2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

24.09.2018, 09:22

2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim shartihisoblanadi. 

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yoʻlida tez va sifatli ilgarilashini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi. 

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini koʻrsatdi. 

Xususan, bu borada koʻplab koʻrsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz soʻnggi yillarda nufuzli va obroʻli xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida ishtirok etmayapti. 

Iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorligi darajasi pastligi, vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining innovatsion rivojlanish sohasidagi faoliyati lozim darajada muvofiqlashtirilmayotgani bu boradagi birinchi navbatdagi maqsadlar va vazifalarga erishish imkonini bermayapti. 

Jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida mamlakatni jadal rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini izchil taʼminlash maqsadida: 

1. Quyidagilar: 

2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda Strategiya deb yuritiladi)1-ilovaga muvofiq; 

2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – maqsadli koʻrsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

2. Belgilansinki: 

a) mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish – Strategiyaning bosh maqsadidir; 

b) bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: 

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish; 

barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash; 

ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish; 

innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablagʻlar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish; 

boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish; 

mulkchilik huquqlari himoyasini taʼminlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish; 

barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish. 

3. 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 4-ilovaga muvofiq tuzilsin. 

4. Komissiya (A.N.Aripov): 

Strategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin; 

Strategiyani amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar vakillari va xorijiy ekspertlarni, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlarini, shu jumladan, joylarda tashkil etsin; 

ushbu Farmon ijrosining borishi toʻgʻrisidagi batafsil axborotni 

har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin. 

5. Quyidagilar: 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boʻlinmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari – vazirlik va idoralarning Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, shuningdek, ular ijrosi borishini har chorakda muhokama qilish uchun; 

vazirlik va idoralar rahbarlari – ilmiy-taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini, mustaqil ekspertlarni (konsultantlarni), shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan keng jalb etgan holda Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi uchun; 

davlat ilmiy-taʼlim muassasalari rahbarlari – Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni ilmiy-tadqiqot jihatidan qoʻllab-quvvatlash, vazirlik va idoralarga maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun ilmiy taqdimotlar va maʼruzalar, tahliliy materiallar tayyorlashda har tomonlama koʻmaklashish uchun; 

mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari – vaziyatni haqiqiy va sifatli oʻzgartirish uchun munosib sharoitlar yaratish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, hududlarni va ularning ijtimoiy infratuzilmasini Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar bilan uzviy bogʻliq holda rivojlantirish, shuningdek, vazirlik va idoralar bilan oʻzaro kelishilgan holda joylarda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish choralarini koʻrish uchun shaxsiy javobgarlik belgilab qoʻyilsin. 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi har yili Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun xalqaro tashkilotlarga zarur maʼlumotlar va koʻrsatkichlarni muntazam yuborilishini taʼminlasin. 

7. Vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari rahbarlari bilan kelishilgan holda bir oy muddatda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha oʻzaro bogʻliq huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni nazarda tutadigan 3 yilga moʻljallangan rivojlanish dasturlarini tasdiqlasin, keyinchalik 3 yilga moʻljallangan yangi rivojlanish dasturlarini qabul qilsin. 

8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va mavzuga oid koʻrsatuvlarni muntazam tashkil etsin. 

9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R.Xolmurodov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 21-sentyabr
 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1772
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+