Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tiziminijadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

12.04.2018, 09:23

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tiziminijadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng miqyosda boshlangan ishlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik). 

Hozirgi vaqtda nafaqat tadbirkorlarga, balki aholiga ham eng zarur va talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatish maqsadida respublikaning har bir tuman va shaharlarini qamrab olgan Xalq qabulxonalari huzuridagi davlat xizmatlari markazlarining yagona tarmog‘i yaratildi. 

Shu bilan birgalikda, amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan yutuqlarga qaramasdan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida foydalanilmagan imkoniyatlar va hal etilmagan muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan: 

birinchidan, bir qator tashkilotlarda bazaviy axborot tizimlarini joriy etish masalalari va ularning idoralararo integratsiya qilinishi past darajada ekanligi davlat xizmatlarini qulay va o‘z vaqtida ko‘rsatishni ta’minlamayapti. Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar, ayniqsa, Mudofaa vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Qurilish vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ va barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqlidir; 

ikkinchidan, davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ko‘chmas mulk obyektlari va boshqa hujjatlar reyestrlari alohida qog‘oz ko‘rinishida yuritilishi, elektron arxivlarning mavjud emasligi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Bu kabi salbiy amaliyot, ayniqsa, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Davergeodezkadastr) va “O‘zarxiv” agentligiga tegishlidir; 

uchinchidan, ko‘pchilik davlat xizmatlari markazlari hanuzgacha yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanmaganligi idoralararo elektron hamkorlikning zarur darajada yo‘lga qo‘yilmasligiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu jiddiy muammolarni bartaraf etish uchun Agentlik, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “O‘zbektelekom” AJ rahbarlari ta’sirchan choralar ko‘rmayapti; 

to‘rtinchidan, davlat xizmatini ko‘rsatuvchi vakolatli organlar va davlat xizmatlari markazlari lozim darajada zamonaviy kompyuter texnikasi va texnik vositalar bilan jihozlanmaganligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ilg‘or va innovatsion metodlarini joriy qilishga to‘siq bo‘lmoqda; 

beshinchidan, davlat xizmatlari markazlari zarur bino va xonalar bilan ta’minlamaganligi talab yuqori bo‘lgan ko‘plab xizmatlarni ko‘rsatish uchun tashrif buyuruvchilarni to‘liq va bir vaqtda qamrab olishga imkon bermaydi; 

oltinchidan, ruxsat berish va litsenziyalash jarayonlaridan o‘tish hamon murakkab va ortiqcha tartibga solinganligicha qolmoqda, davlat xizmatlarini olish jarayonida ortiqcha talablar va to‘siqlarning mavjudligi shaffoflikning yo‘qolishiga, huquqni turlicha qo‘llash amaliyotiga va oqibatda suiiste’molchiliklar tez-tez sodir etilishiga va boshqa qoidabuzarliklarga olib kelmoqda; 

yettinchidan, axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning bilim darajasi va malakasi pastligicha qolmoqda, ularga hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish va olishni o‘rgatish bo‘yicha tashkillashtirilgan tizim mavjud emas. 

Aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga jadallik bilan o‘tishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini izchil amalga oshirish maqsadida: 

1. Agentlik, Davergeodezkadastr, “O‘zarxiv” agentligi, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi boshqa vazirlik va idoralarning ishi qoniqarsiz, deb topilsin. 

2. Quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan vazirlik va idoralar, davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan boshqa vakolatli organlarning birinchi darajali vazifalari etib hisoblansin: 

davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini yanada unifikatsiyalash va avtomatlashtirish maqsadida axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratishga yagona texnologik yondashuvni ta’minlashni hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan rivojlantirish va joriy etish; 

vazirliklar va idoralarning arxiv fondini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish va tegishli axborot resurslariga kirishga imkoniyat berishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni yanada jadallashtirish; 

