O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

10.02.2021, 08:41

O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Respublikada turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–6155-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilinayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita):

a) “Uzbekistan Airports” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda:

bir oy muddatda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida Farg‘ona – Urganch – Farg‘ona, Termiz – Urganch – Termiz hamda Qarshi – Urganch – Qarshi aviareyslarиni yo‘lga qo‘yish va Andijon – Xiva – Andijon temir yo‘l qatnovi sonini oshirish;

2021 yil 1 aprelga qadar Termiz – Qarshi – Xiva, Xiva –Urganch – Nukus va Termiz – Qarshi – Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin;

b) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, mazkur bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan aviareyslarni va temir yo‘l qatnovlarini, shuningdek, Toshkent shahridan Buxoro, Nukus, Termiz va Urganch shaharlari hamda Farg‘ona vodiysiga qatnov yo‘nalishlari bo‘yicha aviareyslarni subsidiyalash nazarda tutilsin;

v) turoperatorlar bilan birgalikda subsidiyalash mexanizmini qo‘llagan holda boshqa avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

3. Qo‘mita, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagi imtiyoz va preferensiyalar muddatlarini 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

a) turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish;

b) kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar
uchun O‘zbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash;

v) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi sub’ektlar bo‘yicha:

yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish;

ular tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash.

4. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros ob’ektlarida ichki turizm oqimlarini shakllantirish rejasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasida turistlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 2-ilovaga muvofiq;

Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston Respublikasining ziyorat turizmi salohiyatini manzilli targ‘ib qilish chora-tadbirlari rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy baйрaмлaриni nishonlash davrida qo‘shimcha va ko‘chirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddatga belgilanadi;

ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo‘lmagan “oilaviy sayohat ta’tili” tizimi joriy qilinadi. Bunda, “oilaviy sayohat ta’tili” yillik asosiy ta’til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi;

2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi. Bunda, turistik (mehmonxona) yig‘im ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

xorijiy aviakompaniyalarning Indoneziya, Bangladesh va Malayziya mamlakatlaridan xorijiy turistlarning O‘zbekiston Respublikasiga sayohatlarini tashkil etishga qaratilgan hamda “Umra+” dasturi doirasidagi O‘zbekiston Respublikasiga aviaparvozlari, qo‘nish va uchish xavfsizligi qoidalaridan tashqari, to‘sqinliksiz amalga oshiriladi;

respublikaning turizm namoyishi ob’ektlarini keng targ‘ib qilish, fuqarolarni boy tabiiy, madaniy va tarixiy meros ob’ektlari bilan tanishtirish hamda ichki turizmni ommalashtirishga qaratilgan (tijorat maqsadlarni ko‘zlamagan) axborot ma’naviyat va ma’rifat masalalariga doir axborotga tenglashtiriladi.

6. 2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasishu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilansin.

7. Transport-logistika masalalarini tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Komissiyaga quyidagi vakolatlar berilsin:

xorijiy va mahalliy aviakompaniyalarning turizm va investitsiya yo‘nalishlarida aviaparvozlarni tashkil etish hamda faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan nizolarni muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan tezkorlik bilan hal etish;

aviaparvozlarga ruxsat olish tizimini soddalashtirish, loukosterlarni jalb etish, parvozlar geografiyasini “bog‘lash” prinsipi orqali kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi muammoli masalalarni tezkor ko‘rib chiqish va ularni hal etish;

“Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yo‘nalishlar ochish bo‘yicha xorijiy kompaniyalarni jalb etish,
ularning loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish;

aeroportlarda quruqlikda xizmat ko‘rsatish (ground handling) sohasini takomillashtirish, belgilangan narxlarni qayta ko‘rib chiqish va maqbullashtirish orqali investitsiyalarni jalb qilish;

hududlararo yo‘nalishli avtotransport qatnovlarini kengaytirish, yangi qatnovlarni tashkil etish, shuningdek, ushbu sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal qilish choralarini ko‘rish;

temir yo‘l transporti, shu jumladan temir yo‘l vagonlari
va konteynerlar orqali tashish tizimiga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish tartibini takomillashtirish, bu yo‘nalishdagi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish.

8. Belgilansinki:

har yili 1 iyulga qadar Qo‘mita tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxatga asosan turizm namoyishi ob’ektlariga olib boradigan yo‘llar qurish va ta’mirlash uchun maqsadli davlat dasturlariga kiritiladi;

2021 yil 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar
va joylashtirish vositalariga nisbatan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi.

