Pandemiyadan kuchli bo‘lib chiqishning birdan bir yo‘li – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish

09.07.2020, 09:16

Pandemiyadan kuchli bo‘lib chiqishning birdan bir yo‘li – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda byudjet tushumlarini so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Pandemiyadan kuchli bo‘lib chiqishning birdan bir yo‘li – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish, dedi davlatimiz rahbari.

Murakkab sharoitga qaramay, ushbu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda, lekin ba’zi hududlarda bu boradagi ishlar qoniqarli emasligi ta’kidlandi.

Karantin talablarining yumshatilishi natijasida korxonalar faoliyati tiklandi. Biroq 69 mingta tadbirkorning faoliyatini jonlantirish kerakligi, joylardagi rahbarlar 9 oy yakuni bo‘yicha ularning kamida 70 foizini, yil yakuniga qadar to‘liq quvvat bilan ishlashiga mas’ul va javobgarligi belgilandi.

Mamlakat miqyosidagi mutasaddilarga hududlarga borib tushumi kamaygan korxonalar bilan tizimli ishni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelmoqda. Shu bois, tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta ko‘rib chiqib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tushunarli shaklda aholiga yetkazish topshirig‘i berildi.

O‘tgan yilda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarning, ya’ni, yangi biznes sub’ektlarining 23 mingtasi yoki 24 foizi bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmayapti. Mas’ul rahbarlar ular bilan muloqot qilishi, tez fursatlarda ularni ishga tushirish choralari ko‘rilishi belgilandi.

Bunda tadbirkorga ko‘proq sharoit yaratib berish, jumladan, elektr, gaz, suv ta’minoti, yo‘l, kredit bilan bog‘liq masalalarni yechib berish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Faoliyat boshlayotgan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Bunda tadbirkorni maxsus kurslarda o‘qitish, sub’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish, asbob-uskuna sotib olish xarajatlarining bir qismiga grant ajratish nazarda tutiladi. Ushbu tizimning vertikal ijrosini ta’minlash uchun hozirda faqat respublika darajasida faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ishini tumangacha tushirish lozimligi qayd etildi.

Xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun eng qulay, ko‘p va yuqori daromadli ish joylari tashkil etish mumkin bo‘lgan 31 ta o‘rta shaharlarda infratuzilmani yaxshilash, yer resurslari va bino-inshootlardan to‘g‘ri foydalanish, rejalashtirish, boshqaruv va jamoat transportini to‘g‘ri tashkil etish aholi daromadi o‘sishiga keskin turtki beradi.

Ushbu shaharlarni xizmat ko‘rsatish markazlariga aylantirish, buning uchun shahar rahbarlariga tizim yaratish va aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Keyingi yillarda soliq tizimini isloh qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi natijasida biznes ixtiyorida 2019-yilda 12 trillion so‘m qoldi, 2020-yilda yana 11 trillion so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda. Endi yangi vazifa, ya’ni, “Soliq idorasi – tadbirkorga ko‘makchi” tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, 1-iyuldan boshlab ilk marotaba tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish mexanizmi amalga kiritildi. Ushbu yangilik orqali joriy yilning birgina uchinchi choragida tadbirkorlarga 700 milliard so‘mni aylanma mablag‘ sifatida o‘zida qoldirish imkoniyati yaratilmoqda.

Shu munosabat bilan, mutasaddilarga ushbu yangi tizim imkoniyatlarini barcha tadbirkorlar e’tiboriga yetkazish va ijrosini barcha hududlarda samarali tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Undan tashqari, Prezident joylarda haligacha tadbirkorlarga yer va bino-inshootlar ajratishda ko‘plab to‘siqlar mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi. Bularni ochiq savdoga, elektron auksionga chiqarish jarayonlarini jonlantirish vazifasi qo‘yildi.

– Sohadagi o‘zgarishlarni odamlar sezishi kerak, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda buni keng yoritib borish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim masala – byudjet daromadlari ijrosini ta’minlash. Davlatimiz rahbari bu borada ko‘rilayotgan choralarning samarasini oshirish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtab o‘tildi. Davlatimiz rahbari kamida 257 ming nafar muhtoj oilalar vakillarini ishga joylashtirish, 37 mingta xonadonga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish zarurligini qayd etdi.

Ehtiyojmand aholini ishga joylashtirish ko‘rsatkichi eng past sektorlar ta’kidlanar ekan, ularning rahbarlariga jazo choralari ko‘rildi.

Jumladan, Farg‘ona tumani hokimi Nosirov, Yakkabog‘ tumani prokurori Mustafayev, G‘uzor va Chortoq tumanlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari Raxmonov va Abdurayimov, Muborak tumani va Qo‘qon shahar soliq inspeksiyalari boshliqlari Temirov va Turdiqulovlarni egallab turgan lavozimlaridan ozod etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sho‘rchi tumani hokimi Xudayberganov, Kattaqo‘rg‘on, Koson va Payariq tumanlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari Otamurodov, Otakulov va Shermuxamedov, Narpay, G‘allaorol tumanlari va Guliston shahar soliq inspeksiyalari boshliqlari Dehqonov, Mamayev va Radjabovlarga nisbatan oxirgi ogohlantirish sifatida “hayfsan” e’lon qilinishi belgilandi.

  • Ko'rildi
    700
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+