Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida

11.12.2018, 09:12

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori



Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha kompleks choralar qabul qilindi. 

Fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilishning taʼsirchan mexanizmlari ishlab chiqildi, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Shu bilan birga mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro norma va standartlarni samarali amalga oshirish zaruratini tugʻdirmoqda. 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati samaradorligini oshirish, inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq: 

1. Belgilansinki: 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini, milliy maʼruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni taʼminlovchi davlat organi hisoblanadi; 

Markaz oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi; 

Markaz har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi; 

Markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, taʼlim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari boʻyicha koʻmaklashadi; 

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi boʻyicha davlat organlari faoliyatiga koʻmaklashish; 

inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini oʻrganish, tahlil qilish va umumlashtirish,inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish; 

Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish boʻyicha milliy maʼruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha milliy harakat rejalarini (“yoʻl xaritalari”ni) ishlab chiqish; 

normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qoʻllash amaliyotiga implementatsiya qilishni taʼminlash boʻyicha takliflar tayyorlash; 

inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari boʻyicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy koʻmaklashish; 

inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga koʻmaklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish,shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish; 

inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish. 

3. Inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilansin. 

4. Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishga aloqador vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari Markaz bilan doimiy hamkorlik qilish, uning soʻroviga koʻra inson huquqlari sohasida tegishli axborot va statistik maʼlumotlarni taqdim etish uchun masʼul tuzilmalar va mansabdor shaxslarni belgilasin. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga: 

Inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha milliy maʼruzalar loyihalarining muhokamalarini oʻzlarining qoʻmita va komissiyalarida oʻtkazish; 

Inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha milliy maʼruzalarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav va shartnomaviy organlarida koʻrib chiqish yakunlarini zaruratga qarab eshitish

inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha milliy harakat rejalarini (“yoʻl xaritalari”ni) tasdiqlash tavsiya qilinsin. 

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va ularni cheklash masalalari boʻyicha qonun loyihalari Markaz bilan majburiy ravishda kelishiladi. 

6. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari va boshqa tashkilotlar bilan memorandumlar, oʻzaro anglashuv va hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzish, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari masalalari boʻyicha xalqaro forumlarda muntazam ishtirok etishni nazarda tutuvchi Markazning xalqaro hamkorligini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqsin. 

7. Quyidagilar: 

boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 35 nafar kishidan iborat Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining yangilangan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq; 

Markaz xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi boʻyicha haq toʻlash razryadlari 3-ilovaga muvofiq; 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

8. Belgilansinki: 

Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor boshqaradi; 

Markaz direktori uning taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikkita oʻrinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega; 

Markaz direktori maqomi, tibbiy va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha vazirga, direktorning birinchi oʻrinbosari vazirning birinchi oʻrinbosariga, direktor oʻrinbosari vazirning oʻrinbosariga tenglashtiriladi; 

Markaz xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan maxsus unvon – martaba darajalari beriladi hamda martaba darajalari uchun ustama va koʻp yillik xizmatlari uchun qoʻshimcha haq toʻlanadi; 

Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra Markaz xodimlari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,7 baravar koʻpaytirilgan miqdorda qoʻllaniladi. 

9. Markaz direktoriga: 

zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy belgilangan soni doirasida oʻzgartirish kiritish; 

Markaz zimmasiga yuklangan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida maslahatchi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, belgilangan tartibda xalqaro va xorijiy tashkilotlar ekspertlarini jalb etish huquqi berilsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

respublika byudjetidan Markaz xodimlari lavozim maoshi miqdorining oshishi, ularga ustama va qoʻshimcha haqlar toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur miqdorda mablagʻ ajratsin; 

2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida Markaz xodimlarining ish haqi fondini oshirilgan miqdorda moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin; 

Markazga asoslangan hisob-kitoblarga koʻra moddiy-texnik bazasini shakllantirishga zarur boʻlgan asbob-uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olish hamda maʼmuriy binoni taʼmirlash uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin; 

Markazga xizmat koʻrsatish uchun uchta shaxsan biriktirilgan va bitta navbatchi avtomobilni taʼminlab turish uchun zarur limitlar ajratsin. 

11. Markaz Toshkent shahar, Islom Karimov koʻchasi, 15-uyga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin. 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda Markazni aloqaning zarur vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan hamda butunjahon Internet axborot tarmogʻidan keng polosali foydalanishni taʼminlashga koʻmaklashsin, shuningdek, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda videokonferensiyalar, internet-forumlar va telekoʻpriklar oʻtkazishda zarur texnik yordam koʻrsatsin. 

13. Markaz: 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudining statistik axborotlari majburiy joʻnatmalar reyestriga; 

Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin. 

14. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 

oʻzlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 10-dekabr

 
  • Ko'rildi
    1360
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+