O‘zbekiston Prezidenti va Germaniya Federal Kansleri ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar

03.05.2023, 17:06

O‘zbekiston Prezidenti va Germaniya Federal Kansleri ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi ushbu mamlakat Federal Kansleri Olaf Shols bilan muzokaralardan boshlandi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Germaniya Kanslerini samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

 O‘zbekiston Germaniyani o‘zining ishonchli va strategik hamkori sifatida qabul qilishi, mamlakatlarimizni chuqur tarixiy ildizlar bog‘lab turgani qayd etildi. Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib bormoqda.

O‘zaro tovar ayirboshlash va qo‘shma loyihalar soni ikki barobar ortgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Germaniyadan O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi 5,5 milliard dollarga yetdi, shundan 4 milliard dollar oxirgi 6 yilda jalb qilingan.

Tashrif doirasida o‘tgan qo‘shma biznes-forum yuksak baholandi. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard dollarlik savdo, investitsiyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

"Yashil" energetika, qazib chiqarish, kimyo, farmatsevtika tarmoqlarida, transport infratizulmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, innovatsiya va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalari shular jumlasidan.

Germaniya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “KfW”, “Deutsche Bank” banklari va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Germaniya hukumati O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imkon qadar tez imzolashini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tomonlar tashrif chog‘ida Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida Hukumatlararo deklaratsiya imzolanishini olqishladilar.

Olaf Shols O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va o‘zaro ishonch muhitini yaratish, integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha yangi mintaqaviy siyosatini qo‘llab-quvvatladi.

"Germaniya - Markaziy Osiyo" formatida muloqot maydonini ishga tushirishga ahdlashib olindi.

Mintaqada, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ushbu mamlakat uchun gumanitar loyihalarni davom ettirish, shu jumladan Termizdagi logistika majmuasi va Afg‘on yoshlari uchun ta’lim markazi imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.

Transport v logistikani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan samarali yo‘nalishni shakllantirishga xizmat qiluvchi Transkaspiy yo‘lagini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikr bildirdilar.

Madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Germaniya tomoni shu kunlarda Berlin shahrida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlab ochilayotgan noyob ko‘rgazmani yuqori baholadi.

O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Germaniya hukumati mamlakatimiz hududlarida nemis tilini o‘qitishni kengaytirishga texnik ko‘mak ko‘rsatishi to‘g‘risida kelishib olindi.

Umuman, tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

  • Ko'rildi
    1105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+