtiyozli kredit liniyalari ochildi. 200 ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydonlariga ozuqabop ekinlarni almashlab ekish belgilandi.

Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar hududlar kesimida ko‘rib chiqildi. Xususan, sohadagi imkoniyatlardan foydalanib, Andijon, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 18 ming bosh molga mo‘ljallangan 35 ta chorvachilik xo‘jaligi tashkil qilindi. Lekin, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 70 ta kompleksni ishga tushirish kechikayotgani qayd etildi. Aholi xonadonlarida kooperatsiya usulida go‘sht va sut yetishtirish ham tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. 

Bundan tashqari, paxta va g‘allaning o‘rniga almashlab ozuqa ekiladigan 200 ming gektar maydon bo‘yicha ham ishlar haligacha aniq rejalashtirilmagan.

Shu bois Bosh vazir o‘rinbosariga almashlab ekishni har bir tuman kesimida aniq tasdiqlab, tashkil etish, fermerlarni serhosil ozuqa urug‘lari bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, chorva xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga veterinariya xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish muhimligi alohida ko‘rsatib o‘tildi. 

Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Xususan, go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva, o‘simlik yog‘i kabi 22 turdagi oziq-ovqat joriy yil 1-maygacha bojxona bojlaridan ozod qilingan edi. Endi bu muddat 2023-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi. Shuningdek, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi. Davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga bozorda raqobatni ta’minlash va narxlar asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, oziq-ovqat tarmoqlari rahbarlari axborot berdi.

  • Ko'rildi
    584
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+