Qishloq xo‘jaligini o‘z vaqtida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

11.05.2018, 09:17

Qishloq xo‘jaligini o‘z vaqtida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


So‘nggi vaqtlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida mahalliy qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Ushbu maqsadlarda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil qilindi. Natijada birgina 2017-yilda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va lizing bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish hajmi 1,7 baravar, mexanizatsiya xizmatlari hajmi 2,5 baravar oshdi. 

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon texnika bilan ta’minlash, texnika parkini yangilash, shuningdek, ularga o‘z vaqtida servis xizmatini ko‘rsatish ishlarida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan: 

birinchidan, real ehtiyoj, agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib, mashina-traktor parklari, tegishli xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy tashkilotlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish, shartnomalar tuzishning bozor mexanizmlari mavjud emas; 

ikkinchidan, eng maqbul agrotexnik muddatlarda ommaviy qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshirish uchun o‘ziyurar qishloq xo‘jaligi texnikasi yetarli emas, o‘z vaqtida ishlab chiqarishni rejalashtirish va tashkil etish bo‘yicha ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan; 

uchinchidan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasining pastligi, oqibatda, ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi tannarxining raqobatbardosh emasligi mexanizatsiya xizmatlari va ishlab chiqarilayotgan yakuniy mahsulot narxining oshib ketishiga olib kelmoqda; 

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni moliyalashtirish mexanizmi mukammal emas, lizing mexanizmlari, xususiy servis tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari mablag‘larini jalb etishdan yetarli darajada foydalanilmayapti. 

Qishloq xo‘jaligi texnikasi parkini yangilash va modernizatsiya qilish hisobidan qishloq xo‘jaligini texnik jihatdan jihozlash darajasini yanada oshirish, agrotexnika ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan shakllantirilgan 2018-yilda hududlar kesimida, jumladan, lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishning qo‘shimcha hajmlari parametrlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. 

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq: 

qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ustuvor ravishda bir yilda ikki marta –fevral-mart va sentyabr-oktyabr oylarida mahalliy va jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari ishtirokida o‘tkaziladigan hududiy yarmarkalar davomida amalga oshiriladi. Bunda fevral-mart oylarida qishloq xo‘jaligi texnikasini joriy yil uchun, sentyabr-oktyabr oylarida – kelgusi yil uchun yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha shartnomalar tuziladi; 

ishlab chiqaruvchilarga qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun oldindan to‘lov yetkazib berilayotgan texnika narxining 80 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda texnikani yetkazib berish boshlanishidan 120 kundan kam bo‘lmagan muddatda, yakuniy hisob-kitob esa yetkazib berilgan texnika qabul qilingandan keyin 10 ish kuni davomida amalga oshiriladi; 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK 1-ilovaga muvofiq yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish uchun tovarlarni sotib olish bo‘yicha import kontraktlarining kompleks ekspertizasini amalga oshiradi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda: 

2018-yilda tumanlar kesimida qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishning qo‘shimcha hajmlari parametrlarini, shuningdek, ushbu qarorni inobatga olgan holda, ularni moliyalashtirish va yetkazib berishning oyma-oy grafiklarini; 

buyurtmalar portfelini shakllantirish va shartnomalar tuzish, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va yetkazib berishni moliyalashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga mexanizatsiyalashgan xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil etish sxemalarini tasdiqlasin. 

4. “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga: 

qishloq xo‘jaligi texnikasining mahalliy brendini ishlab chiqish 

va ishlab chiqarishga joriy etishni nazarda tutgan holda Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish konsepsiyasini; 

2018-2020 yillarda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalarining yangi ishlab chiqarishlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash yuzasidan investitsiya loyihalari ro‘yxati bilan birga qishloq xo‘jaligi texnikasining har bir turi bo‘yicha ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini; 

2018-2020 yillarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tarmoq kooperatsiyasi doirasida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va uning komponentlari tannarxini pasaytirish dasturini; 

qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va yetkazib berishni moliyalashtirishni yaxshilash uchun xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish bo‘yicha takliflarni kiritsin. 

