Kadastr sohasiga raqamli texnologiyalar joriy etiladi

21.07.2020, 20:43

Kadastr sohasiga raqamli texnologiyalar joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yerning hisobini aniq yuritish va samarali foydalanish qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish, qurilish, geologiya kabi ko‘plab sohalar uchun juda muhim. Davlatimiz rahbari hududlarga safarlari chog‘ida doim bu masalaga alohida e’tibor qaratib, har bir qarich yer xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini ta’kidlaydi.

Afsuski, geodeziya, kartografiya va kadastr sohasida qator muammolar to‘planib qolgan.  Mamlakatimizda yer xatlovi oxirgi marta 40 yil oldin o‘tkazilgan. Masalan, 140 ta tuman ma’muriy chegaralari hozirgacha aniq emas. Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi 20 yil oldin qabul qilingan va hozirgi islohotlar talabiga javob bermaydi. Bularning oqibatida sohada talon-torojlik va korrupsiya avj olgan. 66 ta tumanda 150 ming gektar ekin yeri o‘zboshimchalik bilan egallangani, oxirgi ikki yilda 122 nafar kadastr xodimi jinoiy javobgar bo‘lgani buning dalili.

Shu bois tizimni isloh qilish boshlandi. Bugungi yig‘ilishda shu boradagi muhim masalalar muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kadastr idoralarining eng asosiy vazifasi yerning hisobi va balansini yuritish bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi.

Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.

Qishloq xo‘jaligini boshqarishni raqamlashtirish, kelgusi yildan yer balansi va uning hisobini Milliy geoaxborot tizimida yuritish zarurligi qayd etildi. Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining tuproq sifatini baholash, yerlarni rivojlantirish, ekinlarni joylashtirish bilan bog‘liq vazifalarini, shuningdek, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazish taklifi bildirildi. Jahon bankidan ajratilayotgan 87 million dollar hisobidan mazkur institut faoliyatini rivojlantirish, laboratoriyalarini yangilash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yil yakunigacha 10 ming gektar yer maydonining tuproq tahlilini va agrotexnologik xaritalarini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Sohadagi yana bir kamchilik – ba’zi turdagi kadastrlar to‘liq shakllanmagan. Masalan, avtomobil yo‘llari kadastri 23 foiz, madaniy meros ob’ektlari 32 foiz, quvurlar 32 foiz, shaharsozlik kadastri 63 foiz shakllangan, xolos. Shu bois IT-texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Bosh vazir maslahatchisiga ishchi guruh tuzib, kadastrlar bazasini to‘liq ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda shahar va qishloqlarda yerning haqiqiy qiymatini aniqlash hamda uning bozorini shakllantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sohaning kadrlar salohiyati pastligi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi tizimidagi 27 foiz xodimlar mutaxassisligi sohaga to‘g‘ri kelmasligini qayd etdi. Shu yo‘nalishda xorijiy oliy o‘quv yurti filialini tashkil qilish muhimligi, Italiyaning Piza universiteti hamda Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti bilan hamkorlik o‘rnatish kerakligi ta’kidlandi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar batafsil axborot berdi.   

  • Ko'rildi
    577
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+