yagona davlat reyestriga kiritilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha biznes jarayonlarning reinjiniringini amalga oshirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidagi tartibotlarni va ularni ko‘rsatish muddatlarini tubdan qisqartirish, blank va shakllarni sezilarli darajada optimallashtirish; 

davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoniga jalb etilgan xodimlarning o‘z lavozim majburiyatlarini so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarishini ta’minlash, ularning mas’uliyatini kuchaytirish, hozirgi zamon talablariga muvofiq ishlash ko‘nikmalarini va madaniyatini oshirish, ular ishini obyektiv baholash mexanizmlarini joriy etish; 

yuklatilgan vazifa va funksiyalardan kelib chiqqan holda muammolarni hal qilishda davlat organlari va tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtiroklari bo‘yicha harakatlarni birlashtirish yuzasidan mas’uliyatlarini oshirish; 

byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan ustuvor ravishda axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar, ma’lumotlar bazalarini belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqish va takomillashtirish, elektron davlat xizmatlarini joriy etish uchun foydalanish. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Agentlik zamonaviy davlat xizmatlarini joriy etish masalalariga tegishli ravishda yondashmayotgan davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini ko‘rsin. 

3. Kelgusida davlat xizmatlarini joriy etishni yanada jadallashtirishni ta’minlash va ularni ko‘rsatishdagi zaif tomonlarni aniqlash uchun quyidagicha tartib o‘rnatilsin: 

2018-yilning 1-iyunidan ilovadagi ro‘yxat bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari tomonidan tajriba tariqasida 70-100 turdagi talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi; 

tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari tomonidan tasdiqlanadigan vaqtinchalik ma’muriy reglamentlar qabul qilinadi; 

tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati aholining dolzarb ehtiyojlari asosida shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan tasdiqlanadi; 

tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritilgan davlat xizmatlari faqat davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi; 

davlat xizmatlarini ko‘rsatish tajriba tariqasida joriy etilgan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish haqidagi arizalarni bevosita arizachilardan qabul qilish taqiqlanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yilning 1-iyuniga qadar davlat xizmatlarini tajriba tariqasida ko‘rsatish natijalariga ko‘ra, mazkur davlat xizmatlarini ko‘rsatishni respublikaning barcha hududlarida joriy etish va davlat xizmatlari markazlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin. 

Ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Agentlik byudjetdan tashqari jamg‘armasi, Byudjetdan tashqari adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda davlat xizmatlari markazlarini tuman (shahar)ning transport kesishuvlari fuqarolar uchun qulay bo‘lgan markaziy qismida joylashgan binolarga, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar binolarini operativ boshqaruv huquqi asosida berish orqali, ko‘chirib o‘tkazishni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga davlat xizmatlari markazlarining yangi binolarini faqat byudjetdan tashqari manbalardan, ayniqsa, davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etish huquqi berilsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotini tanqidiy va chuqur o‘rganish, aholi orasida so‘rovlar o‘tkazish orqali sifatiga nisbatan norozilik kelib chiqayotgan davlat xizmatlarini aniqlagan va ularni takomillashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan holda har chorakda talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini baholab borsin. 

6. Belgilab qo‘yilsinki: 

2019-yil 1-yanvardan boshlab elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida idoralararo elektron hamkorlik amalga oshirilayotganda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami hamda ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr raqamidan foydalanish majburiy hisoblanadi; 

2018-yil 1-iyulgacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” DUKning elektron raqamli imzo kalitlari sertifikatlari ushbu qarorning ilovasida ko‘rsatilgan davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolarga bepul beriladi; 

Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator, uning pudratchi (subpudratchi) tashkilotlari axborot tizimlarini, resurslari, ma’lumot bazalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarini zarur apparat-dasturiy komplekslari bilan jihozlash ishlarini texnik va loyiha hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyiha va import shartnomalarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi” DUKda tezlashtirilgan tartibda kelishgandan so‘ng amalga oshiradi. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda keyinchalik “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilish maqsadida uch oy muddatda o‘zlarining axborot tizimlaridagi fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari to‘g‘risidagi axborotlarni yangilashni ta’minlasin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davergeodezkadastr, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda keyinchalik “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilish maqsadida uch oy muddatda axborot tizimlaridagi jismoniy shaxslarning manzil ma’lumotlarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ko‘chmas mulk obyektlari kadastr raqamiga bog‘lagan holda yangilashni ta’minlasin. 