6. Tijorat banklariga qishloq xo‘jaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berishni kelgusida moliyalashtirish uchun asosiy qarz va foizlarni to‘ldirish bo‘yicha 4 oydan kam bo‘lmagan muddatga imtiyozli davr bilan lizing tashkilotlariga kreditlar ajratish tavsiya etilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi va “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda Institut deb yuritiladi) faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin, bunda: 

qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishga va qishloq xo‘jaligiga ilmiy yutuqlarni joriy etish muddatlarini qisqartirish maqsadida Institut faoliyatini tubdan yaxshilash; 

Institutning “O‘zagrotexmash” AJ, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tashkilotlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi boshqa ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan samarali ilmiy-texnik kooperatsiyasi va o‘zaro hamkorligini o‘rnatish; 

jahon bozorida yangi, raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi texnikasi turlari va modellarini ishlab chiqish, yaratish, tayyorlash, sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqarishga joriy etishning yagona rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash hamda yuqorida ko‘rsatilgan tashkilotlar faoliyatiga joriy qilish nazarda tutilsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda: 

a) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq ho‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish uchun mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi ustidan tizimli monitoring va nazorat o‘rnatsin; 

b) 2018-yil 1-sentyabrga qadar muddatda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatini o‘rgansin, sabzavotchilik, uzumchilikni jadal rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi texnikasi parkini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin hamda moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin, bunda quyidagilarga alohida e’tibor qaratilsin: 

qishloq xo‘jaligi texnikasi parkini unifikatsiya qilish va joylarda ularga servis xizmati ko‘rsatishni tashkil etish, zarur ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni o‘zlashtirishni nazarda tutgan holda agrotexnika tadbirlarining turlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan miqdoriy ehtiyoj, foydalanishga yaroqsiz hamda hisobdan chiqarilishi lozim bo‘lgan texnikani inobatga olgan holda ularning amalda mavjudligi; 

mavjud qishloq xo‘jaligi texnikasi parkini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish; 

qisqa muddatli reja asosida respublikaning qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash usullari va yo‘llarini aniqlash; 

mashina-traktor parklarining moliyaviy operatsiyalari ustidan nazorat tizimini yaratish va ular tomonidan qarzdorlikning o‘sishiga olib keluvchi to‘lovlarsiz xizmat ko‘rsatish amaliyotini tugatish; 

xorijiy bozorlarda o‘xshash texnikaning sifati va narxini tahlil qilgan holda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasini mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish. 

9. “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari N.S.Otajonov, Z.T.Mirzayev, J.A.Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M.Ikramov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 10-may

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2353
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Oybek2018-09-21 14:11:57

Muxtaram yurtboshimiz zor qarorlar chiqaryaptilar


М.Ахназарова2018-05-15 12:36:20

Қишлоқ хўжалигини ўз вақтида қишлоқ хўжалиги техникаси билан таъминлаш механизмларини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Президентининг қарори жойларда қишлоқ хўжалигини ўз вақтида хўжалик техникаси билан таъминлашга хизмат қилади. Замонавий техникасиз қишлоқ хўжалигини тасаввур этиб бўлмайди.Тижорат банкларига қишлоқ хўжалиги техникасини лизинг асосида етказиб беришни келгусида молиялаштириш учун асосий қарз ва фоизларни тўлдириш бўйича 4 ойдан кам бўлмаган муддатга имтиёзли давр билан лизинг ташкилотларига кредитлар ажратиши тадбиркорлар, фермерларни янада кўвонтирди ва кенг имкониятлар берди.


Сафаров Азамат2018-05-14 10:40:54

Қишлоқ хўжалигини замонавий техника билан таъминламасдан туриб, таннархи арзон, сифатли, рақобатбардош маҳсулот ишлаб чиқариб бўлмайди. Бу эса маҳсулотнинг халқаро бозорда мустаҳкам ўрин эгаллашига салбий таъсир кўрсатади. Ишлаб чиқарувчилар кам даромад олишига сабаб бўлади. Умуман қарорда кўзда тутилган жиҳатлар ҳаётган татбиқ этилса шу соҳада фаолият юритаётган тадбиркорлар учун қўшимча имкониятлар пайдо бўлади.


