Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida

21.06.2018, 12:08

Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
f a r m o n i
 
So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlashning va farmatsevtika tarmog‘ini boshqarishning yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mamlakat aholisini sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
 
Shu bilan birga, olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishga, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini va aholi sog‘lig‘ining ko‘rsatkichlarini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muayyan muammolar hanuzgacha hal qilinmasdan qolmoqda.
 
Xususan, dori vositalarini, jumladan, ularni ishlab chiqarish va qo‘llashga yuqori talablar qo‘yilgan mamlakatlarda tayyorlangan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi haddan tashqari murakkabligicha qolmoqda, bu esa samarasiz dori vositalarining olib kirilishiga sabab bo‘lmoqda.
 
Mamlakatda ijtimoiy dorixonalarning keng tarmog‘ini yaratish, shuningdek, farmatsevtika bozorida davlat xaridlari mexanizmlarini takomillashtirish va shaffof raqobatni o‘rnatish zarurati ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish tartibini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
 
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va O‘zbekiston farmatsevtika bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
 
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining:
 
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;
 
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini, jumladan, dori moddalari (substansiyalar) va dori preparatlari (keyingi o‘rinlarda dori vositalari deb ataladi)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibini 2018 yil 1 avgustdan joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
 
2. Belgilab qo‘yilsinki:
 
a) ijtimoiy dorixonalar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish ularning sotib olish qiymati yoki ulgurji narxiga 10 foiz cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi;
 
b) yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalarini tan olish:
 
xavfsizligi, sifati va samaradorligi bo‘yicha shubha uyg‘otmaydigan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlarni tabaqalashtirish asosida;
 
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladi;
 
v) mazkur Farmonning 1-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartib qo‘llaniladigan dori vositalari ushbu vositalarning xavfsizligi, sifati va samaradorligini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ekspertiza qilinmaydi.
 
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5229-son Farmonining 11-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
 
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
 
a) ilg‘or xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida bir oy muddatda asosiy kasalliklarning diagnostika va davolash standartlari, klinik protokollari qayta ko‘rib chiqilishini hamda har chorakda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin;
 
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2018 yil 20 iyulga qadar muddatda tanqidiy o‘rganish o‘tkazib:
 
yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibini belgilash;
 
dori vositalarining bojxona rasmiylashtiruviga, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va realizatsiya qilinishiga talablarni takomillashtirish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini tartibga soluvchi boshqa masalalar bo‘yicha takliflar kiritsin;
 
v) Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda qo‘llashga taqiq mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilsin, bunday taqiqlarni joriy etishning sabab va shart-sharoitlarini o‘rgansin hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida ular kelgusida qo‘llanilishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritsin.
 
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2018 yil 20 iyulga qadar muddatda:
 
dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ro‘yxatini tasdiqlash uchun;
 
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish
 
va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.
 
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shadmanov zimmasiga yuklansin.
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                               SH.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri,
2018-yil 20-iyun
 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2234
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Алламов Акбар2018-06-23 14:06:10

Дори воситаларини давлат рўйхатидан ўтказиш инсонларга сифатли ва қулай нархлардаги дорилар билан таъмиланишига сабаб бўлади.


Абдурасул ТИРКАШЕВ O`zLiDeP Олтинсой туман Кенгаши аппарат раҳбари2018-06-22 16:49:59

Фармонда этироф этилган дорихоналар томонидан ижтимоий аҳамиятга эга дори воситалари ва тиббиёт буюмларини сотиш уларнинг сотиб олиш қиймати ёки улгуржи нархига 10 фоиз чекланган савдо устамаси қўлланилган ҳолда амалга оширилиши аҳолимиз вакиллари учун қулайлик яратади.


Шовот туман Кенгаши аппарат рахбари2018-06-22 14:57:51

Фармондан кўзланган мақсадга эришилиб жойлардаги ижроси таъминланишига ишонамиз.


Umidbek 2018-06-21 19:57:36

Yuqorida chiqarilgan farmon mening fikrimcha oldingi chiqarilgan qaror va farmonlar kabi juda to'g'ri. Sababi import qilinayotgan dori vositalari ishlab chiqarilayotgan zavodlarda qat'iy nazorat va tartib o'rnatilgan sharoitda va yuqori malakaga ega bo'lgan dorishunoslar tomonidan ishlab chiqariladi. Shunga muvofiq ularning sifati va samaradorligini nazorat qiluvchi laboratoriya taxlillari ham zavodning o'zida va davlat tomonidan o'ta aniqlik bilan tekshiriladi va sotish uchun sertifikat beriladi. Yana bir e'tiborli tomoni ushbu dori vositalari yurtimizga olib kirilayotgan vaqtda qaytadan laboratoriya qilinadi. Laboratoriya o'tkazish tartibi esa o'sh dori vositasini ishlab chiqarayotgan davlatlar evropa davlatlari, AQSH, Hindiston va boshqalar me'yoriy xujjatlari asosida amalga oshiriladi. Bu degani birinchidan ikki marta tahlil qilib ovoragarchilik va ortiqcha sarf va dori tannarxining oshishiga, ikkinchidan bizning dorishunoslar yevropa, AQSH va boshqa dori ishlab chiqaruvchi davlatlar dorishunoslari ishlarini tahlil qilishga yetarli bilim va tajribaga ega emas. Va albatta bu bilan ichki bozorda aholi ehtiyojiga zarur bo'lgan har qanday dori vositasini topish imkoni paydo bo'ladi. Yaqin yillarda bizning yurtimizda ham import o'rnini bosuvchi sifatli va arzon dori vositalari ishlab chiqarish yanada rivojlanadi deb umid qilamiz.


Fikringizni qoldiring

+