O‘zbekiston – Misr hamkorligida yangi davr boshlanmoqda

22.02.2023, 18:38

O‘zbekiston – Misr hamkorligida yangi davr boshlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining taklifiga binoan 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

O‘zbekiston va Misrni, garchi oradagi masofa uzoq bo‘lsa-da, tarixiy-madaniy mushtaraklik, an’anaviy do‘stlik va yaqin hamkorlik birlashtirib turadi. Davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga ilk tashrifi ana shu azaliy aloqalarni bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda, yangi asosda ravnaq toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimizning ushbu tarixiy tashrifidan katta natijalar kutilayapti. Misr biz uchun butun Afrika mintaqasi davlatlarini bog‘lovchi darvoza hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu mamlakat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha boy tajribaga ega.   

O‘zbekiston va Misr o‘z mintaqalarida faol iqtisodiy savdo, investitsiyaviy va logistika muhitini yaratmoqda. Shu salohiyat birlashtirilsa ko‘plab yangi bozorlar paydo bo‘ladi.  

Tashrifning asosiy tadbirlari 21 fevral kuni o‘tkazildi.

Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi davlatimiz rahbarini samimiy qarshi olib, maxsus shohsupaga taklif etdi.

Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.

So‘ng davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

“Al-Ittihodiya” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston – Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.

Siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash masalalari muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi.  

Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari Misr Prezidentini Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha  SOR-27 xalqaro sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro ko‘maklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentlar davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida o‘tgan O‘zbekiston – Misr ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlarini yuksak baholadilar.

O‘zaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo‘nalishda – gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.   

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo‘shma ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi. 

Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Prezidenti 2024 yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Abdulfattoh as-Sisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga tashrifi doirasida oliy darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni qabul qildilar.

Prezidentlar huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Misr Investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi o‘rtasidagi, o‘simliklar karantini va himoyasi, jamoat sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish va ikki tomonlama investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash, texnik jihatdan tartibga solish, taraqqiyot masalalarida tajriba almashish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti tomonidan Misr Milliy kutubxonasi va arxivi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdilar.

Davlatimiz rahbari ko‘hna va betakror Misr zaminida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Misr rahbariyati va xalqining ulkan yutuqlari O‘zbekistonni xursand qilayotganini aytdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar – Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.

– Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida, balki strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etishni maqsad qilganmiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi, shu munosabat bilan savdoni ko‘paytirish uchun amaliy mexanizmlar va samarali choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Davlatimiz rahbari yana bir bor Misr kompaniyalari mamlakatimizda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga ahdlashib olindi. Yetakchilar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakat xalqiga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytirmaslik zarurligini ta’kidladilar.

Xalqlarimizni umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Shu munosabat bilan ilm-fan va ta’lim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibida alohida o‘rin egallashi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, ikki mamlakat shoir va adiblari, san’atkorlari va madaniyat arboblarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Prezidentimiz buyuk alloma bobomiz Ahmad Farg‘oniyning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosini chuqur o‘rganish va yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining do‘stlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari nutqining yakunida O‘zbekiston – Misr sammitining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni do‘st xalqlarimiz farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bag‘ishlashiga qat’iy ishonch bildirdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlandi.

  • Ko'rildi
    642
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+