Баходир2018-05-12 10:19:46

Мухтарам Президентимизнинг Қишлоқ хўжалигини ўз вақтида қишлоқ хўжалиги техникаси билан таъминлаш механизмларини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида қарори авалроқ чиқарилган ахолини, айниқса педегог, тиббиёт ходимлари ва бошқа бюджетдан иш хаққи олдиганларни мажбурий мехнатга жалб қилмаслик тўғрисидаги қарорини мантиқий давоми деса хам бўлади. Чунки фермер хўжалиги техника билан таъминланса, қўл мехнатига эхтиёж камаяди. Бу эса ўз ўзидан мажбурий мехнатни бартараф этади.


Гулсара2018-05-11 18:40:50

ГУП «Центр комплексной экспертизы проектов и импортных контрактов при Национальном агентстве проектного управления при Президенте Республики Узбекистан» осуществляет комплексную экспертизу импортных контрактов на приобретение товаров для производства сельскохозяйственной техники, поставляемой согласно приложению № 1» Бу демак, фермерлар уз хисобидан хам чет эллардан тугридан- тугри пул утказиб техника харид кила олмас эканларда. .. Экспертиза хулосасини кутиш керак буларкан. Фермерга нима кераклигини фермердан бошка ким яхширок биларкан.?


Гайратжон Абдуллаев2018-05-11 18:13:55

Қишлоқ хўжалигида техника етишмовчилиги хосилдорликка катта таъсир кўрсатади Керак пайтида ер шудгорланмаса,зарур пайтда экилмаса албатта шартномавий режани бажараолмайди.Айниқса Фарғонада ғалла ўрим йиғимида комбайнлар етишмай,қанча дон тўкилиб кетади.Энди қарор асосида мутасаддилар манашу муаммоларга ечим топилади деб умид қиламиз.


Касбитуман Кенгаши Жабборов Алланазар Жабборович Ф/Х БПТ раиси А. Жабборов2018-05-11 17:37:43

Хақиқатдан хам мухтарам Президентимиз томонидан хар бир сохани ривожланишига жуда катта этибор қаритилмоқда. Президентимизнинг Қишлоқ хўжалигини ўз вақтида қишлоқ хўжалиги техникаси билан таъминлаш механизмларини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида қарори фермер хўжаликлари учун кенг имкониятлар эшигини очди десам адашмаган бўламан.


Касби туман Кенгаши раиси Н. Худойбердиев2018-05-11 17:31:17

Тижорат банкларига қишлоқ хўжалиги техникасини лизинг асосида етказиб беришни келгусида молиялаштириш учун асосий қарз ва фоизларни тўлдириш бўйича 4 ойдан кам бўлмаган муддатга имтиёзли давр билан лизинг ташкилотларига кредитлар ажратиши мен каби тадбиркорларни кувонтирди.


Касби туман Кенгаши депутатлик гуруҳи ижрочи котиби Х. Абдиев2018-05-11 17:29:01

Юртбошимиз томонидан қишлоқ хўжалигини ўз вақтида қишлоқ хўжалиги техникаси билан таъминлаш механизмларини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисидаги Қарорнинг қабул қилиниши юртимизда фаолият олиб бораётган барча фермер хўжаликларини хурсанд қилиб, уларни агротехник тадбирларни ўз вақтида бажаришга, қишлоқ хўжалиги махсулотларини ўз вақтида етиштиришига ёрдам беради.


Улуғбек Ишанходжаев - O'zLiDeP Тошкент шаҳар Кенгаши аппарати бўлим мудири2018-05-11 17:22:36

Қишлоқ хўжалигини ўз вақтида қишлоқ хўжалиги техникаси билан таъминлаш механизмларини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Президентининг қарори жойларда қишлоқ хўжалигини ўз вақтида хўжалик техникаси билан таъминлашга хизмат қилади. Техника бу 80 фоиз иш дегани. замонавий техникасиз қишлоқ хўжалигини тасаввур этиб бўлмайди.


Fikringizni qoldiring

+