Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvitizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

18.04.2018, 12:09

Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvitizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


Mamlakatda qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish uchun zarur iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy asoslar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish va bozor munosabatlari mexanizmlarini joriy qilishda fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining jadal rivojlanishi, o‘z navbatida, suv resurslari iste’molining ortib borishiga olib keladi, ushbu holat yuzaga kelayotgan chaqiruv va xatarlarga nisbatan o‘z vaqtida choralar ko‘rilmagan taqdirda, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 

Qishloq va suv xo‘jaligi boshqaruvi sohasida uzoq vaqt davomida hal etilmasdan kelayotgan tizimli muammolarning mavjudligi mazkur holatni yanada kuchaytirmoqda, jumladan: 

birinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini vakolatli organlar o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmisiz tarqoq holda rejalashtirish va ta’minlash qabul qilinayotgan qarorlar hamda aniq natijalarga erishish uchun javobgarlikning susayishiga olib kelmoqda; 

ikkinchidan, qishloq va suv xo‘jaligida uzoq muddatli puxta siyosatning shakllantirilmaganligi sababli mazkur sohalarni yanada rivojlantirishning aniq yo‘nalishlari belgilanmagan; 

uchinchidan, yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishda vakolatli organlarning samarali muvofiqlashtiruvchi roli va tashabbuskorligi mavjud emas; 

to‘rtinchidan, mas’ul idoralar tomonidan haqqoniy axborotni yig‘ish, tahlil qilish va almashish mexanizmining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli o‘zlariga yuklatilgan vazifalar samarasiz amalga oshirilmoqda; 

beshinchidan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda suv iste’moli sohalarida mustaqil nazorat mavjud emas, buning natijasida tarmoqlarni modernizatsiya qilish va texnik jihozlash ishlariga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti, innovatsion texnologiyalar va ishlanmalarni joriy qilish darajasi pastligicha qolmoqda. 

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va suv iste’moli sohalarida haqiqiy holatni va rivojlanish istiqbollarini chuqur tahlil qilish asosida ularni strategik rejalashtirish siyosati bo‘yicha ta’sirchan ishlarni yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida hamda O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-fevraldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5330-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilansin: 

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida tarmoqni kompleks modernizatsiya qilishga, qishloq xo‘jaligida fan va texnika yutuqlarini, resurslarni tejaydigan zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalarni, ilg‘or tajribalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan yagona siyosatni amalga oshirish; 

O‘zbekiston Respublikasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish; 

raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish orqali iqtisodiyot tarmoqlari eksport salohiyatini oshirish, bozor kon’yunkturasi yuzasidan chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, xorijiy investitsiyalar va beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlar) jalb qilish; 

aholini yil davomida va uzluksiz ravishda barqaror narxlarda ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hajmda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirishni tashkil etish; 

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag‘batlantirishni ta’minlash; 

qishloq xo‘jaligini izchil va barqaror rivojlantirish, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisining bandlik darajasini va daromadlarini oshirish, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror darajasini saqlab qolishga yo‘naltirilgan kompleks maqsadli, tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqish; 

ta’lim, fan va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tizimli asosda uzviy integratsiyalashni, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining yuqori malakali soha mutaxassislariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlash. 

3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining asosiy vazifa va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin: 

suv resurslarini boshqarish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta’sirining oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish; 

hududlarni va iqtisodiyot tarmoqlarini suv resurslari bilan barqaror hamda oqilona ta’minlash, yerlarning meliorativ holati yaxshilanishini va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish; 

irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, suv omborlari, nasos stansiyalari hamda boshqa suv xo‘jaligi va gidrotexnika inshootlarining ishonchli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, suv xo‘jaligining yirik va o‘ta muhim obyektlari muhofaza qilinishini tashkil etish; 

suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish uchun suvdan foydalanuvchilar hamda suv iste’molchilari mas’uliyatini oshirish, ularning suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish; 

suv xo‘jaligi sohasida fan va texnika yutuqlari, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, suv xo‘jaligini va suvdan foydalanishni boshqarish tizimida innovatsion uslublarni joriy qilish; 

suv xo‘jaligi sohasida mutaxassislar malakasini oshirish tizimini tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish choralarini ko‘rish; 

transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlar) jalb qilish, shuningdek, suv xo‘jaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etish. 

