Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

31.05.2018, 17:34

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
f a r m o y i sh i
 

1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi. 

O‘sha g‘oyat og‘ir va suronli davrda yurtimiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi, bu yerdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi. 

Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi. 

Afsuski, O‘zbekiston xalqining bu qonli urush davrida frontdava front ortida kechgan og‘ir va mashaqqatli hayoti, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini o‘zida har tomonlama aks ettiradigan yaxlit ilmiy-tarixiy kitob yoki hujjatlar to‘plami shu paytga qadar yaratilmagan. Urush yillarida xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ishlarni, uning kuchli iroda va qahramonligini, o‘sha davr haqiqatini kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalash borasida bunday manbalar g‘oyat muhim ahamiyatga ega. 

Xalqimizning 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini tarixiy hujjatlar asosida ko‘rsatish, fashizmga qarshi janglarda qatnashgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, yosh avlodni mardlik, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida: 

1. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda keng jamoatchilikning Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasi hamda ushbu tarixiy voqeaning 2020 yilda nishonlanadigan 75 yilligiga bag‘ishlangan kitob-albomni tayyorlash va nashr etish haqidagi taklifi ma’qullansin. 

2. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomni tayyorlash va nashr etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita deb yuritiladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. Quyidagilar Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston xalqi ko‘rsatgan mardlik va jasorat, el-yurtimizning g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi haqida tarixiy haqiqatni tiklash va uni kelgusi avlodlarga yetkazish; 

respublika va xorijiy mamlakatlardagi arxiv va muzeylarda saqlanayotgan mavzuga oid tarixiy hujjatlarni to‘plash va o‘rganish; 

Ikkinchi jahon urushi davrida frontda qatnashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizdan ularning xotiralarini yozib olish, shaxsiy albom va kutubxonalarida saqlanayotgan tarixiy materiallarni to‘plash; 

aholining shaxsiy kutubxonalarida saqlanayotgan, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, o‘sha davrga oid noyob suratlarni to‘plash va nashrga tayyorlash; 

urush yillarida O‘zbekistonning iqtisodiy ahvoli, yurtimizga ko‘chirib keltirilgan hamda yangi qurilgan zavod va fabrikalar haqida ma’lumotlar yig‘ish; 

xalqimiz tomonidan urush davrida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan insonlarga, shu jumladan, ota-onasiz bolalarga ko‘rsatilgan mehr-muruvvatni, yurtdoshlarimizning insonparvarlik fazilatlarini aks ettirish; 

urush davrida frontda qatnashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan, g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan yurtdoshlarimizga bugungi kunda davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni aniq dalillar, fakt va raqamlar orqali ko‘rsatish. 

4. Tashkiliy qo‘mitaga kitob-albomni yuqori saviyada tayyorlash va nashr etish uchun vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari va mutaxassislarini, ekspertlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillarini jalb etish huquqi berilsin. 

5. Belgilab qo‘yilsinki, kitob-albomni tayyorlash va nashr etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 

6. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi kitob-albomni nashr etish bilan bog‘liq xarajatlar va uning narxini O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishgan holda tasdiqlasin. 

7. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi                          Prezidenti  SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 
2018-yil 31-may

  • Ko'rildi
    3530
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

М.Абдиримов ЎзЛиДеП Ҳазорасп туман Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари - аппарат рахбари2018-06-01 14:18:43

Иккинчи жаҳон урушида Ўзбекистон халқи кўрсатган мардлик ва жасорат, эл-юртимизнинг ғалабага қўшган муносиб ҳиссаси ҳақида тарихий ҳақиқатни тиклаш ва уни келгуси авлодларга етказиш ёш авлодни меҳр ва садоқат руҳида тарбиялашда хизмат қилади.


Матлуба Жўраева Сурхондарё вилоят Кенгаши "Аёллар қаноти" бўлим мудири 2018-06-01 11:44:31

Мазкур Фармон ижроси орқали келажакда ёш авлодга тинчлик улуғ неъмат эканлигини англатиш, боболаримизнинг уруш ўчоғларида қандай жанг қилиб бугуни тинчликка эришганликларини ёзиб қолдириш орқали келажак авлод учун хақиқий эсдалик китоби бўлади.


Ачилова Мирзо Улугбек тум2018-06-01 10:31:44

Иккинчи жахон уришида Узбекистонликлар курсатган жасорати хакидаги китоб~альбомни яратилиши ,бу тарихни хакикатни тиклаш ва келгуси авлодга колдиришдир.


Акбар Якубов, Жиззах вилояти2018-06-01 09:59:08

Ушбу китоб-альбом халқимизнинг 1941-1945 йиллардаги Иккинчи жаҳон урушида эришилган буюк ғалабага қўшган муносиб ҳиссасини тарихий ҳужжат бўлиб қолади


Менгликулов Эркин Жаркургон туман Кенгаши фаоли2018-06-01 09:33:59

Президентимизнинг мазкур фармойиши Иккинчи жаҳон урушида қатнашган халқимиз тарихини ёритувчи ва келажак авлодларга етказувчи тарихий ҳужжат бўлиб қолади.


Акбар Алламов O'zLiDeP Сурхондарё вилояти Кенгаши Ёшлар билан ишлаш бўлими этакчи консултанти2018-06-01 09:28:09

Халқ учун жонини беришга тайёр бўлган Иккинчи жаҳон урушида қатнашчиларига Ўзбекистон халқининг қўшган муносиб ҳиссасига бағишланган китоб-альбомни нашр этиш келажак авлод учун ажойиб қўлланма.


O‘zlidep Кумкургон туман фаоли Эргашев Эркин2018-05-31 22:16:23

Халқимизнинг 1941-1945 йиллардаги Иккинчи жаҳон урушида эришилган буюк ғалабага қўшган муносиб ҳиссасини тарихий ҳужжатлар асосида кўрсатиш, фашизмга қарши жангларда қатнашган юртдошларимизнинг номларини абадийлаштириш, ёш авлодни мардлик, Ватанга меҳр ва садоқат руҳида тарбиялашда бу китоб жудаям ас қотади...


Олтибоев Ўрол, Сурхондарё2018-05-31 17:56:31

Давлатимиз раҳбарининг мазкур фармойиши Иккинчи жаҳон урушида қатнашган халқимиз тарихини ёритувчи тарихий ҳужжат бўлиб қолади.


O’zLiDeP Хива туман Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари - аппарат раҳбари Ш.Атажанов2018-05-31 17:45:01

Ўзбекистон Республикаси Президентининг Иккинчи жаҳон урушида фашизм устидан қозонилган ғалабага Ўзбекистон халқининг қўшган муносиб ҳиссаси ҳамда ушбу тарихий воқеанинг 2020 йилда нишонланадиган 75 йиллигига бағишланган китоб-альбомни тайёрлаш ва нашр этиш ҳақидаги таклифи жуда ҳам тўғри таклиф, чунки бу ўсиб келаётган ёш авлодга урушнинг мудҳиш оқибатлари ва тинчлигимизни сақлаш каби муқаддас бурчни хис қилиб, бугунги тинчлигимизнинг қадрига етишда ажойиб бир эсдаликлар китоби бўлади деган умиддаман.


Fikringizni qoldiring

+