Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi

09.06.2020, 10:24

Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘ona shahrida viloyat va tuman hokimlari, soha va  tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, odamlarni ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda bu borada Farg‘onada ham keng ko‘lamli sa’y-harakatlar boshlangani, viloyatdagi 43 mingdan ziyod oilani yil yakuniga qadar kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingani qayd etildi.

Xususan, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish orqali qariyb 14 ming oilaning oyoqqa turishiga ko‘maklashiladi. Bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit resurslari hajmini 25 foizga oshirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 400 milliard so‘m kredit ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish va erkin iqtisodiy zonalar orqali 6 mingdan, qishloq xo‘jaligi sohasida 17 mingdan ortiq oilani kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi.

Masalan, g‘alladan qisqargan 4 ming gektar, oborotdan chiqqan 3,5 ming gektar yerda bog‘ va tokzorlar tashkil etiladi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida Dorivor o‘simliklar ilmiy markazi tashkil etilib, 10 ming gektarda shu turdagi o‘simliklar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Irrigatsiya tizimidagi yo‘qotishlarni kamaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, buning uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qaror ham Farg‘ona viloyati uchun katta ahamiyatga ega.

Yig‘ilishda uy-joylar qurish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Farg‘ona tajribasi asosida «loyihalar fabrikasi»ni keng rivojlantirish, IT markazlarda o‘quv kurslari tashkil etib,  yiliga 262 mingdan ziyod yoshlar o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, iqtisodiyot tarmoqlari mutasaddilari, hokimlar hisoboti eshitildi.

Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Toshloq tumani hokimi va soliq boshqarmasi boshlig‘ini vazifasidan ozod etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

  • Ko'rildi
    625
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+