2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida

04.02.2021, 10:39

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish hisobidan xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

1. Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini davom ettirish maqsadida quyidagilarning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilsin:

    turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 2021 yil 
1 yanvar holatiga qarzdorligi to‘lanishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969‑son Farmonida nazarda tutilgan vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha 2020 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, mavjud qarziga penya hisoblanishini to‘xtatish va soliq qarzini majburiy undirishga qaratish choralarini ko‘rmaslik talabi;

koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga 2020 yil 31 dekabr holatigaқoldiқda turgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summasi;

“xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy.

3. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

a) oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etilsin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda 2021 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantini ajratish tartibini ishlab chiqsin va oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida ball to‘plagan shaxslar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarni nazarda tutuvchi yagona elektron reyestrni shakllantirsin;

     b) oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni o‘qish davri tugagandan so‘ng qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

oliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur amaliyotni yo‘lga qo‘yish hamda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga kreditlar uchun maqsadli resurslar ajratishni ta’minlash choralarini ko‘rsin;

v) oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baрavaрga oshirilsin, shuningdek, xususiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimi joriy etilsin.

 Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilishga davlat buyurtmasi parametrlarining tubdan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin;

 g) akademik ta’til berishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

akademik ta’til olishni istagan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi va masofaviy shakliga o‘tkazilib (agar oliy ta’lim muassasasida bunday ta’limning shakllari mavjud bo‘lsa), ularga uzluksiz mustaqil ta’lim olish imkoniyati yaratiladi;

oilasining betob a’zosini parvarish qilish sababli an’anaviy shakldagi ta’limni davom ettirish imkoniyati bo‘lmagan talabalarga ham akademik ta’tilni olish huquqi beriladi;

talabalarga o‘qish davomida akademik ta’til berilishi bo‘yicha miqdoriy cheklovlar bekor qilinadi;

akademik ta’tildan qaytgan talabalarni ilgari o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qaytadan o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda akademik ta’til olishni istagan talabalar tomonidan sirtqi va masofaviy shaklda mustaqil ta’lim olishni tashkil etish, oliy ta’lim muassasalarida eksternat tartibida ta’lim olish bo‘yicha huquqiy asoslarni yaratishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich o‘tkazilsin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.

4. Respublikada talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha iqtidorli mutaxassislarni nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda tayyorlashning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida 2021 yil 1 apreldan boshlab:

“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 baроbaрga oshirilsin;

“El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimi joriy etilib, 2021 yilda 100 nafar yoshlarning xorijga ta’lim olish uchun yuborilishi ta’minlansin;

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qat’i nazar muntazam ravishda o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish dasturlari uchun stipendiya tanlovini nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasadan o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi taklifnoma asosida o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yilsin.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi bir oy muddatda davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rsin.

5. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar Akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi uch oy muddatda fizika fani va chet tillari bo‘yicha uzluksiz ta’lim sifati va natijadorligini oshirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks dasturlarni ishlab chiqsin:

ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ta’lim tashkilotlarida mazkur fanlarni o‘qitish metodikasini qayta ko‘rib chiqish, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarini tashkillashtirish, sohadagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish;

yangi avlod, shu jumladan, elektron darslik va o‘quv kurslarini yaratish, shuningdek, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘quv dasturlarida amaliy va interfaol mashg‘ulotlarning ulushini ko‘paytirish;

xorijiy tillarni o‘rganish uchun kengroq imkoniyat yaratish maqsadida bepul til o‘rganish elektron platformalarini yaratish;

ixtisoslashgan maktab (sinf)lar faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, ularni oliy ta’lim tashkilotlari hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan o‘zaro bog‘lash hamda xorijiy mamlakatlardan o‘qituvchilarni jalb etish.

6. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda 2025 yilda O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish ishlari bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:

respublikada mavjud sport ob’ektlari va inshootlari, logistika, transport va mehmonxona infratuzilmasini o‘rganish natijasida Osiyo Olimpiya Kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq ularni ta’mirlash yoki yangilarini qurish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;

yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishning bosh rejasini unda belgilanadigan har bir tadbir bo‘yicha moliyalashtirish manbasi va mas’ul ijrochini ko‘rsatgan holda tuzish;

Osiyo Olimpiya Kengashi talablariga asosan yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritiladigan sport turlarini saralab olish va o‘yinlar dasturini ishlab chiqish bosqichlarini belgilash.

