O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi

06.06.2023, 09:53

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat MirziyoyevтCho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etdi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan tadbirda Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Nurmuhammad Amannepesov ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida yetakchilarning Ostonada o‘tgan birinchi uchrashuvidan so‘ng o‘tgan qisqa davrda konstruktiv siyosiy muloqot va ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar qilinganini ta’kidladi.

Jumladan, Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazilib, unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, shu jumladan, Yevropaning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional ta’lim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalar boshlandi.

Fuqarolik jamiyati forumi, ikkinchi Iqtisodiy forum hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

– Bu tadbirlar bizning yevropalik sheriklarimiz bilan muloqotlarimiz sifat jihatidan va ijobiy o‘zgarib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi, – dedi Prezidentimiz.

Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylangani qayd etildi.

– Bu o‘rinda so‘z zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik haqida bormoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekistonning Yevroittifoq bilan hamkorligiga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli darajada faollashganini qayd etdi. Xususan, Fransiya, Germaniya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Budapesht va Stokgolmda elchixonalar ochildi. Yaqin orada Italiyaga rasmiy tashrif bo‘lib o‘tadi.

Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi “GSP+” tartibi tufayli joriy yil boshidan buyon qariyb 70 foizga o‘sdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Gumanitar sohada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyiha amalga oshirildi. Ushbu san’at markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosi keng namoyish etildi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramasdan, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror o‘sishni namoyish etmoqda.

Shu munosabat bilan yevropalik sheriklar milliy rivojlanish dasturlari va ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi muhim ekani ta’kidlandi.

Sammit kun tartibidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Yevroittifoq bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirish uchun O‘zbekiston yetakchisi mamlakatimiz barqaror savdo-logistika zanjirlarini va o‘zaro mahsulot yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratish, “GSP+” tartibining amal qilish muddatini uzaytirish va ushbu tizimni mintaqaning barcha mamlakatlariga tatbiq etilishidan manfaatdorligini bildirdi.

Shu bilan birga, bir qator masalalar bo‘yicha sezilarli siljish kuzatilmayotgani qayd etilib, ularni hal qilish uchun Mintaqa mamlakatlarining eksport va import qiluvchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham ushbu vazifaning ijrosiga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omilidir.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqligini, eng avvalo, “O‘rta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yo‘lagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimdir.

– Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli bo‘lgan tariflar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Transport-logistika va port infratuzilmalarini kengaytirish, yo‘l qoplamasining texnik holatini yaxshilash, transport idoralari vakolatli vakillarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish orqali Transkaspiy yo‘lagi salohiyatidan foydalanishning ta’sirchan mexanizmini yaratish masalalari ham muhim ahamiyatga ega.

Investitsiyaviy va texnologik sheriklik sohasida O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Bugungi voqelikdan kelib chiqib, Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatlarimizga ko‘chirish jarayonida ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishga tushirish tashabbusi ham ilgari surildi.

Raqamli o‘zaro bog‘liqlik borasida “Yevropa jamoasi” mexanizmidan foydalangan holda “Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibi”ni ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Davlatimiz rahbari Yevropaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini qo‘llagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va ekotizimlar barqarorligini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

– Masalaning g‘oyat dolzarbligini hisobga olib, Yevropa Ittifoqini shu yil kuzda Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand tashabbusi doirasida o‘tkaziladigan birinchi Xalqaro iqlim forumining ham tashkilotchilaridan biri bo‘lishga chaqiramiz, - dedi Prezident.

O‘zbekiston sheriklar Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishidan ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Markaziy Osiyoning turizm salohiyatidan faol foydalanish maqsadida davlatimiz rahbari mintaqa uchun barqaror turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish dasturini birgalikda ishlab chiqish va uni joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sammitida taqdim etishni taklif qildi.

Yoshlar ta’limiga sarmoya kiritishning ahamiyatini hisobga olib, Prezidentimiz Yevroittifoq mamlakatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish taklifini bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi ta’lim vazirlari va universitetlar rektorlarining muntazam uchrashuvlari qayta tiklanishi hamda “Yevropa ufqlari” dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlash kengaytirilishi tarafdori ekanini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qo‘riqlash sohasida sheriklik dasturlarini ishlab chiqish birgalikdagi ishlarning eng muhim yo‘nalishidir.

– Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat tez sur’atda yomonlashib borayotganiga e’tibor qaratib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamkorlarni afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqirdi va shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maxsus vakillarning muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirish  taklif qilindi.

So‘zining so‘ngida davlatimiz rahbari uchrashuv yakunlari bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.

Prezidentimiz “Markaziy Osiyo - YEI” formatidagi birinchi rasmiy sammitni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari matbuot uchun Qo‘shma bayonot qabul qildilar.

  • Ko'rildi
    1139
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+