9. Qo‘mita, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi
ikki oy muddatda turizm ob’ektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan teng ulushlarda ajratishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida byudjetdan tashqari Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish va unga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, istisno tariqasida, 200 milliard so‘m ajratish va ushbu mablag‘lar yo‘naltiriladigan maqsadlar nazarda tutilsin.

10. Qo‘mita raisining amaldagi o‘rinbosarlari soni doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimi joriy etilsin.

Qo‘mita tashkiliy tuzilmasida 2021 yilda rejali qisqartirilishi kutilayotgan shtat birliklari hisobidan 9 ta shtat birligidan iborat Ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti tashkil etilsin.

11. Belgilansinki, 2021 yil 1 martdan boshlab Tashqi ishlar vazirligining mas’ul shaxslari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlagan taqdirda, ularga Qo‘mita taklifiga muvofiq mukofot to‘lanadi, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.

12. Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

bir oy muddatda ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilishga oid 2021 yil bo‘yicha asosiy prognoz ko‘rsatkichlarini hamda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqlasin;

har oy yakuni bo‘yicha tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari Transport vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur Farmonga 1 va 3-ilovalardagi ob’ektlarga olib boruvchi yo‘nalishli avtotransport qatnovi tizimi yo‘lga qo‘yilishini, shuningdek, hududdagi aholining boshqa hududga sayohat qilishi uchun transport qatnovlari tashkil qilinishini ta’minlasin.

13. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ziyorat turizmi yo‘nalishida to‘g‘ri targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish va ziyorat ob’ektlari haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida, Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi va uning faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.

14. Qo‘mita, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiToshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” (creative industry) magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

15. Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi 2021 yil 1 avgustga qadar qadimiy ipak qog‘ozi xomashyo zaxirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi 64 gektar yer maydonida tut plantatsiyasi va Samarqand ipak qog‘ozini ishlab chiqarish bo‘yicha “Ipakchilik shaharchasi” turistik majmuasini tashkil etishni ta’minlasin.

16. Qo‘mita O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Fanlar Akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda uch oy muddatda buyuk alloma va ulamolarimiz, ayniqsa, Imom Buxoriyning bebaho merosini keng ko‘lamda ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida, indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu, pushtu va boshqa xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yo‘ldosh telekanalini, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat olib borishini nazarda tutgan holda tashkil etish va uni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi va Qo‘mita bilan birgalikda ikki oy muddatda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamolarning qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasini, uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Samarqand viloyati hokimligi Qo‘mita, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Samarqand shahrida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros ob’ektlarini
aks ettiruvchi tematik хиёbонni yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19. Buxoro viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Buxoro shahrida islom dini tarixi va musulmon olamida mashhur bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi innovatsion muzeyni qurish va uni rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Quyidagilarga:

Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.A.Abduxakimov zimmasiga – ichki turizmni ommalashtirish va ziyorat turizmini rivojlantirish, Dastur doirasida vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan ishlarning o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatish;

tashqi ishlar vaziri A.A.Kamilov zimmasiga – xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini tizimli targ‘ib qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish choralarini muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari zimmasiga – ushbu Farmonga 3-ilovada belgilangan xorijiy mamlakatlarda ziyorat turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilish, ulardan respublikaga aviareyslarni tashkil qilishga har tomonlama ko‘maklashish;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.T.Axmedov zimmasiga – ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi ob’ektlaridagi mas’ul rahbar va xodimlarning xizmat va servis sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish;

transport vaziri vazifasini bajaruvchi I.R.Maxkamov zimmasiga – ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi ob’ektlariga yangi transport aloqalarini o‘rnatish, mahalliy va xalqaro aviareyslar geografiyasini kengaytirish va o‘z vaqtida tashkil qilish hamda “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yo‘nalishlar ochish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – ushbu Farmonga
1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi ob’ektlarida zarur infratuzilmani o‘z vaqtida barpo etish va ichki turizm oqimini tashkil qilishga oid 2021 yil bo‘yicha asosiy prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

21. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar va tematik ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.

22. Moliya vazirligi Qo‘mita bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning 3-bandida belgilangan soliq imtiyozlari muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
12 sentyabrdagi “Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash to‘g‘risida”gi PF–5819-son Farmoni 2021 yil 1 martdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

26. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti              Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 9 fevral

  • Ko'rildi
    1295
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+