9. Davergeodezkadastr: 

tegishli aholi punktlari, ko‘chalar, tor ko‘chalar va boshqalarga unikal kodlar bergan holda ko‘chmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrini shakllantirishni va yuritishni ta’minlasin; 

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘chmas mulk obyektlarining manzillari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish mexanizmini joriy etishni ta’minlasin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi: 

2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda barcha davlat xizmatlari markazlari optik tolali aloqa liniyalariga ulanishini ta’minlasin; 

2018-yil 1-sentyabrgacha bo‘lgan muddatda telefon orqali kelib tushadigan murojaatlarni saqlash imkoniyatini yaratgan holda qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash tizimini yaratsin va amalga kiritsin; 

Agentlik bilan birgalikda 2018-yil 1-dekabrga qadar talab yuqori bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan mobil ilovaning ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlasin; 

Agentlik bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda axborot tizimlarini, resurslari, ma’lumot bazalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarini zarur apparat-dasturiy komplekslari bilan jihozlashni ta’minlasin; 

davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birga ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, ma’lumotlar bazalari, server va boshqa jihozlarini xatlovdan o‘tkazib, “Elektron hukumat” tizimi va Agentlikning axborot tizimlariga integratsiya qilsin, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni joriy etsin. 

Mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbasi etib Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi mablag‘lari va davlat organlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari belgilansin. 

12. Davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar quyidagilarni ta’minlasin: 

davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, qog‘oz shaklda saqlanayotgan ma’lumotlarni, elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutgan holda, bosqichma-bosqich raqamli ko‘rinishga keltirish; 

ortiqcha tartibotlarni yo‘qotish va byurokratik unsurlarni kamaytirishni nazarda tutgan holda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini maqbullashtirish, natijalarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda ularni elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqish; 

o‘zlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini “Elektron hukumat” va Agentlik axborot tizimlari bilan integratsiya qilish. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda chora-tadbirlarning qisqa muddatlarda ijro etilishini nazarda tutgan holda mazkur band ijrosini ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilsin. 

13. Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga moddiy-texnik vositalarni o‘z vaqtida xarid qilish, “Elektron hukumat” va Agentlik tizimlariga integratsiya qilish imkoniyatini hisobga olgan holda axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish va takomillashtirish, davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatlarini o‘z vaqtida va sifatli yo‘lga qo‘yish uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin. 

Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda har chorak yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish va ularni elektron shaklga o‘tkazishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgan aniq shaxslarni ko‘rsatgan holda mazkur qarorning amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumot kiritib borsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-iyuniga qadar Agentlikning asoslantirilgan so‘rovlari bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining grantlarini jalb qilgan holda davlat xizmatlari markazlarini zarur asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritsin. 

Agentlik 2018-yilning 1-mayiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga davlat xizmatlari markazlarini zarur asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritsin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining vazirlik huzurida eng yangi axborot texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan boshqaruv xodimlari soni 5 ta shtat birligidan iborat davlat muassasasi shaklidagi Axborot-tahlil multimedia markazini (keyingi o‘rinda – Multimedia markazi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

