Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

13.12.2018, 10:06

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori



Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya milliy tizimini yanada rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, sogʻliqni saqlash va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 11 sentyabrdagi PQ–3939-son qaroriga muvofiq: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzstandart” agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) 2019 yil 1 yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni oʻrnatish takliflari maʼqullansin: 

Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) toʻlaqonli aʼzolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinov bayonnomalari taqdim etilganda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan koʻp miqdorda boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari (erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bundan mustasno) oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiradigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ixtisoslashgan va qishloq xoʻjaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim boʻlgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat xomashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi; 

tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan oʻlchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida oʻrnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi; 

Milliy oʻlchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning Milliy metrologiya organlari tomonidan rasmiylashtirilgan amaldagi kalibrlash (yoki tekshirish) sertifikatlari taqdim etilganda oʻz ehtiyojlari uchun texnologik jarayonlarda foydalaniladigan import boʻyicha olib kiriladigan oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyalash (turini tasdiqlash) soddalashtirilgan tartibda, bir kun muddatda tan olish tartibotlari yoʻli bilan amalga oshiriladi. 

2. Belgilab qoʻyilsinki: 

mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini taʼminlash, shuningdek, ularning maqsadli ishlatilishiga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari masʼul hisoblanadi; 

mazkur qarorning 1-bandida koʻzda tutilgan soddalashtirilgan tartib, davlat bojxona xizmati organlariga (shu jumladan, uchinchi shaxslar tomonidan) tovarlar ularni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirayotgan tadbirkorlik subyekti tomonidan ularni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun maqsadli ishlatilishi toʻgʻrisidagi majburiyatlari, shuningdek, oʻrnatilgan tartibda bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida oʻlchash vositalarini sertifikatlashtirish amalga oshirilishi koʻzda tutilgan kafolat xati taqdim etilishi sharti bilan qoʻllanadi; 

davlat bojxona xizmati organlari, bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgandan soʻng uch kun muddatda mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq soddalashtirilgan tartibda olib kirilgan tovarlar importi toʻgʻrisida idoralararo axborot almashinuvi vositasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga va Agentlikka maʼlumot taqdim etadi; 

mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi. 

3. Sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalardan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yoʻli bilan tasdiqlash huquqi berilsin. 

4. Quyidagilar: 

2019-2020 yillarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq; 

29 ta umumiy va 13 ta maxsus texnik reglamentlar ishlab chiqilishini koʻzda tutadigan 2019-2021 yillarda texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturi 2-ilovaga muvofiq; 

uygʻunlashuv darajasini 47 foizga yetkazishni nazarda tutuvchi 2019-2021 yillarda standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirish maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq; 

sinov va oʻlchash bazasini takomillashtirish boʻyicha loyihalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

5. Quyidagilarga shaxsiy javobgarlik yuklansin: 

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yoʻl xaritasi"da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S.Otajonovga – Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturining oʻz vaqtida, toʻliq va samarali amalga oshirilishi uchun; 

Agentlik bosh direktori D.N.Sattarovga – standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarning uygʻunlashuv darajasini belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga, shu jumladan, 2023 yilgacha 80 foizga yetkazish, Agentlik tizimi tashkilotlarining samarali ishlashi, respublikaning barcha hududlarida sinov laboratoriyalarining keng tarmogʻini, shu jumladan, xususiy sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida yaratish va modernizatsiya qilishni taʼminlash uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining raisi M.B.Azimovga – chegara bojxona postlarida nazorat tartibotlarini bajarishda sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari faoliyatining samarali va operativ muvofiqlashtirilishini taʼminlash uchun. 

6. Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari – mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar bir hafta muddatda ekspert kengashlarini shakllantirsin va texnik reglamentlar ishlab chiqish boʻyicha tarmoq jadvallarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin. 

7. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 yanvardan: 

5-ilovada keltirilgan roʻyxatga muvofiq olib kiriladigan isteʼmol tovarlarini majburiy sertifikatlash faqat Agentlik tizimidagi sertifikatlashtirish organlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi tomonidan, yangidan akkreditatsiya qilingan boshqa sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi; 

muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirishda takrorlanuvchi sinovlar oʻtkazilishi taqiqlanadi va sertifikatlarni berishda, idoraviy boʻysunuvidan qatʼiy nazar, belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar tomonidan oʻtkazilgan sinovlarning ijobiy natijalari asos qilib olinadi. 

Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi ikki oy muddatda sertifikatlashtirish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmini tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan hamda muntazam yangilanadigan sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya vaziyati nomaqbul boʻlgan davlatlarning roʻyxatiga kiruvchi mamlakatlardan sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya nazoratidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mahsulotlarning olib kirilishi taqiqlansin. 

9. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va fitosanitariya nazorati chegara xizmatlarining faoliyatini tanqidiy oʻrganish natijalari boʻyicha ular tomonidan nazorat funksiyalarining bajarilishini takomillashtirish, samaradorligi va tezkorligini oshirish yuzasidan takliflar kiritsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq texnik reglamentlarga rioya etish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiyligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. 

Texnik reglamentlar amalga kiritilishi bilan mazkur texnik reglamentlar bilan xavfsizligiga majburiy talablar qoʻyiladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish majburiy tusga ega boʻlishi belgilansin. 

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalarini tugatgan holda “Oʻzstandart” agentligi qoshida Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilsin va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin: 

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunbuzilishlarining oldini olish va profilaktika qilishni amalga oshirish; 

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya masalalarida tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama yordam koʻrsatish; 

texnik reglamentlar, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi, oʻlchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini taʼminlash, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish va amalga oshirish. 

Belgilansinki, Departament yuridik shaxs hisoblanadi, uning faoliyati ustidan umumiy rahbarlik va nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi. 

12. Agentlikning Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti va “Axborot-maʼlumot markazi” davlat korxonasi negizida “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. 

Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti standartlashtirish boʻyicha tarmoq texnik qoʻmitalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni, shu jumladan, shartnoma asosida xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlarning arizalari boʻyicha ishlab chiqish va realizatsiya qilish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha bazaviy tashkilot etib belgilansin. 

Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutining ishchilariga Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari boʻyicha ishchilar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllanilsin. 

Agentlik bir oy muddatda Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

13. Quyidagilar: 

“Oʻzstandart” agentligining tashkiliy tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq; 

“Oʻzstandart” agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq; 

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash departamentining tuzilmasi 8-ilovaga muvofiq; 

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash departamentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi inspektorlari cheklangan soni 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 153 nafar, shu jumladan, markaziy apparati – 69 nafar etib belgilansin. 

14. Agentlik Bosh direktoriga quyidagi huquqlar berilsin: 

zarurat boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtat soni doirasida Agentlik apparati va uning quyi tashkilotlari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish; 

moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib, oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, quyi tashkilotlar boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash; 

vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar texnik qoʻmitalarining mutaxassislarini, ilgʻor loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalarining mutaxassislarini jalb etish, shuningdek, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish hamda ularga erkin ayirboshlanadigan valyutada ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorlarini belgilash; 

oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan va samarali bajarayotgan, Agentlik va Departamentning yuqori malakali, tashabbuskor ishchilariga Agentlik qoshidagi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash fondining ikki baravari miqdorigacha qoʻshimcha haq toʻlash. 

Agentlikka sifatsiz hamda odamlar hayoti, salomatligi, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulki, atrof-muhit uchun xavfli boʻlgan mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish xavfi monitoringini yuritish vazifasi yuklansin. 

15. Quyidagilar Agentlik faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari etib belgilansin: 

Agentlik boʻlinmalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatini qoniqarli baholovchi arizachilar, shuningdek, ularning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar soni; 

interaktiv shaklda xizmatlar koʻrsatish uchun kelib tushayotgan murojaatlar soni; 

qabul qilingan va qayta koʻrib chiqilgan texnik reglamentlar va standartlar soni, shu jumladan, xalqaro talablarni inobatga olgan holda; 

sifatsiz va xavfli boʻlgan mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish xavfining monitoringi boʻyicha ishlar natijadorligi; 

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunbuzilishlarining oldini olish va profilaktika qilish boʻyicha ishlar natijadorligi. 

16. Agentlik bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin: 

idoraning yangi logotipi va farqlash belgilari yaratilishini koʻzda tutgan holda imidjni yaxshilash; 

koʻrsatiladigan xizmatlar darajasini oshirish maqsadida quyi tashkilotlar faoliyatini baholash amaliyotini joriy etish; 

samaradorlikni baholash natijalari, shu jumladan, korrupsion omillarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda axborotlarni tizimli yoritib borish. 

17. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Markaziy banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa idoralarning statistik axborotlari majburiy joʻnatmalar reyestriga kiritilsin. 

18. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida qonun buzilishi uchun javobgarlikning kuchaytirilishini koʻzda tutadigan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin. 

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Agentlik va boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda sifat milliy infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin. 

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017 yil 28 apreldagi PQ–2935-son qaroriga 10-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin. 

21. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin. 

Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M.Mavlonov va E.M.Gʻaniyevlar zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 12 dekabr
 
  • Ko'rildi
    2540
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+