4. Quyidagilar: 

agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi holati, mazkur sohada qonun hujjatlari hamda me’yoriy hujjatlar talablari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb yuritiladi); 

2018-yil 1-iyuldan Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha markaz negizida loyihalar, shu jumladan, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashish uchun mas’ul bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiruvchi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik) tashkil etilsin. 

Agentlik Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha markazning huquqlari, majburiyat va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

5. 2018-yil 1-avgustdan quyidagilar: 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi; 

Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlatinspeksiyasi; 

Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi; 

“O‘zsuvnazorat” respublika suv inspeksiyasi; 

“O‘zdavurug‘nazoratmarkaz” qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi tugatilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tugatilayotgan idora va muassasalar xodimlari bandligini ta’minlashga ko‘maklashsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Inspeksiya bilan birgalikda ikki oy muddatda Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasining vazifa hamda funksiyalarini qayta taqsimlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” AJ va “O‘zdonmahsulot” AKning: 

G‘o‘za urug‘chiligi respublika markazi va Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika markazi negizida, urug‘liklar, shu jumladan, paxta va boshoqli don ekinlari urug‘larini tayyorlash hamda ulardan foydalanishning yagona va zamonaviy tizimini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazini tashkil etish; 

urug‘lik tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda urug‘lik olish maqsadida yetishtirilgan paxta va boshoqli don ekinlarini keyinchalik alohida saqlash sharti bilan qayta ishlash tartibini joriy qilish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zpaxtasanoat” AJ va “O‘zdonmahsulot” AK bilan birgalikda ikki oy muddatda urug‘lik tayyorlash bo‘yicha alohida tashkilotlarning, sex va omborlarning paxta hamda boshoqli don ekinlari urug‘lari uchun ixtisoslashtirilishini, shuningdek, ularni bosqichma-bosqich Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga berish bo‘yicha takliflar kiritilishini ta’minlasin. 

Inspeksiya paxta va boshoqli don ekinlari urug‘ligining buyurtmasi, tayyorlanishi, alohida qayta ishlanishi va saqlanishi bo‘yicha talablarga rioya qilinishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlasin. 

8. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ilmiy-tadqiqot muassasalari berilgan holda, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etilsin. 

Markaz mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan agrar fan sohasida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirib borishi belgilab qo‘yilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Bosh prokuratura, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha yangi g‘oya va ishlanmalarni ko‘rib chiqish zaruratini inobatga olgan holda takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, innovatsiya texnologiyalarini joriy qilish va xodimlarni rag‘batlantirish jamg‘armasi negizida: 

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi; 

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tashkil qilinayotgan jamg‘armalar faoliyatini tashkil etish tartibini tasdiqlasin. 

10. Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimida yangidan tashkil etilayotgan idora va muassasalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin. 

Komissiya (Z.T.Mirzayev): 

tugatilayotgan idora va muassasalarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining mol-mulki va pul mablag‘larini oqilona taqsimlash maqsadida ularni xatlovdan o‘tkazishni; 

mazkur Farmonga muvofiq idora va muassasalarni tugatish, shuningdek, yangidan tashkil etilayotgan tuzilmalarning moddiy-texnika bazasini yaratish, ular ishini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan kompyuter texnikasi, aloqa vositalari bilan, shu jumladan, tugatilayotgan idora va muassasalarning binolari va moddiy-texnika bazasini berish orqali jihozlashga doir tadbirlarni tashkil qilishni; 

yangidan tashkil etilayotgan idora va muassasalarni, ularning hududiy bo‘linmalarini joylashtirish, shuningdek, ular faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etishni; 

yangidan tashkil etilayotgan idoralarni malakali kadrlar bilan, shu jumladan, tugatilayotgan idoralar va muassasalar xodimlari hisobidan to‘ldirishni belgilangan tartibda ta’minlasin. 