16. Multimedia markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: 

aholi, ayniqsa, yoshlarning, shuningdek, qishloq joylarida huquqiy targ‘ibot va huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

zamonaviy texnologiyalar va ijodiy yondashuvlardan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha innovatsiyalarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka, tadbirkorlik subyektlariga yetkazish; 

adliya organlari va muassasalari faoliyatini keng yoritish bo‘yicha axborot-tahliliy va obzorli media materiallarni, shu jumladan, audio va videoroliklar, tele va radio ko‘rsatuvlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash hamda efirga, shuningdek, Internet tarmog‘iga uzatish; 

davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi bo‘yicha jamoatchilikka maslahat yordamlarini berish, shu jumladan, qabul qilingan ma’muriy reglamentlarning talablarini aniq va batafsil tushuntirish; 

huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida vakolatli organlar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini o‘rganishlar va tekshirishlar, shuningdek, qo‘pol qoidabuzarliklar va tizimli kamchiliklar, aybdorlarga nisbatan ko‘rilgan choralar, arizachilarning qayta tiklangan huquqlari to‘g‘risida aholini xabardor qilish; 

aholining barcha qatlamlari bilan muloqot o‘rnatish, davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarni keng qo‘llash orqali ushbu sohaning eng dolzarb kamchiliklarini jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish. 

17. Belgilansinki: 

Multimedia markazi faoliyatini moliyalashtirish byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi; 

Multimedia markaziga O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tayinlangan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi; 

Multimedia markazining boshqaruv xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan moddiy va ijtimoiy muhofaza choralari qo‘llaniladi; 

Multimedia markazining boshqa mutaxassislari (rejissyor, kreativ muharrir, muxbir, tasvirchi, videomontajchi, AKT mutaxassisi, apparat-studiya kompleksi muhandisi va boshqalar) mehnat bozoridagi haqiqiy kon’yunkturani hisobga olgan holda shartnoma asosida jalb qilinadi. 

18. Multimedia markazi direktoriga quyidagi huquqlar berilsin: 

Multimedia markaziga mazkur qarorning 17-bandi beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan mutaxassislarni shartnoma asosida ishga jalb qilish; 

Multimedia markaziga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida boshqa tashkilotlar bilan xizmatlar olish va ko‘rsatish (ishlarni bajarish, tovarlar va mahsulotlar yetkazib berish) bo‘yicha shartnomalar tuzish. 

19. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda: 

Multimedia markazining ustavi tasdiqlanishi va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin; 

Multimedia markazining shtat jadvalini tasdiqlasin hamda yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin; 

Multimedia markazini Adliya vazirligi binosida joylashtirsin, uning ishini samarali tashkil etish maqsadida aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati bilan, shuningdek, 2 ta avtomashina, shu jumladan, 1 ta maxsus avtomashina sotib olinishini ta’minlasin. 

20. Davlat xizmatlari markazlari va boshqa tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab barcha o‘rta va kasb-hunar ta’lim muassasalarining oxirgi kursida (sinfida) yoshlarning zarur bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan “Davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati” mavzusida o‘quv seminarlari va ochiq darslarni o‘tkazish amaliyoti joriy etilsin. 

Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi Agentlik va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda o‘quv seminarlari va ochiq darslarni tashkil etish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

21. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi: 

Yuristlar malakasini oshirish markazida ikki oy muddatda yuzaga keladigan nizoli masalalarni hal qilish, katta ish hajmiga ruhiy tayyorgarlik, muomala hamda davlat xizmatini ko‘rsatish madaniyatini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil etish hamda doimiy ravishda davlat xizmatlari markazlari rahbar va boshqa xodimlari o‘qishini ta’minlasin; 

davlat xizmatlari markazlari xodimlarining Yuristlar malakasini oshirish markazida o‘z vaqtida va to‘liq o‘qishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin. 

22. Agentlik bir oy muddatda davlat xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xizmatlardan foydalanishning qulayligi va ustunligini, jumladan, aholiga mazkur tartibni chuqur o‘rgatish orqali ularning Internet tarmog‘idan murojaat qilishini rag‘batlantirish amaliyotini joriy etsin. 

23. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini samarali joriy etganligi uchun davlat organlarining mas’ul rahbarlari va xodimlarini har chorak yakuni bo‘yicha Agentlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida rag‘batlantirish mexanizmini joriy etish haqidagi taklifi ma’qullansin. 

24. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

25. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 11-aprel

  • Ko'rildi
    1846
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+