O‘zbekiston va Vengriya Prezidentlari strategik sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

05.10.2022, 15:46

O‘zbekiston va Vengriya Prezidentlari strategik sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

Budapesht shahridagi Shandor saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi, yetakchilar birgalikda suratga tushdilar.

Prezidentlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va o‘xshash mentaliteti do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Arminiy Vamberi va Isxak Ibragim kabi sharqshunos olimlar tarixiy rishtalarimiz va boy madaniy merosimizni o‘rganishga katta hissa qo‘shgani alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, siyosiy muloqot chuqurlashib, o‘zaro ko‘mak davom ettirilayotgani, parlamentlararo va jamoatchilik aloqalari kengayib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.  

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobar oshgani ta’kidlandi.

Bu boradagi ishlarni faollashtirishda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi va 3-oktabr kuni Budapeshtda ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazgan O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi muhim o‘rin tutmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qo‘shilgani o‘zaro savdoni salmoqli darajada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini rivojlantirishda madaniy-gumanitar soha alohida o‘ringa ega. Vengriya Hukumati “Xungarikum” dasturi doirasida o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar uchun har yili ajratiladigan kvotani 170 tagacha oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilgani aytildi.

O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqotni va o‘zaro ko‘makni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    528
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+