11. Mazkur Farmonda nazarda tutilgan idora va muassasalarni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda tugatilayotgan idoralar va muassasalar shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya bir oy muddatda yangidan tuzilayotgan idoralar va muassasalar faoliyatini tashkil etish, shuningdek, ularning asosiy vazifa, funksiya va faoliyat yo‘nalishlarini belgilab berish bo‘yicha qarorlar loyihalari kiritilishini ta’minlasin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi 

Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 17-aprel

  • Ko'rildi
    2645
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Сатторов Нортожи ЎзЛиДеП Қизириқ туман Кенгаши депутати2018-05-07 09:31:22

Бу қарорга мавофиқ қишлоқ хўжалиги ва сув хўжалиги тизимини янада такомиллаштириш ва уларни изчил иш олиб боришларига инконият яратилди


Алимова Гўзал Турғуновна2018-04-18 20:04:20

Президентимизнинг энг оқилона қарорларидан бири Сув хўжалигини Қишлоқ хўжалигидан ажратишлари бўлди. Сувни тупроққа қўшиб бўлмаганидек уларни қўшилгани ўзини оқламади. Президентимизга катта раҳмат. Эътибор учун сув муаммосининг ниҳоятда оғир ва глобал масала эканлигини ҳисобга олиб энди сув соҳасини кучайтириш ва моддий техника баъзаси билан таъминлаш керак.Энг бирини қилиш лозим бўлган иш кадрлар масаласи бўлиб, улар саноқлидир. Ойлик пастлиги сабаб бу соҳага янги ёш кадрларни келмаганлиги сабабли ўринбосар сувчилар йўқлиги боис шу кунда ишлаб турган сувчиларни йўқотмаслик чораси кўрилсин. Сув соҳаси республикани қон томирлари каби бўлиб, сувчи заргар каби сиёсат олиб бормаса сув системаси йўқолиб, бошқара олинмайди . ман Республика сувини 80 фоизи четдан келишини ва уни республика бўйича тақсимланишини назарда тутяпман.Сув соҳасидаги хар бир қилинган хато кўзга ташланмаслиги хам бепарволикка олиб келади. Энг ёмони барча сув иншоотларини ўз хизмат вазифасини ўтаб бўлганлиги 20 йил хизмат ўрнига .40 йиллаб хизмат қилганлиги ва ремонти ёки тиклаш , реконструкция қилиш катта маблағ талаб қилиши сабабни сув сиёсатини бир четга суришга тўғри келган. Раҳмат Президентимизга ўз вақтида керакли қарор қабул қилдилар. Аммо манимча яна у кишини назарларидан сувчилар тушиб қолгандай. Шунақа катта сокрашения берибдилар, Сув назорати инспекцияси вазирлик тасарруфидан чиқиб кетибди , бу нима дегани бу яна сув сиёсатига ташқаридан аралашув ва хўжайинлик дегани. Сув хўжалиги вазирлиги бўосаю унинг назорат қиладиган инспекцияси бўлмаса? Ёки яна бир хато Ирригация институт вазирлик тасарруфидан чиқиб олий таълимга берилибди. Нега? Вазирлик бевосита шу институт билан ишлаб кадрларни кўпайтирса бўлмайдими? Керак бўлса пенсионер сувиларни институтга боғлаб ёки ишлаб турган ходимлар фарза ндларини вазирлик ваколатига олиб контракт пулини тўлаб бериш шарти билан киритса ота онвсини билимини ёрдамини олган холда хақиқий сувчилар тайёрланар эдими дейман.. Қисқаси кадрларни кўпайтириш, моддий техника баъзасини кучайтириш энг асосийси мкблағ билан таъминлаб сув иншоотларини тиклаш зарур.


Fikringizni qoldiring

+