O‘zbekiston – Qirg‘iziston: tarixiy kelishuvlarga boy samarali tashrif

30.01.2023, 11:53

O‘zbekiston – Qirg‘iziston: tarixiy kelishuvlarga boy samarali tashrif

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Davlat tashrifining asosiy tadbirlari 27 yanvar kuni o‘tkazildi.

Dastlab Bishkekdagi “Ala-Archa” qarorgohida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar. 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, keyingi ikki yilda O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligi samarali rivojlanganini qayd etdi.

– Qirg‘iziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo‘shnimiz va vaqt bilan sinalgan do‘stimizdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar oxirgi ikki yilda o‘zaro munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga erishgani ta’kidlandi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilgani esa tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.

Muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi yetti barobarga ko‘payganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Ikki mamlakat hukumatlariga savdo hajmini yanada oshirish va o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish yuzasidan birgalikda ishlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Sanoat, to‘qimachilik, energetika, kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu maqsadda O‘zbekiston – Qirg‘iziston taraqqiyot fondining salohiyati yanada faol ishga solinadi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro muloqot maydonlari doirasidagi hamkorlikni, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, zamonaviy xatar va tahdidlarga samarali qarshi kurashish masalalarini ham muhokama qildilar.

So‘ng muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari, qator vazirlik va viloyatlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi.

Davlatimiz rahbari yana bir bor samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Sadir Japarov rahbarligida Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar O‘zbekistonni quvontirayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajadagi muloqotlar tizimli va faol tus olgani hamkorlikni salmoqli darajada mustahkamlash, yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va amaliy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Tomonlar o‘zaro strategik sheriklikni chuqurlashtirish borasida birgalikda ishlashga qat’iy intilishini bildirdilar. Mamlakatlarimiz o‘rtasida tuzilgan Chegara to‘g‘risidagi shartnoma qardosh xalqlarimiz tomonidan ko‘tarinki ruh bilan qabul qilingani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi. Bu, birinchi navbatda, o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirishdir.

Shu maqsadda tomonlar uchinchi mamlakatlardan import o‘rnini o‘z ishlab chiqaruvchilarimizning arzon mahsulotlari bilan to‘ldirish, shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo markazlarini tashkil etish masalalarini o‘rganishga kelishib oldilar.

Sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklif qilindi. Avtomobillar, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash shular jumlasidan.

Mamlakatimiz yetakchisi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni muhim yo‘nalish sifatida qayd etdi.

Intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, kartoshka, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan agrokooperatsiya dasturini amalga oshirish shu maqsadlarga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi sheriklik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, “Andijon – O‘sh – Irkishtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini to‘liq ishga solish, shu maqsadda qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokaralarda energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Gidroenergetikadagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, Qambarota GES-1 qurilishi borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Tarixi va dini, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, ulug‘ qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning 95 yilligini keng nishonlash, O‘shda Bobur nomidagi O‘zbek musiqali drama teatrining ochilishida birgalikda spektakl namoyish etish, ziyolilar va yoshlarni faol jalb qilgan holda yangi format – Avlodlar muloqotini tashkil etish, talabalar spartakiadasi, qo‘shma festival va konsertlar, ijodiy tadbirlarini o‘tkazish taklif qilindi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar.

Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangan, shu jumladan:

– O‘zbekiston – Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish to‘g‘risida bayonnoma;

– Qirg‘iz Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan dastur;

– Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

–  Fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi bitimga Bayonnoma;

– Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma.

Vazirlik va idoralar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, bojxona, sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, shuningdek, Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash rejasi imzolandi.

Shuningdek, Jizzax va Issiq ko‘l, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Botken, Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturlar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.

– Davlat tashrifimiz O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ishonch va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar natijalarini yuksak baholadi. Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, uni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilganlarini ta’kidladi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgani ikki tomonlama munosabatlarda chinakam tarixiy voqea bo‘lgani qayd etildi.

– Chegarani delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani ikki tomonlama hamkorlik va hududlararo almashinuvlar rivojida muhim o‘rin tutadi, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan muhim hujjatlardan biri Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya bo‘ldi. Bu, davlatimiz rahbari qayd etganidek,  mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojida yangi davrning boshlanishidir.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash yetti barobarga ko‘paydi va 1,3 milliard dollarga yetdi.

Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan, importning o‘rnini faol to‘ldirish va savdo markazlarini tashkil etish orqali ikki milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Kuni kecha o‘tgan biznes-forumda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik shartnoma va kelishuvlar imzolangani ham ushbu maqsadning muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi.

Avtomobillar, qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari va ip-kalava, elektrotexnika tovarlari va elektron hisoblagichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan yirik kooperatsiya loyihalari  shular jumlasidan.

Tomonlar ikki mamlakat korxonalari va sarmoyadorlari ishtirokida energetika va kon tarmoqlarida, shu jumladan, ko‘mir sanoatida yirik infratuzilmaviy loyihalarning amalga oshirilishidan manfaatdor.

Bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish uchun O‘zbekiston – Qirg‘iziston taraqqiyot fondi kengaytiriladi, Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur hamda Sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish to‘g‘risida bitim qabul qilindi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida tomonlar mamlakatlarimizning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini birgalikda yetishtirish va yetkazib berishga kelishib oldilar.

Yana bir strategik yo‘nalish – transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish.

– Sa’y-harakatlarimizning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan transport sohasidagi hamkorlikning samaradorligiga bog‘liq, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Muzokaralar davomida yetakchilar “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga ahdlashib oldilar. Energetika sohasi ham, xususan, Qambarota GES-1ni birgalikda barpo etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

– Ushbu megaloyiha, hech shubhasiz, nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘izistonning, balki butun mintaqamizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish mazkur aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘sh shahrida rekonstruksiyasi yakuniga yetayotgan Bobur nomidagi O‘zbek musiqali drama teatri qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi bo‘lishi ta’kidlandi.

Shu bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi.

  • Ko'rildi
    647
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+