7. Aholi salomatligini mustahkamlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida:

a) 2021 yil 1 iyuldan boshlab “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullanish uchun o‘rta tibbiyot mutaxassislariga o‘zini o‘zi band qilish asosida ruxsat berilsin;

b) 2021 yil yakuniga qadar mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj 900 nafar chin yetim bitiruvchilari uy-joy bilan ta’minlansin.

Moliya vazirligi keyingi yillar uchun byudjet parametrlarini shakllantirishda mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj yetim bitiruvchilari va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashga mablag‘lar ajratilishini nazarda tutib borsin;

v) 2021 yilda 22 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari, 31 ta yangi maktab, 16 ta oliy ta’lim muassasalari binolari, 24 ta sog‘liqni saqlash ob’ektlari hamda 23 ta sport ob’ektlarining qurilishi ta’minlansin.

 8. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta’lim olishi va kasb egallashiga ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilsin va uning maqsadlari amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratilsin.

9. Ilg‘or xorijiy tajriba va keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda, 2021 yil 1 iyunga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi amaliyot joriy etilsin:

muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash amaliyotini sertifikat berish tizimiga o‘tkazib, fuqarolarga o‘z tanloviga ko‘ra davlat tomonidan beriladigan mablag‘lar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyatini yaratish;

nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlikni muddatsiz davrga belgilash.

Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy муddaтda tibbiy-ijtimoiy xizmatning mutlaqo yangi modelini shakllantirish choralarini ko‘rsin.

10. Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 iyundan boshlab:

pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 
2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;

uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;

ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;

pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;

pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda – Pensiya jamg‘armasi) tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;

fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.

11. Pensiya va nafaqalar to‘g‘ri tayinlanishi hamda to‘lanishi bo‘yicha tekshirishlar natijasida aniqlangan ortiqcha to‘lov summasining 2021 yil 1 fevral holatiga bo‘lgan qarzdorligi hisobdan chiqarilsin.

12. Iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan, kambag‘allikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishning poydevorini yaratish maqsadida:

a) ishsiz a’zolari bor oilalarga, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun:

dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun, shu jumladan, yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 
0,1 gektardan 1 gektargacha yer ajratilishi;

ajratilgan yer maydonlari sug‘orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug‘orish tizimi va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta’minlanishi; 

berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun (yer haydash, urug‘, ko‘chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi yo‘lga qo‘yilsin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2021 yil 1 aprelga qadar har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, ehtiyojmand oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ko‘maklashish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;

b) tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ishsiz aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilishning yangi mexanizmlari yuzasidan taklif kiritsin;

v) 2021 yil 1 martdan boshlab zargarlik sohasida keng imkoniyatlar yaratish uchun “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK tomonidan kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etilsin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bir oy muddatda kumushning ishlab chiqaruvchilarga birja savdolari orqali sotilishi, birjaga qo‘yiladigan kumush hajmlarini shakllantirish va mahsulot boshlang‘ich narxini asosli belgilash bo‘yicha takliflarni kiritsin.

13. Belgilab qo‘yilsinki, 2021 yil 1 martdan 2022 yil 1 iyunga qadar ichki turizmni ommalashtirish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun quyidagi xarajatlarning bir qismini qaytarish mexanizmi joriy qilinadi:

aviatashuvchilarga – ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlarda avia chipta narxining 25 foizi;

turoperator va turagentlarga – O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan turlar yuzasidan avia va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi hamda joylashtirish vositalarining joylashtirish bo‘yicha xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi. Bunda, ushbu xarajatlarning bir qismini qaytarish sayohat amalga oshirilgan hududlardagi joylashtirish vositalarida kamida bir kecha tunab qolish sharti bilan taqdim etiladi.

14. Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor munosabatlarini shakllantirish maqsadida:

suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinsin;

2021 yil 1 iyunga qadar ishlab chiqaruvchi va importyorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali ulgurji bozorni shakllantirish “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilsin.

Energetika vazirligi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini ta’minlasin hamda birinchi bosqichda 2021 yil 1 avgustdan boshlab, yirik korxonalarga elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqi berilishini nazarda tutsin.

15. Davlat soliq xizmatida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida fermer xo‘jaliklarining daromad va xarajatlarini avtomatik shakllantirish va soliq organlariga yuborish imkonini beruvchi elektron tizimni 2021 yil 1 iyulga qadar amaliyotga joriy etish choralari ko‘rilsin.

Belgilansinki, davlat soliq xizmatining faoliyatini “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tashkil etish doirasida oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida 5 milliard so‘mni tashkil etgan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari soliq monitoringida ishtirok etishga haqli.

16. Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi va Hisob palatasining Moliya vazirligi tizimidagi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tuzilmasini takomillashtirish va faoliyatining samaradorligini oshirish, ichki audit xizmatlarini tartibga solish tizimini rivojlantirish, shuningdek, o‘tkaziladigan tekshirishlar va ularning natijalari yuzasidan ma’lumotlarni ochiq e’lon qilib borish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda davlat moliyaviy nazorati va ichki audit tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirsin.

17. Bojxona nazorati tartib-taomillarini takomillashtirishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2021 yil 1 iyuldan boshlab bojxona nazoratini olib borishning quyidagi tartibi belgilansin:

toifadan tashqari maqomdagi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari” sinov tariqasida bosqichma-bosqich tashkil etiladi;

bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvi keskin qisqartiriladi;

chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan yuk tashuvchilarni ro‘yxatga olish, hujjatlarni tekshirish, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar undirish jarayonini raqamlashtirish orqali umumiy onlayn nazorat amaliyoti joriy etiladi.

18. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, shu jumladan, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida:

a) joriy yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda har bir hududda bittadan tuman (shahar) byudjetini shakllantirishda xarajatlarning kamida 5 foizиni bevosita aholining fikr-mulohazalarini inobatga olib, mahalladagi muammolarni hal etishga yo‘naltirish tartibi eksperiment tariqasida joriy etilsin;

b) 2021 yilda davlat boshqaruvi xodimlari soni o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirilsin.

Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar quyidagi choralarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi kiritilishini ta’minlasin:

boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar va byurokratik to‘siqlarni va majlisbozlikni qisqartirish;

ko‘p yillar davomida bo‘sh turgan shtat birliklarini optimallashtirish;

ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qisqartirish 
va ularni berish jarayonini avtomatlashtirish hisobiga ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish;

vazirlik va idoralar faoliyatida qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish;

raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan ish jarayonlarini optimallashtirish;

vazirliklarda faoliyatni tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirish tizimini joriy etish;

v) o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish doirasida:

viloyat, tuman, shahar va mahalla boshqaruvida samaradorlikni oshirish uchun xodimlar soni va maoshi hududning o‘ziga xosligi 
va ish hajmidan kelib chiqib belgilansin;

quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o‘rgatish va malakasini muntazam oshirib borishning aniq tizimi joriy etilsin;   

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rsin;

g) 2021 yil yakuniga qadar amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, shu jumladan, eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish va tarqoq hujjatlarni tizimlashtirish orqali tartibga solish yukini va tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning darajasini kamaytirish uchun ortiqcha normalarni qisqartirish ta’minlansin.

Adliya vazirligi 2021 yil 1 mayga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarini bekor qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda aniq munosabatlarni tartibga soluvchi hujjatlarni tizimlashtirish bo‘yicha takliflarni kiritsin;

d) 2021 yil 1 iyulga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni faqatgina maxsus “E-qaror” elektron tizimi orqali tayyorlab, qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Adliya vazirligi uch oy muddatda

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini tayyorlash, qabul qilish, hisobga qo‘yish va e’lon qilish bo‘yicha elektron axborot tizimini joriy etish;

elektron tizimdan foydalanish, uni yuritish va unda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash;

qabul qilinayotgan qarorlarni ijrochi va manfaatdor tashkilotlarga yetkazish va tegishli bazalar bilan integratsiya qilish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarini mazkur tizimda ishlash bo‘yicha o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

elektron tizim orqali qabul qilinmagan hujjatlarni amalga kiritganlik hamda normativ-huquqiy hujjatlarni adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazmagan holda qabul qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash bo‘yicha takliflarni kiritsin.

19. Moliya vazirligi 2021 yil 1 maydan boshlab quyidagilarga oid moliyaviy ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘ida e’lon qilish amaliyotini joriy etsin:

davlat organlari byudjetdan tashqari jamg‘armalarining daromadi va xarajatlari;

ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ularga ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar xaridlari;

davlat subsidiya va grantlarining miqdorlari va oluvchilari.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikki oy muddatda ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish, shu jumladan, davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish bo‘yicha tashkil etiladigan tender va tanlov komissiyalarining tarkibi, davlat aktivlarining oldi-sotdi va davlat-xususiy sheriklik loyihalari jarayonlari ishtirokchilari, soliq va boshqa imtiyozlar oluvchilar kabi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish bo‘yicha takliflarni kiritsin.

20. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritilgan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish, soha va tarmoqlar kesimida chuqur tahlillar va jamoatchilik so‘rovlarini o‘tkazish natijasida “Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri”ni shakllantirish;

“Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri”ga muvofiq har bir korrupsiyaviy omilni birinchi navbatda raqamlashtirish (elektron navbat, auksion va boshqa zamonaviy usullar), ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik nazorati kabi vositalar orqali bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasida keng muhokamadan o‘tkazgan holda ishlab chiqish;

amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga ta’sirini jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda baholash va e’lon qilish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirish mexanizmlari hamda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin.

21. Adliya vazirligi bir oy muddatda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishida byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirishga qaratilgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin:

fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar foydalanishi mumkin bo‘lgan davlat xizmatlarining ko‘lamini kengaytirish;

davlat, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlashning yagona identifikatsiya raqamini joriy etish;

davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali ular o‘rtasida qog‘oz ko‘rinishida hujjat taqdim etish amaliyotiga chek qo‘yish;

fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining natijalarini pochta aloqasi orqali yetkazish 
amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

“markaz-mahalla-fuqaro” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatib kelinayotgan xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini ta’minlash bo‘yicha Qarshi shahar tajribasini joriy etish.

22. 2021 yil 1 maydan boshlab mamlakatimizga 2005 yil 1 yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek, mamlakatimizda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan (chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan) shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilinsin.

23. Inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish maqsadida:

2021 yil 1 aprelga qadar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin;

2021 yil 1 iyunga qadar jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va shartli ozod qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga o‘tkazilsin;

2021 yilda 6 tagacha manzil-koloniyalar qisqartirilsin.

24. Keng jamoatchilikning quyidagi takliflari ma’qullansin:

a) yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining asosiy faoliyatini fuqarolarga ko‘mak berishga yo‘naltirish hamda korrupsiyaga imkon beradigan omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun:

avtomototransport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazishni eksterritoriallik prinsipi asosida yo‘lga qo‘yish va yangi avtomototransport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish talabini bekor qilish;

Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida bittadan ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim (bo‘linma)larida fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududidan qat’i nazar avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga davlat raqami belgilarini berishni amalga oshirish;

barcha ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim (bo‘linma)larida hamda kamida 20 ta davlat xizmatlari markazlarida milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishni (shu jumladan, almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish) fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududidan qat’i nazar amalga oshirish;

haydovchilik guvohnomasini olishga talabgorlardan imtihon olish jarayonini jamoatchilik tomonidan, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali kuzatish imkonini yaratish;

ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda, avtomobil yo‘llarida yo‘l transport hodisalarining oldini olish hamda o‘lim holatlarini, shu jumladan, piyodalar o‘tish joylarining zamonaviy svetoforlar bilan ta’minlanganlik darajasini bosqichma-bosqich oshirish orqali qisqartirish.

Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritsin;

b) respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddatini 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish. Bunda:

har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiyati kiritilsin;

daraxt va butalarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishini aniqlagan yoki oldini olgan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimi joriy etilsin.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash tartibini qayta ko‘rib chiqib, tabiatni qayta tiklashga qaratilgan kompensatsiya mexanizmlarini keng joriy etsin.

25. Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy mamlakatlar bilan 2021 yilda savdo-iqtisodiy, 
investitsiyaviy, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar va siyosiy sohalarda, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va tadbirkorlik sub’ektlari uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va maxsus qulay rejimlar taqdim etishni nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar bo‘yicha takliflarni kiritsin.

26. Adliya vazirligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda:

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish;

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi axborotni har oyda umumlashtirish hamda yakunlarini aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan ijobiy o‘zgarishlarni, tahliliy axborot ko‘rinishida aks ettirgan holda, o‘z veb-saytlarida joylashtirish;

monitoring natijalari to‘g‘risidagi axborotni har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda e’lon qilish va keng tarqatishni ta’minlasin.

27. Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturining izchil va o‘z vaqtida ijrosini nazorat qilishni quyidagi tartibda amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlari o‘z hududlarida Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘n kun muddatda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va har oyda o‘z majlislarida muhokama qilib boradi;

Vazirlar Mahkamasi har oyda Davlat dasturi bajarilishini Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari huzurida tanqidiy ko‘rib chiqadi, har chorakda Hukumat Rayosatida muhokama qilib boradi hamda o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralar ko‘radi;

Oliy Majlis palatalari har chorakda Bosh vazir va Hukumat a’zolarining Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitib boradi hamda bu borada vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Adliya vazirligi va Hisob palatasi bilan birgalikda har oyda Davlat dasturi bajarilishini nazorat qilib boradi hamda uning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.

28. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Xalqaro press-klub bilan hamkorlikda:

ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘ida keng tushuntirilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

29. Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

30. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                       Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 3 fevral

  • Ko'rildi
    2248
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+