Prezident: Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko‘paytirish va suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak

25.02.2021, 10:29

Prezident: Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko‘paytirish va suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-fevral kuni qishloq va suv xo‘jaligi sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi – mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ish o‘rinlari va aholi daromadini ko‘paytirishda katta manbalardan biri hisoblanadi. Shu bois sohaga doir ko‘plab hujjatlar qabul qilinib, zarur sharoitlar yaratib berildi. Bog‘dorchilik, uzumchilik, meva-sabzavotchilik, sholichilik, chorvachilikni rivojlantirish, suvni tejash, agrokorxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.

Ekinlarni oqilona joylashtirish va ilm bilan yetishtirish orqali bu yil har bir gektardan olinadigan daromadni 5 ming dollarga yetkazish maqsadi belgilangan.

– Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko‘paytirish va suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Buning uchun ekinlarni har bir tumanning o‘ziga xosligi, mahallalarda tarixan shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari, suv ta’minotidan kelib chiqib joylashtirish zarurligi qayd etildi. Misol uchun, Mirzaobod tumanidagi ayrim maydonlarda paxta hosildorligi 12 sentnerni tashkil qilmoqda. Lekin, u yerdagi mahallalarning ixtisoslashuvi o‘rganilganda, anor yetishtirish imkoniyati va qayta ishlash korxonasi borligi aniqlangan.

Xuddi shuningdek, Forish va Ellikqal’a tumanlarida vinobop uzum navlarini o‘stirish mumkin. Buloqboshi tumanida sarimsoqpiyozdan yaxshi daromad olish, xonadonlarga imtiyozli kredit berish orqali yiliga 1 ming tonna eksportbop uzum yetishtirish imkoniyati bor.

– Joriy yil 1-martdan boshlab, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida bog‘, tok va issiqxona uchun aholiga ajratiladigan kreditlar muddati 3 yildan 7 yilgacha, imtiyozli davri esa 1 yildan 3 yilgacha uzaytiriladi. Bu – odamlarning istagi, o‘zgarishlar uchun imkoniyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Lalmi va yaylov yerlarni foydalanishga kiritish, bu orqali doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratish muhimligi ta’kidlandi. 

Ma’lumki, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarga muvofiq, ishsiz fuqarolarga 10 sotixdan 50 sotixgacha yer berilmoqda. Mutasaddilarga ushbu yerlarni aholiga yaqin joydan ajratib, urug‘, o‘g‘it va texnika ta’minotida ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, joriy yilda qishloq xo‘jaligi korxonalarini 702 ming tonna urug‘ va 105 million tup ko‘chat bilan ta’minlash zarur.

Lekin, bu borada tizim yo‘lga qo‘yilmagani aholiga ham, eksportchilarga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda. Navlarning sifati, mahsulotlarning yetilish muddati tashqi bozorlarda yetakchi o‘rinlarga chiqish imkonini bermayapti.

 Shu bois, endi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti hamda uning ilmiy-tajriba stansiyalarida davlat-xususiy sheriklik asosida yuqori hosilli, eksportbop meva va uzum ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos intensiv ko‘chatchilik xo‘jaliklari tashkil etiladi. Mahalliy urug‘chilik xo‘jaliklaridan urug‘ va ko‘chat sotib olinganda, bunga ketgan mablag‘ning 20 foizigacha qismi to‘lab beriladi.

Shuningdek, muqobil energiyada ishlaydigan limonchilik issiqxonalari qurish xarajatlarining ham bir qismini qoplab berish tartibi joriy qilinadi.

Yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlari samaradorligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

– Klaster – izlanish, innovatsiya, degani. Agar klasterlar ertangi kunni tasavvur qilib ishlasa, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni bozorga olib chiqib, raqobatbardosh bo‘lishi mumkin. Dunyo tajribasini o‘rganib, mahsulotni ko‘paytirib, tannarxni kamaytirish kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari har doim vazifa qo‘yar ekan, avvalo, uning mablag‘ini hal etib beradi. Agrar tarmoqni barqaror moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun bu yil Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga 24 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bunda, birinchi marta, sabzavot yetishtirishga Markaziy bankning asosiy stavkasida kreditlar berish uchun 300 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, boshoqli don va paxta yetishtirish, paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalariga 19 oygacha kreditlar berish uchun ham qo‘shimcha mablag‘lar talab etiladi.

Shu maqsadda, bugun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi faoliyati hamda ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Yig‘ilishda ushbu qaror mazmun-mohiyati, ijrosi haqida so‘z bordi.

Davlatimiz rahbari sohada ilm-fan va axborot texnologiyalarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.  Poliz va sabzavotchilikni rivojlantirishda AQSh, meva yetishtirishda Buyuk Britaniya, donchilikda Avstriya, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha Niderlandiya, o‘simliklar oziqlanishi va xujayra biologiyasi bo‘yicha Germaniya tajribasini o‘rganish, ekspertlarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va alohida tuzilma tashkil etilmoqda. Ushbu tuzilmaga yil yakuniga qadar 3 million gektar sug‘oriladigan yerlar monitoringi, tuproq tarkibi va ekinlar haqidagi ma’lumotlarni mujassam etgan axborot tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu maqsadlarga xalqaro moliya tashkilotlarining 10 million dollari yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida Agroxizmatlar markazini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Videoselektor yig‘ilishida suvdan tejab foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.

Joriy yil sug‘orish mavsumida suv ta’minoti me’yorga nisbatan 25 foiz kam bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois suv isrofiga umuman yo‘l qo‘ymaslik hayotiy zarurat.

Xususan, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish mumkin.

Bu, o‘z navbatida, shunday texnologiya va uskunlarga talabni oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tomchilatib sug‘orish tizimlari va quvurlar ishlab chiqarish uchun joriy yil fevral-aprel oylarida 35-40 ming tonna polietilen zarur. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan polietilen va polipropilen uchun import boji 1-oktabrgacha bekor qilingani aytildi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga 3 mingdan ziyod nasoslarni ta’mirlash va yangilash, nasos stansiyalarida elektr energiyasi va suv sarfini “onlayn” monitoring qilish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi. 

Bu yil 1-iyuldan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘idan qarzdorligi bo‘lmagan chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik va baliqchilik xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsuloti uchun byudjetdan subsidiya ajratilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, chorvachilik korxonalariga xomashyo va texnologiyalarni import qilishda bir qator yengilliklar beriladi. Baliq va parranda yetishtirishdagi nobudgarchilikni sug‘urtalash tartibi ishlab chiqiladi.

Chorvachilikda ozuqa-yem masalasi dolzarb. Shu bois yangi o‘zlashtiriladigan yerlar chorva komplekslari uchun taqsimlab berilishi, 28 ming gektar lalmi va yaylovlarda hamda 173 ming gektar asosiy ekindan bo‘shagan maydonlarda omuxta-yem yetishtirilishi belgilandi.

Mazkur yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari rahbarlari axborot berdi.

  • Ko'rildi
    107
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+